Light | 21:44 / 24.05.2018
35469
5 daqiqa o‘qiladi

Taomga tiqilib qolsangizu yoningizda hech kim bo‘lmasa, nima qilish kerak?

Bu oddiy xatti-harakatlar bir kun kelib sizning hayotingizni qutqarishi mumkin.

Taomga tiqilib qolishdan hech kim sug‘urtalanmagan. Agar shunday payt yon-atrofingizda biror kimsa bo‘lmasa, bu fojia bilan tugashi mumkin. Shu bois inson bunday paytlarda o‘ziga o‘zi yordam ko‘rsata bilishi muhim.

Asosiysi — vahima qilmaslik va nima qilish kerakligini aniq bilish.

Yuqori nafas yo‘llariga begona jismning tiqilishi qisman yoki to‘liq bo‘lishi mumkin.

Qisman tiqilish holatida jabrlanuvchi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, nafas olishi, yo‘talishi va gapirishi mumkin. To‘liq tiqilishda esa nafas olishning iloji bo‘lmaydi.

Taomga tiqilganda nima qilish kerak?

Eng avvalo tinchlanishga harakat qiling. Vahima diqqatni o‘zingizga yordam ko‘rsatishga jamlashga yo‘l qo‘ymaydi va vaziyatni murakkablashtirgani qoladi, xolos.

Imkon qadar intensivroq yo‘talishga harakat qiling: bu tabiat tomonidan o‘ylangan asosiy himoya mexanizmidir. Yo‘talni kuchaytirish uchun yarim bukilish mumkin. Bunday holatda qorin bo‘shlig‘i mushaklari yordam beradi.

Aslo yo‘talni bostirishga urinmang, bu vaziyatni faqat yomonlashtiradi.

"Agar yoningizda ko‘zgu bo‘lsa, undan foydalaning: og‘zingizni oching, tilingizni barmoqlaringiz bilan pastki jag‘ tomon bosib, uni yuqoriga va biroz oldinga torting. Bu ko‘zguda tiqilgan jismni ko‘rish imkonini beradi. Begona jismni ko‘rsangiz, barmoqlar harakati bilan uni joyidan siljitishga va keyin olib tashlashga harakat qiling".

Kseniya Vojdalova, DOC+ mobil klinikasi terapevti

Tomoqda tiqilgan narsani ikki barmoq bilan ushlashga urinmang. Bunday qilsangiz, uni yanada ichkariga itarib, bundan-da og‘ir ahvolga tushishingiz mumkin.

Nafasingiz siqayotgan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Bu holatda inson o‘ziga o‘zi yordam berishi uchun 1,5 daqiqa vaqtga ega. Shundan keyin aksariyat hushini yo‘qotadi.

1. Qattiq predmetdan foydalaning

u stulning suyanchig‘i, vannaning cheti kabilar bo‘lishi mumkin (g‘ildirakli predmetlarga suyanmang). Asosiysi — qulash imkoni bo‘lsin.

"Shunday yiqilingki, qorinning yuqori qismi tanlangan predmetingizning qattiq joyiga to‘g‘ri kelsin. Oyoqlaringizni bo‘sh qo‘yib, predmetga o‘zingizni keskin tashlang. Qorin bo‘shlig‘idagi bosim diafragma orqali o‘pkaga o‘tadi. Bu usul qutqaruvchilar tajribasida eng amaliy natija beradigani hisoblanadi".

 

Georgiy Budarkevich, «ProPomoshch» o‘quv markazining birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha instruktori

2. Geymlix usulini qo‘llang

Bir qo‘lingizda musht tuging. Uni bosh barmoq tomoni bilan kindikdan 2-3 santimetr yuqoriga qo‘ying. Mushtni boshqa qo‘lingiz bilan ushlang va o‘zingizga yuqoriga qarab besh marta kuchli bosimni amalga oshiring.

Kuch qo‘llashning noqulay nuqtasi va kislorod yetishmovchiligi natijasidagi ehtimoliy jismoniy zaiflik sabab bu usul uncha ishonchli hisoblanmaydi. Geymlix usulini yon-atrofdagi boshqa bir kishi qo‘llagani samaraliroq.

3. Polga qulash

Tizzada o‘tirib, qo‘llaringizni to‘g‘riga cho‘zing. Keyin qo‘llarni tezlik bilan yon tomonga olib, ko‘krak qafasi bilan polga uriling. Zarba o‘pkadagi bosimni oshirishi va begona jism nafas yo‘llaridan uchib chiqishi mumkin.

Bu usul ko‘proq nazariy hisoblanadi: urinib ko‘rish mumkin, lekin yordam berish yo bermasligi - noma'lum.

Taomga tiqilib qolmaslik uchun qanday ovqatlanish kerak?

  • Kam-kamdan tishlab, uzoqroq chaynang. Shunda taomga tiqilish xavfi ancha pasayadi;
  • Ovqatlanayotgan vaqtda gaplashmang. "Avval taom, bad az kalom" — juda foydali maqol;
  • Yoningizda doim ichimlik tursin: sharbat, sut, sovuq choy va h.k.;
  • Eng asosiysi - shoshilmang. Yurgan yo‘lingizda yeb yurmang: bu sizning chalg‘ishingizga va taomga tiqilishingizga olib kelishi mumkin. Shoshila boshlaganingizni sezsangiz, chuqur nafas olib, sekinroq sur'atda davom eting.

Mazali taomni shoshilmasdan yeyish - yoqimsiz holatlar oldini olishning yaxshi usuli.

Mavzuga oid