Sport | 17:40 / 15.05.2018
15147
19 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Urugvay

Foto: The Himalayan Times

Mustaqilligi: 28 avgust 1825 yil
Poytaxti: Montevideo
Boshqaruv shakli: Respublika
Rasmiy tili: Ispan
Aholisi: 3,4 million (130-o‘rin)
Valyuta: Peso

URUGVAY TeRMA JAMOASI.

Laqabi – «Moviy olimpiya yulduzlari»
Konfederatsiya – KONMeBOL (Janubiy Amerika)
Federatsiya – Urugvay futbol assotsiatsiyasi
Ikki karra jahon chempioni – 1930, 1950
15 karra Amerika kubogi sohibi –1916, 1917, 1920, 1923, 1924, 1926, 1942, 1956, 1959 (2), 1967, 1983, 1987, 1995, 2011
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Maksi Pereyra (124)
Eng ko‘p gol kiritgan – Luis Suares  (49)
Ilk o‘yin – 1901 yil. 16 may. Argentina - 2:3
Eng yirik g‘alaba – 1927 yil. 9 noyabr. Boliviya – 9:0
Eng yirik mag‘lubiyat – 1902 yil. 20 iyul. Argentina – 0:6

Mashhur dengiz sayyohi Magellan uzoqdan quruqlik belgisini ko‘rib qoladi va «Men tog‘ni ko‘ryapman», (ya'ni ispan tilida «Monte vide eu») deb qichqiradi. Aytishlaricha, xuddi shu ibora keyinchalik Urugvay poytaxti Montevideo atamasiga asos bo‘lib xizmat qilgan ekan.

Har qanday futbol ensiklopediyasini varaqlasangiz, ko‘zingiz qo‘yidagi ma'nodagi jumlalarga tushishi aniq – «Urugvay 20 asrning birinchi yarmida dunyoning eng kuchli jamoasi edi». E'tibor bering, kuchlilardan biri emas, eng kuchli deyilmoqda. Bunga asoslar yetarli.

Urugvayga futbol 19 asr oxirlarida, britaniyalik dengizchilar tomonidan, dengiz yo‘li orqali olib kelingan va albatta bu ajoyib o‘yin mahalliy aholiga juda yoqib qolgan. Har yerda futbol o‘ynay boshladilar, klublar paydo bo‘ldi, 1900 yilda esa milliy federatsiya tashkil etildi, 1 yil o‘tib milliy terma jamoa Argentinaga qarshi o‘yinda ilk bor maydonga tushdi. Umuman, Argentina terma jamoasi Urugvayning eng azaliy raqibi hisoblanadi, hatto jamoa ilk yuzta o‘rtoqlik o‘yinidan saksontasini aynan Maradona ajdodlariga qarshi o‘tkazgan.

Xullas, Urugvay futbolni tezda o‘zlashtirib oldi, 1916-24 yillar davomida besh marta Janubiy Amerikada tengsiz  topilgan bo‘lsa, Parijda o‘tgan Olimpiadada (u paytlarda deyarli jahon chempionati maqomida edi) urugvayliklar finalda Shveytsariyani 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Mehmonlarning takrorlanmas texnik futboliga maftun bo‘lgan yevropaliklar ularni «dunyoning sakkizinchi mo‘'jizasi» deb atadilar, ko‘rsatgan o‘yinlariga esa «afsonaviy» deb ta'rif berdilar.

To‘rt yil o‘tib keyingi olimpiadani ham yutgan Urugvay 1930 yilda o‘z mustaqilligining yuz yilligini bayramona nishonlashga bel bog‘ladi va FIFA ularning ilk jahon chempionatini qabul qilish haqidagi arizasini ijobiy hal qildi. Montevideoda hozirgacha «Uembli», «Marakana» kabi afsonaviy stadionlar bilan bir qatorda tilga olinadigan 80 ming o‘rindiqli «Sentario» qad ko‘tardi. Qizig‘i, ushbu o‘yingoh qurilishiga ketgan mablag‘ni xalq to‘plab bergandi.

Foto: Vikipedia

Demak, 1930 yilning 13-30 iyul kunlarida Urugvayda ilk mundial o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Jami 13 jamoa ishtirok etgan musobaqaga Yevropaning to‘rt jamoasi tashrif buyurdi (barchasi bitta kemada). Qattiq intizom siyosatini xush ko‘radigan Alberto Suppichi qo‘l ostida shug‘ullangan mezbonlar guruh bosqichida Peruni (1:0) va Ruminiyani (4:0) dog‘da qoldirdi, yarim finalda esa Yugoslaviya terma jamoasi tor-mor etildi – 6:1. Final Argentina terma jamoasiga qarshi kechdi va birinchi bo‘limda hisobda orqada borgan Urugvay ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashlari natijasida o‘zida kerakli kuch topa oldi va 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Italiya va Fransiyada o‘tkazilgan keyingi ikki jahon chempionatiga Urugvay bormadi. Bu harakatni ular ilk jahon chempionatiga ko‘plab kuchli Yevropa vakillarini kelmaganliklari uchun javob tariqasida izohladilar. Ikkinchi jahon urushi tufayli jahon futbolida kuzatilgan tanaffusdan keyingi mundial – Braziliya – 1950 da esa... U yerda qahramonlarimiz chinakamiga matonat ko‘rsatdilar.

Braziliyaga jamoa uslub jihatidan demokrat bo‘lgan va o‘yinchilarning ruhiy tarbiyasiga ko‘proq e'tibor qaratadigan Xuan Lopes murabbiyligida tashrif buyurdi. Uning yumshoq tabiatidan kelib chiqib, jamoada «Lopesito» deb atashardi. Ilk o‘yin Peruga qarshi kechdi va urugvayliklar 8:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘sha turnir biroz boshqacha formatda o‘tgan, ya'ni alohida final uchrashuvi tashkil qilinmasdan, final bosqichi to‘rt jamoa o‘rtasida davraviy tizimda bo‘lib o‘tgandi. Maydon egalari Shvetsiya va Ispaniya terma jamoalarini yirik hisobda tor-mor etadi. Urugvay esa bu raqiblar bilan ancha kamtarona natija ko‘rsatib, bir g‘alaba va bir durangga erishadi. So‘nggi o‘yin Braziliya va Urugvay o‘rtasida kechgan va hatto durang natija ham mezbonlarni jahon chempioniga aylantirardi.

Ammo hech kim durangni xayoliga keltirmasdi. «Marakana»ga tashrif buyurgan 200 ming muxlis (bu jahon chempionatlari tarixidagi rekorddir) faqat yirik g‘alaba haqida o‘ylar va dahshatli sur'atda sevimli futbolchilarini oldinga boshlardi. Bu sharoitda g‘alaba uchun o‘ynash mehmonlar – Urugvay terma jamoasiga qanchalik mushkul bo‘lganini tasavvur qilavering.

O‘sha afsonaviy o‘yin haqida alohida kitob yozsa arziydi. Balki Urugvayda yozilgandir ham. Ilk daqiqalardanoq maydon egalari Roke Maspoli darvozasi oldida tinimsiz hujum uyushtirdilar. Ammo Urugvayning butun tarixidagi eng zo‘r himoyachisi Obdulio Varela va o‘sha Andradening jiyani bo‘lmish Viktor boshchiligidagi himoya chizig‘i mardonavor o‘yin ko‘rsatdi. Baribir Braziliya gol urdi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida hisobni ochgan mezbonlar hisobni ushlab qolish uchun o‘ynay boshladi. Raqibning va tribunaning katta bosimiga qaramasdan urugvayliklar chinakamiga qahramonlik ko‘rsatdi. O‘sha davrning buyuk futbolchilaridan biri Alberto Skiaffino 65-daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, Alkides Xiggia 79-daqiqada g‘alaba to‘pini kiritdi. Urugvay – chempion! 200 ming kishilik sukunatni ko‘rganmisiz hech?

Foto: my-history.io.ua

Tashkilotchilar nima qilishni bilmay qoldilar. Hech qanaqa madhiyalar ham, nutqlar ham bo‘lmadi. FIFA prezidenti Jyul Rime g‘olib sardorning yelkasini bir qoqib qo‘ydi va tamom. Shu bilan futbol «bayrami» o‘z nihoyasiga yetdi. Urugvayda nimalar bo‘lganini esa bu yerda yozib tushuntirib berishga mahoratim yetmaydi.

Bu o‘yin haqida futbol qiroli Pele o‘zining «Mening hayotim va ajoyib o‘yin» nomli kitobida shunday yozadi:

«O‘sha kunni bolaligimning eng qora kuni sifatida eslayman. O‘yinni radio orqali eshitgandik. Braziliyaning g‘alabaga ishonchi komil edi.

- O‘yindan keyingi bayramga borsam maylimi? – deb so‘radim otamdan.

Yarim soat o‘tib esa... Braziliya yutqazdi. Men mana shu soatni, mana shu kunni hech qachon unuta olmasam kerak. Go‘yoki, Braziliya urushda yutqazgandek edi. Hamma g‘alati ahvolga tushib qolgan, men esa ko‘zimda yoshni to‘xtata olmasdim, uyqum ham kelmadi. Yig‘lagan bitta men emasdim. Hayotimda ilk marotaba yig‘layotgan katta kishilarni ko‘rgandim. O‘sha kuniyoq, men o‘zimning qaysi kasbni tanlashim kerakligini hal qilib bo‘lgandim. Men futbolchi bo‘lishni va bir kun kelib Urugvaydan qasd olishim kerakligini o‘zimga eng oliy maqsad qilib belgilab oldim. Men bunga qasam ichdim». 

Haqiqatdan ham oradan yigirma yil o‘tib, o‘z faoliyatining oxirgi yillarini o‘tkazayotgan, allaqachon qirol nomini qo‘lga kiritgan Pele o‘z qasamini ustidan chiqmoqda edi. Meksikada o‘tgan 1970 yildagi mundial yarim finalida ushbu ikki jamoa to‘qnash keldi va Braziliya 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, yigirma yillik g‘uborni chiqarib tashladi. Bungacha esa Urugvay yana bir bor yarim finalda o‘ynab ulgurgan edi. Bu 1954 yilda Germaniyada o‘tkazilgan navbatdagi jahon chempionatida kuzatildi.

O‘sha Lopes qo‘l ostidagi Urugvay 1954 yilgi jahon chempionatini ham muvaffaqiyatli boshladi. Chexoslavakiya (2:0), Angliya (4:2) va Shotlandiya (7:0) kabi Yevropa jamoalarini ortda qoldirgan qahramonlarimiz yarim finalda Vengriyaga qarshi saf tortdi. O‘shanda Vengriya dunyoning eng kuchlilaridan biri sanalardi va ko‘p mutaxassislar o‘sha uchrashuvni finaldan oldingi final sifatida baholagandi. Groshich, Kochish, Xidegkuti kabi afsonalari bilan maydonga tushgan vengrlar 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, final ishtirokchisiga aylandi.

Angliyadagi jahon chempionatida esa Urugvay chorak finalda GFR tomonidan yirik hisobda tor-mor etiladi. Meksikadagi chempionat Urugvay futboli uchun jahon miqyosidagi so‘nggi yutuq edi. Shundan so‘ng ham jamoa uch marta Janubiy Amerika kubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsada, jahon chempionatlarida omad yurishmadi. Urugvay 1986 va 1990 yillardagi mundiallarning final qismida qatnashdi, bu turnirlarda e'tiborli natijalar bo‘lmadi. 1986 yildagi guruh o‘yinida Daniyadan qabul qilingan sharmandali mag‘lubiyat (1:6) barchasidan o‘tib tushdi.

Terma jamoaning jahon chempionatlaridagi so‘nggi muvaffaqiyati 2010 yilgi Afrikada o‘tgan mundialga to‘g‘ri keladi. Diyego Forlan boshchiligidagi terma jamoa yarim finalgacha yetib borgandi. Ravshan Ermatov boshqargan o‘sha o‘yinda Niderlandiyaning qo‘li balandroq kelgandi.

Foto: Rusfan.ru

Urugvay futboli, umuman Urugvay jamoalari Janubiy Amerikacha uslubga yo‘g‘rilgan bo‘lsa-da, Argentina va Braziliyadan farq qiladigan bir nechta xususiyatlari bor. Asosiysi, Urugvay himoyadagi aniq harakatlari bilan va o‘ziga xos taktik uslubi bilan Yevropa jamoalarini eslatib yuboradi. Italiya-90 o‘yinlari guruh bosqichida Ispaniyaga to‘qnash kelinganda, rossiyalik taniqli sharhlovchi Vladimir Maslachenko shunday ta'rif ishlatgandi: «Maydonda Yevropaning eng lotin amerikacha va Lotin Amerikasining eng yevropacha jamoalari kuch sinashmoqda»

BUGUNGI URUGVAY

Foto: World Cup

Rostan ham Urugvay boshqa Lotin Amerikasi jamoalaridan biroz farq qiladi. Natijaga bo‘lgan e'tibor va taktik tomondan tartibli o‘ynash bilan qaysidir ma'noda o‘sha Maradona davridagi Argentinani eslatib yuboradi. Urugvayning himoya markazi Yevropadagi eng kuchli himoyaga ega bo‘lgan «Atletiko» futbolchilaridan tashkil topgani ham ko‘p narsadan darak beradi. 

Albatta, Urugvayda Maradona yo‘q, ammo aytish mumkinki, jahon futbolidagi eng kuchli hujum juftligi aynan ushbu jamoadadir. Luis Suares va Edison Kavani. Ikkovlon Yevropaning top-klublarida to‘p surishadi va so‘nggi mavsumda ham birgalikda olsak, 60dan ortiq gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Eng muhimi bu futolchilar terma jamoada bir-biriga xalaqit berishidan xavotir olishga hojat yo‘q. Kavani «PSJ»da Mbappe bilan, Suares «Barselona»da Messi bilan birgalikda o‘zini juda yaxshi tomondan ko‘rsatmoqda. Ya'ni, har ikki hujumchi kerakli paytda soyaga o‘tish, kerak bo‘lganda esa, to‘purarlik mahoratini namoyish qilish borasida yaxshi tajribaga ega.

Terma jamoa juda tajribali nomlardan tashkil topgan. Yuqorida tilga olingan futbolchilardan tashqari, himoyada Maksi Pereyra bor, «Portu» futbolchisi – 33 yoshda. U terma jamoa safida barcha davrlarda eng ko‘p maydonga tushgan o‘yinchi sanaladi va bu ko‘rsatkich Rossiyada yana oshishi aniq. Shuningdek, yarim himoyachi Kristian Rodriges, o‘z vaqtida Portugaliya, Ispaniya va Italiya chempionatlarida to‘p surgan, u ham 100dan ortiq o‘yinda Urugvay terma jamoasi libosini kiygan.

Umuman, zayavkada kamida 8 nafar 30dan oshgan futbolchi bo‘lishi kutilmoqda va ularning har biri hozir ham yaxshi sport formasida bo‘lib turgan futbolchilardir. Urugvay tarixidagi eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi qatori, tarixdagi eng ko‘p gol urgan bombardir ham bugungi tarkibda (Suares) ekani bugungi Urugvayning tajribasini ko‘rsatib turibdi.  

Saralash o‘yinlarida Urugvay faqat Braziliyadan ortda qolib, 2-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, yo‘llanma uchun kurash oxirgi turlargacha kechdi. Agar aytaylik, oxirgi 4 turdagi 8 ochko qo‘lga kiritilmaganda, jamoa beshlikdan chetda qolishi ham mumkin edi. O‘tkazilgan 18 o‘yindan faqat yarmida Urugvay g‘alaba qozondi xolos.

Boshqa tomondan, aslida bu juda yaxshi ko‘rsatkich, deyish ham mumkin. Lotin Amerikasi terma jamoalar saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lish bilan birga, o‘sib borayotganini ham e'tirof etish lozim. U yerda yaqqol autsayderlar qolmadi va har bir terma jamoada Yevropada taniqli bo‘lgan nomlarni uchratish mumkin. Qit'a chempioni Chilining mundialdan chetda qolgani, finalchi Argentina faqat so‘nggi turda masalani hal qilgani ham u yerda raqobat juda yuqoriligini ko‘rsatadi. Mana shunday talato‘pdan chiqib borgan nafaqat Urugvay, balki qit'aning boshqa terma jamoalari ham Rossiyada eng yuqori o‘rinlardan umid qilayotganliklari tabiiy hol.

QAHRAMON MURABBIY

Foto: Footboom.com

Bugungi Urugvay haqida gap borganda, murabbiy haqida yozmaslik imkonsiz. Terma jamoalar futboli Fergyusoni deymizmi, Vengerimi, u 12 yildan beri ushbu terma jamoani boshqarib kelmoqda.

2006 yilgi jahon chempionatidan quruq qolishgach, urugvayliklar bir paytlar (1988-90) terma jamoani muvaffaqiyatli boshqargan Oskar Tabares nomzodiga to‘xtalishdi. 4 yilda Urugvay juda katta qadam tashlab, JARda o‘tgan jahon chempionatida 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bir yil o‘tib esa, Amerika kubogida g‘alaba qozonildi. Bu natijalar bilan Tabares 2010-11 yillarda qatorasiga ikki yil Janubiy Amerikaning eng yaxshi murabbiyi, va hatto IFFHS uni 2011 yilda dunyoning eng yaxshi murabbiyi sifatida e'tirof etdi.

Tabaresning bugun ham Urugvayning boshqaruvida ekani chinakam qahramonlik. U Giyena-Barre sindromi bilan kasallangan. Asab tizimidagi uzilishlar tufayli, bu og‘ir kasallik avval oyoqlarni, keyin esa, qo‘llarni falajlantirishi mumkin. Shu bilan birga, yelka va boshqa mushaklarda qattiq og‘riqlar kuzatiladi. Shu holatda ham, Tabares o‘z sevimli ishidan voz kechmayapti. Agar kuzatgan bo‘lsangiz, 2016 yildagi Amerika kubogi bahslarida u avval hassada, keyin esa, nogironlar aravachasida o‘tirib, shogirdlariga ko‘rsatmalar berdi.

Futbol tarixida terma jamoani eng ko‘p o‘yinda maydonga olib tushgan murabbiy sifatida tarixda qoladigan Oskar Tabares o‘zining to‘rtinchi mundialida ham o‘z so‘zini aytishi kerak. 

E'TIBOR BeRISh KeRAK: Luis SUAReS

Foto: championat.com

Bu futbolchini alohida tanishtirish shart emas. Shunchaki, har mundialda bu futbolchi bilan bog‘liq qandaydir qiziq voqea sodir bo‘ladi va durdonaga aylanadi.

JCh-2010 chorak finalida Ganaga qarshi o‘yin hammaning esida bo‘lsa kerak. Qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalarida darvozaga kirib ketayotgan to‘pni Suares ochiqchasiga qo‘li bilan qaytargandi. Natijada, yaqqol gol penalti+qizil kartochka bilan almashgan, Gana futbolchisi Asamoa Gyan esa, penaltini golga aylantira olmagandi. O‘yindan keyingi penaltilar seriyasida Urugvay ustun kelgach, Suares qahramonga aylanadi.

2014 yildagi yana ham noodatiy qiliq Urugvayga pley-off yo‘llanmasini olib kelgan o‘yinda ro‘y berdi. Guruh bosqichining so‘nggi turida Italiyaga qarshi o‘ynaldi. Urugvayliklarni faqat g‘alaba qoniqtirar edi. Vaziyatlardan birida Suares raqib himoyachisi Kellinining yelkasidan tishlab oldi. Bu harakat hakam tomonidan e'tiborsiz qoldirildi va aksincha, Italiya yarim himoyachisi Markizio boshqa vaziyat uchun maydondan chetlatilgandi. Yakunda bir kishi ko‘p harakat qilgan Urugvay 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Suares esa, terma jamoa safida 9 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Shuningdek, 4 oy umuman futboldan chetlatildi.

«Barselona» yulduzi bu safar uchinchi marta jahon chempionatiga tashrif buyurmoqda. Endi nima qilarkin?

JCh-2018

Urugvay A guruhida Rossiya, Misr va Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi. Bir qarashda oddiy, lekin murakkab guruh. Chunki baribir mezbonlarga devorlar ham yordam beradi, Saloh boshchiligidagi Misr esa, har qanday jamoaga jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkin. Aynan Misrga qarshi o‘yin natijasi guruhdagi eng muhim o‘yinlardan biri bo‘lsa kerak.

Bu o‘yin 15 iyun kuni Yekaterinburgda bo‘lib o‘tadi. 2-turni urugvayliklar Rostovda arablarga qarshi o‘tkazishsa, eng oxirgi o‘yin Samarada, 25 iyun kuni mezbonlarga qarshi kechadi

Agar Urugvay guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlasa, bizni 1/8 finaldayoq qiziqarli juftlik kutib turishi mumkin. Zero bu guruh g‘oliblari Ispaniya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘ynash ehtimoli yuqori. Ya'ni, Janubiy Amerikaning eng yevropacha jamoasi Yevropaning «amerikacha» vakillariga qarshi yana bir bor maydonga tushadi. 

Qahramon ASLANOV

Mavzuga oid