Jahon | 10:01 / 17.04.2018
27174
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Suriyaga hujum haqida: Raketalarimizning barchasi nishonga tekkan

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'lum qildiki, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan Suriyaga yo‘llangan raketalarning barchasi mo‘ljalga borib tekkan va birontasi ham urib tushirilmagan. Bu haqda CNN xabar tarqatgan.

«Biz yuzdan ortiq raketa uchirdik, ular bitta ham raketamizni urib tushira olishmadi», — degan Tramp.

U AQSh harbiylari unga «har bir raketa nishonga borib tekkani» haqida ma'lum qilishganini ta'kidlab o‘tgan.

Bundan oldinroq Rossiya Mudofaa vazirligi AQShning Suriyaga bergan zarbasidan haqiqiy maqsadini aytib o‘tgandi.

Shuningdek, Suriya havo hujumidan mudofaa tizimi G‘arb tomonidan yo‘llangan qanotli raketalarning 71tasini tutib qolgani haqida aytildi.

14 aprelga o‘tar kechasi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Sharqiy G‘utadagi Duma shahrida amalga oshirilgani taxmin qilingan kimyoviy hujumga javoban raketa zarbalarini berdi. Suriya hukumati kimyoviy hujum bo‘lganini inkor etmoqda, Rossiya bu borada Suriya pozitsiyasini qo‘llamoqda.

CNN telekanali Suriya hududidagi AQSh, Britaniya va Fransiyaning qo‘shma zarbalari natijasida vayron bo‘lgan obektlarning sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarini e'lon qildi.

Kadrlar Homs viloyatidagi ikkita va Damashq tashqarisidagi bitta obektga zarba berilishidan oldin va keyin olingan. Aniqlik kiritilishicha, raketalar Homs viloyatidagi kimyoviy qurol saqlanadigan omborxona va bunkerni hamda Damashqdagi Kimyoviy qurolni ishlab chiqish va tadqiq qilish markazini ko‘zlab uchirilgan.

Obekt raketa zarbasigacha. Foto: CNN
Obekt raketa zarbasidan keyin. Foto: CNN

 

Mavzuga oid