Sport | 18:40 / 22.01.2018
20442
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FF endi ispancha tizimda ishlaydi

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Ispaniya futbol federatsiyasida tashkilot texnik direktori Fernando Yyerro va Murabbiylar tayyorlash Qo‘mitasi direktori Eduardo Katurla bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston Futbol federatsiyasi va Ispaniya futbol federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: The UFF.com

Kelishuvga ko‘ra endilikda O‘zbekistonning 16 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalari Ispaniyadagi ochiq chempionatlarda ishtirok etadi. Shuningdek, Superliga klublari vakillari Ispaniyaning «Real» Madrid, «Barselona» kabi kuchli jamoalariga safar uyushtirib, bu klublarning ish olib borish tizimi, infratuzilmasi, mashg‘ulotlar olib borish jarayonlari bilan yaqindan tanishadi.

Ispaniya FFning faoliyatini yaqindan o‘rganish maqsadida shu yilning mart oyida O‘zbekiston futbol federatsiyasi delegatsiyasini Ispaniyaga yuborish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.  Shuningdek, Ispaniya FFdan ham delegatsiya yurtimizga tashrif buyuradi. Ular tomonidan ajratilgan Texnik direktor yurtimizda bo‘lib, o‘zbek futbolini rivojlantirishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

«Endilikda O‘FF ham xuddi Ispaniya futbol federatsiyasi strukurasidan namuna olib, uni O‘zbekiston sharoitiga, mentalitetiga moslashtirib olgan holda ishlaydi. O‘FF aynan shu tizimga tushib olishi uchun ispaniyalik mutaxassis ham jalb etiladi va u ma'lum muddat O‘zbekistonda faoliyat olib boradi va O‘FF tizimini yaratib olishimizda bizga ko‘maklashadi. Hattoki, O‘FFdagi shtat birliklarini ham Ispaniya FFdagi bilan bir xil asosda tashkil etish rejalashtirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston futboli endi xuddi Ispaniyadagi tizim bo‘yicha ishlaydi. Klublar va terma jamoalar, murabbiylarni tayyorlash va bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha aynan Ispaniyada qo‘llab kelinayotgan tajribadan foydalanamiz. Bu borada IFF bilan kelishuvga erishdik», degan Ahmadjonov.

Bugun Umid Ahmadjonov «Real Madrid» akademiyasi prezidenti Xulio Ronko bilan ham uchrashishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid