O‘zbekiston | 12:35 / 29.01.2018
107730
4 daqiqa o‘qiladi

Tatyana Karimova Islom Karimov bilan qanday tanishganini so‘zlab berdi 

Foto: Facebook/IslamKarimovFoundation

Islom Karimov fondining Facebook’dagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan suhbat e'lon qilindi. Unda Tatyana Karimova Islom Karimov bilan qanday tanishgani haqida aytib berdi.

“Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970 yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o‘qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G‘aniyevichning uyida bo‘lgan. Ibod G‘aniyevichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar. 

Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O‘shanda opam yo‘ldan kelgan mehmon qo‘lini yuvishi uchun ko‘zadan suv quyib berishimni so‘radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik. 

Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so‘rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham qila olmaganim rost. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekanlar.

Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?” deb so‘radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak “ha” deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat'iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak... Men “ha” deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv...

Islom Abdug‘aniyevich aprelda ota-onamdan qo‘limni so‘ragani Quvasoyga bordilar. To‘yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tdi”.

Mavzuga oid