XXR bosh vaziri o‘zbek olimiga «Xitoyning Nobel mukofoti»ni topshirdi
Pekinda Xitoy Xalq Respublikasining ilm-fan va texnika jabhasidagi davlat mukofotlari hamda «Ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlik – 2017» nufuzli mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Jahon» AA xabar bermoqda.
Mukofot sohiblarini taqdirlash marosimida XXR Raisi Si Tszinpin, Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Siyosiy byuro a'zolari, bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.
7 nafar xorijlik olim xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotining laureatlari bo‘lishdi. Ular orasidagi o‘zbek olimi, bioximik, akademik Shavkat Solihovga ushbu davlat mukofotini XXR Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan topshirdi.
O‘zbek akademigi bilan birga amerikalik Edvard Palmer (fizik, Luiziana shtati universiteti professori), Chjan Shuchen (Stenford universiteti nazariy fizika professori), Shi Yan (Harvard universiteti professori), Tomas Spanos (Rays universiteti professori), britaniyalik olim Filip Koates, shvetsiyalik tadqiqotchi Chen Delyan singari taniqli mutaxassislar ham ushbu mukofotga sazovor bo‘ldilar.
Ushbu mukofot 1995 yilda ta'sis etilgan bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan 108 nafar olim hamda ikkita xalqaro tashkilot uning sohiblari ro‘yxatidan joy olgan. Uni norasmiy ravishda «Xitoyning Nobel mukofoti», deb ham atashadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, oqsil kimyosi, toksinlar va biotexnologiyalar kimyosi sohasidagi mashhur olim Shavkat Solihov 2017 yil noyabrida Xitoy Fanlar akademiyasi a'zoligiga saylangan. U O‘zbekistondan saylangan birinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan saylangan (rossiyalik olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jores Alferovdan keyin) ikkinchi olimdir.
Mavzuga oid
15:03 / 10.12.2024
Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi
15:02 / 10.12.2024
Olimlar ekologik toza quyosh batareyalarini ishlab chiqarish usulini topdi
20:48 / 09.12.2024
Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin birinchi marta Si Jinping bilan suhbatlashdi
19:56 / 11.11.2024