Light | 00:14 / 10.02.2018
35163
7 daqiqa o‘qiladi

Eng mashhur avtomobil brendlarining shtab-kvartiralari bilan tanishing (fotojamlanma)

Bu yerlarda milliardlab dollarlarga baholanuvchi qarorlar qabul qilinadi. Bu yerlarda mashinalarni robotlarga aylantirayotgan daholar o‘tiradi. Tanishing — avtomobil konsernlarining eng ajoyib 16 shtab -kvartirasi.

Mazda

Yaponiyaning eng yirik avtomobil kompaniyalaridan birining bosh idorasi Xirosima yaqinidagi kichik Futyu qishlog‘ida joylashgan. Bu eng eski ofislardan biridir, biroq yaqinda kompaniya Avstraliyada o‘zining katta vakolatxonasini ochdi, u yerda hatto brend  avtomobillarining uncha katta bo‘lmagan ekspozitsiyasi ham bor.

Mitsubishi Motors

Mitsubishi kompaniyasining ofisi ancha kamtarona ko‘rinish olgan, u Tokiodagi Minato nomli maxsus tumanda joylashgan. Uning yaqinida raqibi Honda'ning bosh ofisi qad ko‘targan. Mitsubishi yaqinda Renault-Nissan konsernining ahil oilasiga qo‘shildi, biroq bu bosh ofisning joylashuviga ta'sir qilmasa kerak.

Nissan

Nissan shtab-kvartirasi ham Mitsubishi shtab-kvartirasi kabi maxsus tumanda joylashgan. Faqat uning nomi Nisi va u Yokagama hadudiga kiradi. Bu Nissan kompaniyasining vatanidir. Yokagamadagi Nissan zavodi 1935 yilda qurilgan, biroq u ko‘proq avtomobilsozlik emas, samolyot qurilishiga e'tibor qaratgan. Kompaniyaning yangi shtab-kvartirasi 2009 yilda qad ko‘targan. Inshootning umumiy maydoni 92 ming kvadrat metrdan oshadi. Bino 22 qavatli.

Volkswagen

Volsburg shahri aslida Volkswagen sharofati bilan paydo bo‘lgan. Kontsern faoliyati bilan bog‘liq barcha ishlar shu yerda amalga oshiriladi. Volsburgda zavod va shtab-kvartiradan tashqari, kompaniya muzeyi va konsernga mansub barcha brendlarning ko‘rgazma pavilonlari, shuningdek maxsus dilerlik markazi mavjud.

Lada

Volsburgdagi kabi Tolyatti shahrining yuragi ham avtozavoddir. Korxona qurilishi bilan sobiq Stavropol aholisi ikki barobardan ortiqqa ko‘paygan. Uning fonida zavodni boshqaruvchi baland bino joylashgan - uni shartli ravishda shtab-kvartira deb ataymiz. O‘z vaqtida Kanada, Belgiya va boshqa mamlakatlarda Lada emblemalari bo‘lgan baland binolar - to‘laqonli xorijiy shtab-kvartiralar bo‘lgan.

Volvo

Volvo kompaniyasi ham o‘z "ildizlari"ni qadrlaydi - kompaniyaning yangilangan shtab-kvartirasi 90 yil avvalgidek Geteborgda joylashgan. Shuningdek bu yerda 1927 yilda ilk Volvo mashinasi chiqqan bino ham saqlanib qolgan. 2010 yildan buyon VolvoCars bo‘limi Xitoyning Geely kompaniyasiga tegishli, biroq bu shtab-kvartira joylashuviga hech qanday ta'sir qilgani yo‘q. Avtomobillar xavfsizligini yaxshilash va tadqiqotlar bo‘limi ham shu yerda joylashgan.

Fiat

Suratda ko‘rib turganingiz tarixga aylanib ulgurgan. Avval bu binoda Fiat'ning bosh shtab-kvartirasi joylashgan bo‘lgan - endi bu 2014 yilda tashkil qilingan  Fiat-Chrysler ittifoqining shtablaridan biridir. U korporatsiya rivoji va Fiat tijorat texnikasining Yevropa bo‘limi uchun javobgar. Uning orqasida esa Fiat Lingotto'ning sobiq  binosi joylashgan.

Chrysler

Yevropada Fiat Chrysler Automobiles (FCA) shtab-kvartirasi bo‘lsa, Amerikada ham bo‘lishi kerak - Michigandagi Chrysler kompleksi buning yaqqol dalilidir. Alyans Londonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, butun ittifoqning shtab-kvartirasi Amsterdamda joylashgan.

Ford

Ford hech qachon shtab-kvartiralar borasida yetishmovchilikni his qilmagan (Yevropa, Amerika, Avstraliyadagi shtab-kvartiralarning har biri alohida tarix), biroq asosiy shtab Dirborn (Michigan shtati)da joylashgan, kompaniyaning eng eski zavodi ham o‘sha yerda. Bino yonida Ford tadqiqot laborotoriyasi mavjud. Hammasi esa Henri Fordning shu yerlardan uy sotib olishidan boshlangan.

Bentley

Kompaniyaning Kryudagi shtab-kvartirasiga kiraverish shunday ko‘rinish olgan. Barcha avtomobillar shu yerning o‘zida yig‘iladi. Bentley sayyoramizning turli burchaklarida to‘qqiz yirik ofisga ega, ularning har birida mijozlar istagi o‘rganiladi.

Aston Martin

Aston Martin'ning Geydondagi shtab-kvartirasi XXI asr fortiga o‘xshaydi - kichik derazalar, qalin devorlar va suv havzalari. Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu bino sifati, vizual jihatdan oddiyligi va estetikasi bilan Aston Martin avtomobillari qadriyatlarini o‘zida jamlagan.

 

Mercedes-Benz

Ehtimol, shu o‘rinda Daimler binosini yodga olish o‘rinli bo‘lar, biroq Mercedes-Benz'ning Shtutgarddagi binosini qadrini tushirmay qo‘ya qolaylik, zero u me'morchilik jihatidan ancha salobatli. Bu kompaniya binosi ham zavod va muzey binosi yaqinida joylashgan. Shuningdek Gottlib Daymler stadioni ham yaqin orada joylashgan.

General Motors

Detroytdagi tushkun kayfiyatga qaramay, General Motors (GM) kompaniyasining shtab-kvartirasi Rennesans markazidagi joyini o‘zgartirmagan. Modern uslubidagi ajoyib bino 1977 yilda qurilgan va o‘shandan buyon GM uni tark etgani yo‘q. Bino endigina qad ko‘targan vaqtda shtatdagi eng baland inshoot hisoblangan. Tomdan Coach Insignia restorani joy olgan.

BMW

Aftidan dunyodagi eng mashhur shtab-kvartira bo‘lsa kerak - 1973 yilda ochilgan BMW-Vierzylinder 22 qavatdan iborat bo‘lgan. 101 metr balandlikka ega bino hanuz Myunxendagi eng baland binolardan biriligicha qolmoqda. U yerda mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Yorqin ko‘rinishga ega bu inshoot bir necha marta filmlarda namoyon bo‘lgan.

Pagani

Hozirda Pagani kompaniyasi yangi zavod va yangi shtab-kvartiraga ko‘chib o‘tgan, biroq biz bari nimadan boshlanganini unutmaymiz - qalin butalar bilan o‘ralgan kichik binodan. Uning xollida Goratsio Poganining ajoyib muzeyi hamda qulay do‘kon joylashgan. Umid qilamizki, kompaniya yangi joyda o‘zining eski an'anasiga sodiq qolgan - uning mohiyati shundan iboratki, agar siz bu yerga rasmiy tashrif bilan borsangiz, binoning yuqori qismida albatta o‘z bayrog‘ingizni ko‘rasiz.

Bugatti

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, Bugatti modellari suratga olinuvchi fondagi bino qaysi? Javob oddiy: bu - fransuz kompaniyasining Molsheym yaqinidagi shtab-kvartirasi. Bu yerga begonalarning kirishi qat'iyan man etiladi. Shtab-kvartira uchun bunday noan'anaviy tanlovning javobi ham oddiy - bu bino uzoq yillar Ettore Bugattining mehmonlar uyi sifatida xizmat qilgan.

Mavzuga oid