Jamiyat | 17:37 / 01.06.2018
20111
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr tarmoqlariga ulanish tartibini bilasizmi?

Foto: O‘zA

Jismoniy va yuridik shaxslarning (iste'molchilar) elektr tarmoqlariga ulanish, elektr energiyasidan foydalanishning texnik shartlarini ishlab chiqish hamda tijorat takliflari va shartnomalar loyihalarini taqdim etish masalalari Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti bilan tartibga solingan, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Qayd etilishicha, ushbu davlat xizmati uch bosqichda amalga oshiriladi:

• I bosqich – iste'molchi tomonidan xizmatdan foydalanish uchun ariza topshirish;
• II bosqich – arizani ko‘rib chiqish hamda elektr energiyasidan foydalanishning texnik shartlarini berish;
• III bosqich – tijorat takliflarini va shartnomalarini taqdim etish.

Iste'molchi elektr tarmoqlariga ulanish uchun ikki usuldan foydalanishi mumkin:

• bevosita Davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat etish;
• Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish.

Iste'molchi davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilganida xizmatdan foydalanish uchun elektron raqamli imzoga ega bo‘lishi shart.

Ushbu davlat xizmatini ko‘rsatish uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi (17 240 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Iste'molchilarda elektron raqamli imzoning mavjud emasligi yoki uni olishning rad etilganligi, so‘rovnomada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish qat'iyan taqiqlanadi.

Mavzuga oid