Sport | 01:12 / 01.06.2018
31942
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgdagi musobaqa finalida to‘rt nafar bokschimiz g‘alaba qozondi

Foto: MOQ

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha xalqaro «Gubernator kubogi» bo‘lib o‘tmoqda. Unda yetti nafar bokschimiz finalga yo‘llanma olgan edi.

O‘ta yengil vazn (46–49 kg) da hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatov rossiyalik Bator Sagaluyevga 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

56 kg vaznda finalda o‘zaro duch kelgan hamyurtlarimiz Shahobiddin Zoirov va Miraziz Mirzaxalilov jangida 5:0 hisobida Mirazizning qo‘li baland keldi.

60 kg vaznda final ringiga ko‘tarilgan Shunqor Abdurasulov Albert Batirgaziyev 5:0 hisobida yutqazdi.

75 kg vaznli bokschilar finalida Isroil Madrimov rossiyalik Gleb Baxshiga mutlaqo imkoniyat qoldirmadi — 5:0.

81 kg vaznda Bektemir Meliqo‘ziyev ham musobaqa g‘olibiga aylandi. U rossiyalik Georgiy Kushitashvili ustidan 3:2 hisobida ustun keldi.

O‘ta og‘ir vazn (+91 kg) toifasida ringga chiqqan Bahodir Jalolov rossiyalik Vladislav Muravinni ikkinchi raunddayoq nokautga uchratib, jangni muddatidan avval o‘z foydasiga hal qildi.

Turnir yakuniga ko‘ra 4 ta oltin, 5 ta kumush, 8 ta bronza medali bilan rossiyalik bokschilar birinchi, 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan o‘zbekistonlik bokschilar ikkinchi va 1 ta kumush, 2 ta bronza natijasi bilan qozog‘istonlik sportchilar uchinchi o‘rinni egallashdi.

Mavzuga oid