Sport | 18:43 / 07.06.2018
20549
15 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Misr

MISR TeRMA JAMOASI
Laqabi: «Firavnlar»
Konfederatsiya: AFK
Libos rangi: oq-qizil
FIFA reyting o‘rni: 45
Jamoa sardori: Essam Al-Xadari
Afrika chempioni: 7 marta (1957, 1959¸1986, 1998, 2006, 2008, 2010)
Terma jamoa tarixidagi eng ko‘p gol urgan: Xassam Xassan (70)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan Ahmad Hassan (184)
Eng yirik g‘alaba: Laos 15:0 (1963)
Eng yirik mag‘lubiyat: Italiya 3:11 (1928)

Tarixi

Misr o‘z tarixida atigi ikki marotaba jahon chempionatida qatnashgan. Tabiiyki, Afrika qit'asi deganda hamma ko‘proq, mundiallarda doimiy qatnashib kelgan Kamerun yoki Nigeriyani ko‘z oldiga keltiradi. Lekin o‘sha fir'avnlar singari, Misr futbolining tarixi ham ancha avvalgi davrlarga borib taqaladi. Bemalol aytish mumkinki, Misr boshqa ko‘pgina sohalar singari o‘z qit'asida birinchi bo‘lib futbol o‘ynagan.

O‘tgan asr boshlarida, to jahon chempionatlari u qadar ommaviylashmagan paytlarda Olimpiadadagi futbol musobaqalari ham juda katta nufuzga edi. FIFA tomonidan havaskorlar o‘rtasidagi jahon kubogi deb e'tirof etiladigan bu turnirda, 1928 yilda Misr terma jamoasi yarim finalgacha yetib borgandi. To‘g‘ri, bu o‘yin deyarli bir darvozaga bo‘lgan va Italiya terma jamoasi 11:3 hisobida g‘alaba qozongan. Ammo Misr o‘sha natijasi bilan ham tarixda qoldi – agar o‘sha turnirni ham jahon chempionatining «ajdodi» deb bilsak, haligacha hech bir Afrika jamoasi mundial yarim finaliga chiqa olmagan.

1934 yilgi jahon chempionatida ham Misr qatnashdi. Umuman mundialda qatnashgan ilk Afrika terma jamoasi ham Misr bo‘ldi. Birinchi raundda Vengriya terma jamoasiga qarshi o‘yin 2:4 hisobida yevropaliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Ikkinchi urinish esa, oradan yarim asrdan ko‘p vaqt o‘tib, Italiyada o‘tgan 1990 yildagi jahon chempionatiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda misrliklar guruhda qolib ketgan bo‘lishsada, yomon taassurot qoldirishmagandi. Juda kuchli guruhga tushib qolgan misrliklarga Yevropaning uch kuchli jamoasi – Niderlandiya, Angliya va Irlandiya raqib bo‘lgandi.

Foto: Livesport

Dastlabki o‘yinda Misr Yevropa chempioni niderlandiyaliklarga qarshi saf tortdi. Himoyada juda tartibli va yevropaliklarga xos pragmatik o‘yin ko‘rsatgan misrliklar turnir favoritlaridan biri bilan durangga imzo chekib, sensatsiya ko‘tarishgandi. Kiftning 2-bo‘lim boshlarida urgan goliga o‘yin tugashiga 7 daqiqa qolganda, Abdulg‘ani penaltidan javob bergandi. Misr ikkinchi turda ham durang o‘ynadi. Bu safar irlandlar afrikaliklar darvozasiga yo‘l topa bilmadi. Aslini olganda, o‘sh paytlar uchun Afrika jamoasining so‘nggi tur oldidan guruhdan chiqish imkonini saqlab turishi ham katta voqe'lik bo‘lsa-da, Kamerunning yorqinroq o‘yinlari va sensatsiyasi oldida Misrning natijalari biroz soya ostida qolgandek ko‘rindi xolos.

Ushbu guruhda 3-tur arafasida o‘yinlarning barchasi durang bilan yakunlangan va oxirgi o‘yinlardagi natijalar guruh g‘oliblarini aniqlab berardi. Qizig‘i, to‘rt jamoaning bir xil natija va ochko bilan teng bo‘lib qolish ehtimoli ham katta edi. Niderlandiya va Irlandiya narigi juftlikda 1:1 o‘ynashdi, Misr esa, Angliyaga kichik hisobda yutqazib qo‘ydi. Ian Raytning birgina goli o‘yin natijasini ham, guruh taqdirini ham hal qildi.

Shu shu Misrni biz katta maydonlarda ko‘rmadik. Misrning o‘tgan 28 yilda mundialsiz qolishini aslida mamlakatdagi futbolning pasayishi bilan bog‘lash ham qiyin. Sababi, misrliklar Afrikada yetakchilikni saqlab turishdi, mana shu o‘tgan davrda Misr to‘rt marta Afrika chempioniga (shundan 3 marta ketma-ket, bu ham Afrika uchun rekord natija) aylandi. Bu davrda hech qaysi jamoa buncha ko‘p g‘olib chiqmagan. Umuman Afrika kubogi tarixida ham Misrning g‘alabalari soni eng ko‘p – 7 marta. Ikkinchi pog‘onadagi Kamerun hisobida 5ta chempionlik bor xolos.

Saralash bosqichi

Nazvaniye

Misr Braziliyada o‘tgan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga ham juda yaqin bo‘lgandi. Yagona yo‘llanma uchun raqobatchi bo‘lgan Jazoir bilan Misrning barcha ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qoldi va omadli jamoa qo‘shimcha uchrashuvda aniqlanishi ko‘zda tutilgandi. Bu o‘yin 1:0 hisobida jazoirliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan.

Lekin bu safar avvalgi xatolar takrorlanmadi va Uganda, Kongo va Gana terma jamoalari bilan kurashilgan hal qiluvchi bosqichning dastlabki turlaridanoq misrliklar jiddiy maqsadlari borligini isbotladilar.

Misrning Kongoga qarshi o‘yinning 90+5 daqiqasida penaltidan gol urib, jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘lgani videosi butun internet bo‘ylab tarqalgandi. Ko‘pchilik o‘sha gol Misr taqdirini hal qilgan deb o‘ylasa-da, aslida unday emas. To‘g‘ri, aynan o‘sha Salohning g‘alaba goli Misrga yo‘llanmani naqd qildi, ammo agar o‘sha penalti noaniq bajarilib, o‘yin durang bilan yakunlangan taqdirda ham Misrda yana bir uchrashuv bor edi. Ya'ni, o‘sha gol tufayli Misr muddatidan oldin yo‘llanmaga ega bo‘lgandi xolos.

Murabbiy: Ektor Kuper

62 yoshli argentinalik murabbiyni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ayniqsa, uning 2000 yillardagi «Valensiya»si Yevropani zir titratgan, qatorasiga ikki marta Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga chiqqandi. Bu finallarni «Valensiya» «Real» va «Bavariya»ga boy bergan bo‘lsa-da, jamoaning kamtar byudjyeti va o‘rtacha tarkibi uchun bu natijaning o‘zi ham katta g‘alaba, tabiiyki, murabbiyning ulkan xizmati edi. O‘sha o‘rtamiyona futbolchilar aynan Kuper davridagi yorqin yillar tufayli futbol yulduzlariga aylanishdi. Ektor Kuper Ispaniyada  eng yaxshi murabbiy sifatida e'tirof etildi. Aynan o‘sha yillari poydevor qo‘yilgan tarkib esa, bir necha yil o‘tib, Rafa Benites boshchiligida Ispaniya chempioniga aylandi.

Kuperni keyin «Inter»ga taklif qilishdi. Aslida Kuper davrida nihoyat «Inter» Skudetto uchun kurashadigan darajaga qaytgan bo‘lsa-da, tan olish kerak, «Valensiya»dagi yorqin jamoa hosil bo‘lmadi. Massimo Moratti uni iste'foga chiqardi. Ektor Kuperni keyinchalik Yevropada ko‘proq «Malorka» murabbiyi sifatida ko‘rdik – Ispaniyaning kamtarona jamoasi Kuper boshchiligida yevrokuboklarga yo‘l olib, UYeFA kubogi finaligacha chiqib borgandi. Demak, Kuper uchun kamtarona tarkibga ega bo‘lgan tarkib bilan bir bosh baland sakrash qulayroq. Aytish mumkinki, Misrda ham undan xuddi shu vazifani kutishmoqda.

Kuper Misrga 2015 yilda keldi va terma jamoa birdaniga yangi o‘t olgan mashina singari harakatlana boshladi. Ushbu murabbiy qo‘l ostida Misr barqaror va ishonchli jamoaga aylandi, muxlislar murabbiyni yoqtirib qolishdi. Masalan, Kuper qo‘l ostida Misr 36 o‘yindan 9tasida mag‘lubiyatga uchradi. Top terma jamoalar uchun bu yomondir, ammo Misr kabi o‘rtamiyonalar uchun bu juda yaxshi natija. Bu mag‘lubiyatlarning aksariyati o‘rtoqlik o‘yinlarida bo‘lganini ham ta'kidlash kerak.

Hozirgi Misr

Nazvaniye

Ektor Kuper boshchiligidagi bugungi Misr ko‘proq himoyaviy va qarshi hujumlarga asoslangan futbol namoyish etmoqda va ko‘p jihati bilan o‘sha 2001 yildagi «Inter»ni eslatib yuboradi. Bu taktika o‘zini oqlashi mumkin, chunki Muhammad Saloh va Ramazon Subhi kabi tezkor futbolchilarga ega bo‘lgan jamoa raqiblari hujum qilayotganda ham himoyani unutmasliklari shart bo‘lib qoladi.

Tabiiyki, Misrning asosiy kuchi sifatida Muhammad Salohni yana bir bor eslash kerak. Bu inson butun Misr xalqini futbolga, sportga qiziqtirayotgani, shaxsiyati atrofida ijobiy muhitni yaratayotgani ham sir emas. Salohning soch turmagi Misrning faxriga aylangan, har bir misrlik bolakay unga o‘xshashni, ulg‘ayganda u kabi o‘ynashni orzu qilmoqda. Muhammad Saloh nomini misrliklar Ramzes, Kleopatra va Tutanxamon bilan bir qatorda tilga olayotganliklariga nima deysiz?

Foto: Business Insider

Sababi bor albatta, Saloh so‘nggi ikki yilda katta o‘sishga erishdi va ushbu mavsumda «Oltin to‘p»ning asosiy da'vogarlaridan biri hisoblanadi. Saralash o‘yinlarida ham aynan Saloh terma jamoani o‘z yelkasida ko‘tarib chiqdi. Kongo, Gana va Uganda bilan o‘yinlarning har birida Salohning gollari Misrga g‘alaba keltirdi.

Afsuski, YeChL finalidagi ko‘ngilsiz hodisa Misrning chempionatni biroz xavotir bilan kutib olayotganliklariga sabab bo‘ldi. Ramos bilan to‘qnashuvda Saloh yelkasidan jarohat oldi. Avvaliga futbolchining uch oyga, keyinroq esa, uch haftaga safdan chiqqanini ayta boshlashdi va katta ehtimol bilan u dastlabki turni o‘tkazib yuborishi taxmin qilinayotgandi. Ammo Saloh hozir tarkibda va uni dastlabki o‘yindayoq tayyor holga keltirishga qattiq harakat qilishmoqda. To‘g‘ri, so‘nggi tayyorgarlik bosqichida Salohning jamoadoshlari bilan birga bo‘lmagani baribir o‘z salbiy ta'sirini o‘tkazishi ham mumkin.

Aytish kerakki, Salohdan tashqari ham Misr tarkibida Yevropada taniqli bo‘lgan futbolchilarni uchratish mumkin. «Arsenal» yarim himoyachisi Muhammad El-Nenni, Ramazon Subhi («Stok Siti»), Ahmad Xassan («Braga»), Ahmad Xegazi («Vest Bromvich») va Ahmad Al Muhammadi («Aston Villa») kabi futbolchilar shular jumlasidandir.

Kuper uchun yana bir muammo sifatida jahon chempionatining Ramazon oyida boshlanishi tilga olinmoqda. Misrning Rossiyadagi ilk o‘yini shu oyga to‘g‘ri keladi va tarkibdagi bir qator futbolchilar ro‘za tutgan bo‘lishlari mumkin.

YaKUNIY TARKIB
Darvozabonlar:
1. Essam Al-Xadari («Al-Taavon», Saudiya Arabistoni), 23. Ahmad El-Shenavi, 16. Sherif Akrami (ikkisi – "Al-Ahli")
Himoyachilar: 7. Ahmad Fatxi ("Al-Ahli"), 3. Ahmad El-Muhammadi ("Aston Villa", Angliya), 13. Muhammad Abdul-Shafi («Al-Fateh», Saudiya Arabistoni), 6. Ahmad Xegazi,
2. Ali Gabr (ikkisi — «Vest Bromvich», Angliya), 4. Omar Gaber («Los-Andjyeles Gelaksi», AQSh), 20. Saad Samir, 12. Ayman Ashraf (ikkisi — «Al-Ahli»), 15. Mahmud Hamdi El-vensh («Zamalek»)
Yarim himoyachilar: 17. Muhammad El-Neni («Arsenal», Angliya), 19. Abdalla El-Said («KuPS», Finlyandiya), 18. Mahmud Fadlalla «Shikabala» («Al-Raed», Saudiya Arabistoni), 14. Ramazon Subhi («Stok Siti», Angliya), 8. Tariq Hamid («Zamalek»), 22. Amr Varda («Atromitos», Gretsiya), 5. Sem Morsi («Uigan», Angliya), 11. Mahmud Abdul-Moneym Qahrabo («Al-Ittihod», Saudiya Arabistoni), 21. Mahmud Trezege Hassan («Qosimposha», Turkiya)
Hujumchilar: 10. Muhammad Saloh («Liverpul», Angliya), 9. Marvan Muhsin («Al-Ahli»)

E'tibor berish kerak: Ramazon Subhi

Shu oyning oxirida 21 yoshga to‘ladigan yarim himoyachi «Al Ahli» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2014 yilgacha 8 yil ushbu klub akademiyasida tahsil olgan va o‘sha yili, 17 yoshda katta futbolda debyut qilgandi.

2016 yilda u «Stok Siti» nazariga tushdi va uning transfer summasi 5 million yevroni tashkil qildi. Yosh futbolchi so‘nggi ikki mavsumda yetarlicha o‘yinlarda Angliya futboli tempiga dosh berdi. Uning hisobida bir gol ham bor.

Terma jamoa safida esa, Subhi 2015 yilda debyut qilgan. Ancha tezkor va yaxshi texnikaga ega bo‘lgan, asosan chap qanotda harakat qiladigan futbolchi oldingi chiziqda Saloh bilan yaxshigina tandem hosil qilishi mumkin.

«Stok Siti» bu mavsumda Premer Ligani tark etdi. Subhi agar keyingi mavsumda ham hammaning ko‘z o‘ngida qolishni istasa, mana shu jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

JCh-2018

Misr terma jamoasi jahon chempionatida maydon egalari joy olgan A guruhida bo‘lishadi. Jahon chempionatining ikkinchi uchrashuvi aynan Misr ishtirokida bo‘lib o‘tadi. 15 iyun kuni Yekaterinburgda misrliklar Urugvayga qarshi maydonga tushishadi. Rossiyaga qarshi o‘yin 19 iyun kuni Sankt Peterburgga mo‘ljallangan bo‘lsa, oxirgi tur 25 iyun kuniga belgilangan. Saudliya Arabistoniga qarshi arab derbisini ko‘rmoqchi bo‘lganlar o‘sha kuni Volgogradga yetib borishlari kerak.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid