Jamiyat | 14:15 / 09.01.2018
10150
7 daqiqa o‘qiladi

Xalqimiz hayotbaxsh yangilanishlardan mamnun - «Ijtimoiy fikr»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida 2017 yilga baho berar ekan, xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘ldi, deb aytishga to‘la haqli ekanimizni alohida ta'kidladi.

Darhaqiqat, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi Harakatlar strategiyasidagi ustuvor maqsad hamda vazifalarni ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi. Avvalo, davlat organlari faoliyatida tub burilish kuzatildi. Bunda «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oya asosiy mezonga aylangan.

Fuqarolarimizning ayni masala yuzasidan fikr-mulohazalari, xulosalari qanday?

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mingdan ziyod respondentlar o‘rtasida o‘tkazgan galdagi tadqiqotda ushbu savolga javob izlandi.

Monitoring ko‘rsatishicha, xalqimizning davlat boshqaruvi va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatiga bergan bahosida ijobiy tendensiya kuzatildi. Xususan, 2017 yilning birinchi choragida respondentlarning 47,1 foizi davlat idoralari ishidan qoniqish hosil qilgan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakka kelib mazkur ko‘rsatkich 52,3 foizni tashkil etdi.

Aholining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatidan fuqarolar qoniqishining eng yuqori darajasi Surxondaryo (86,7 foiz), Namangan (75,6 foiz) va Sirdaryo (75 foiz) viloyatlarida aniqlandi. Farg‘ona va Jizzax viloyatlari aholisining bu borada bergan bahosi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadan past bo‘ldi.

Tadqiqot jarayonida fuqarolar joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatiga doir axborotning ochiqlik darajasini ham belgiladilar. Har ikkinchi respondent ayni jabhadagi axborot ochiq va ulardan foydalanish mumkin, deb hisoblaydi. To‘rt chorak mobaynidagi so‘rovlar monitoringi bu ko‘rsatkich 10,5 foizga o‘sganini tasdiqladi. Shuning barobarida, har uchinchi respondent davlat idoralari faoliyati haqidagi axborot hammaga ham ochiq emasligini va ulardan barcha birdek foydalana olmasligini ta'kidlaydi.

So‘rovda 81,4 foiz fuqaro mamlakatda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berishda samarali choralar ko‘rilmoqda, deb hisoblaydi. So‘rovnoma ishtirokchilarining 80,6 foizi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, xavfsizligi yuqori darajada ta'minlanganiga urg‘u berdi.

So‘ralganlarning 78,5 foizi pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarning o‘z vaqtida to‘lanishidan qoniqmoqda. 75 foiz respondentning fikricha, ular yashayotgan hududda tadbirkorlik hamda fermerlik faoliyati uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. 72,7 foizi esa yolg‘iz va keksalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy hamda tibbiy yordamni tashkil qilish sa'y-harakatlarini ijobiy baholaydi.

Aholi tomonidan birlamchi tibbiy muassasalarning o‘z vaqtida hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni ta'minlashida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergani, shuningdek, yo‘lovchi transporti ishi va elektr quvvati, gaz, yoqilg‘i ta'minoti yaxshilangani qayd etildi.

Tadqiqot asnosida yashash joyi, yoshi hamda ijtimoiy holatidan qat'i nazar, aholining aksariyat qismini o‘ylantirayotgan o‘tkir muammolar ham nazardan chetda qolmadi. Tahlillardan ayon bo‘lishicha, bandlik masalasi hamon dolzarb bo‘lib turibdi. O‘tgan yilning birinchi choragida fuqarolarning 38,3 foizi ishga joylashish o‘zi uchun hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini aytgan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda so‘ralganlarning 29,1 foizi bu muammoning o‘tkirligini ko‘rsatdi. Yurtdoshlarimizning fikricha, munosib ish haqi to‘lanadigan yaxshi, barqaror ishni topish ancha murakkab va mehnat bozoridagi taklif talabga nisbatan ancha kamdir.

Monitoring aholini yoqilg‘i (gaz, ko‘mir yoki o‘tin) bilan ta'minlash sohasidagi amaliy ishlar o‘z natijasini bera boshlaganini ko‘rsatdi. Ayni chog‘da toza ichimlik suvining yo‘qligi yoki yetishmovchiligiga duch kelayotgan fuqarolar foizi kamaydi (birinchi chorakda bu 20,9 foizni tashkil etgani holda yil oxiriga kelib 17,7 foizga tushdi). Buxoro, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari aholisining yarmidan ko‘pi sifatli ichimlik suvi o‘z vaqtida va uzluksiz berilmayotganini ko‘rsatib o‘tdilar.

Ma'lumki, bugun yurtimizda bunyodkorlik ishlari tobora jadal tus olayotgani aholining turarjoy ta'minotida salmoqli ko‘rsatkichlarga erishishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu o‘tkazilgan so‘rovda ham yaqqol aks etdi. Jumladan, so‘ralganlar orasida uy-joyga muhtojlar 21,9 foizdan 17,2 foizga kamaydi. Davr talablariga mos ravishda sifatli ta'lim olish va oliy o‘quv yurtida o‘qish haqini to‘lash, malakali tibbiy xizmat hamda dori-darmon sotib olish, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash fuqarolarning ayrim toifalari uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘dirayotgani ham haqiqat.

Shaxsiy turarjoylar uchun ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati hamda barqarorligi bilan bog‘liq savolga esa 55,6 foiz respondent markazlashgan isitish tizimi xizmatidan muntazam foydalanish imkoniyatiga ega emasligini bildirdi. Ahamiyatlisi, ko‘pchilik (80,9 foiz)ning fikricha, shaharlarda ham, qishloqlarda ham aholiga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha vaziyat yaxshilandi.

Olib borilgan monitoring yurtimizning ayrim hududlarida kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini zamonaviy talab va me'yorlarga mos yanada modernizatsiyalash hamda takomillashtirish ayni zarurat ekanidan dalolat beradi.

Umuman olganda, fuqarolarimizning davlat idoralari faoliyatidan qoniqish hissining ortib borayotgani Harakatlar strategiyasi doirasida zamonaviy innovatsion taraqqiyot tendensiyalarini hisobga olgan holda, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish maqsadlariga yo‘naltirilgan islohotlarning nechog‘li hayotbaxshligini isbotlaydi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ma'lumotlari asosida F.MAHKAMOVA tayyorladi.

Mavzuga oid