O‘zbekiston | 00:27 / 11.09.2018
68505
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda paxta maydonlaridagi majburiy mehnat sababi ma'lum qilindi 

O‘zbekistonda odamlar paxta terishga to‘lanadigan haq kam bo‘lgani sababli uni ko‘ngilli ravishda terishga qiziqishmagan. Aynan shu sababli paxta terimiga davlat xizmatchilari va talabalar majburiy jalb qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev aytib o‘tdi. 

“Avvalgi yillar paxtani terish bo‘yicha ma'lum reja borligini aytib kelardik. Bu rejani bajarish uchun ishchi kuchini safarbar qilish lozim bo‘lgan, terim davri esa cheklangan – 40 kun. Bu mehnatga to‘lanadigan haq kam bo‘lganda, hech kim o‘z xohishicha paxta terishni istamaydi”, deb aytgan Kudbiyev.

Vazirning aytishicha, eng katta muammo deyarli o‘z ishini to‘xtatib, xodimlarini paxta terishga jalb qilishiga to‘g‘ri kelgan byudjyet tashkilotlari bo‘lgan. Kudbiyev ishlarning bunday olib borilishi noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan.

“Albatta, paxtaga talabalar jo‘natilgan holatlar bo‘lgan, biz ularni kuzatganmiz. Bunga chek qo‘yildi, biroq bolalar mehnatidan foydalanilgan holatlar ham bo‘lgan. Bizning eng katta muammo byudjyet tashkilotlari bo‘lgan. Joylarda rahbariyat bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar xodimlarini paxta terishga majbur qilishgan. Biror tumanga kelganingizda, hokimiyat binosida “Barcha paxtada, xamma yer yopiq” degan yozuvga duch kelardingiz. Ya'ni maktab paxta mavsumida ishlamasligi, hech kim kasal bo‘lmasligi, tug‘masligi kerak bo‘lgan. Biz bu noto‘g‘ri ekanini tushunamiz”, deb ta'kidlab o‘tdi Kudbiyev.

Vazirning fikricha, majburiy mehnat bilan hamisha kurashish qiyin bo‘lgan, chunki iqtisodiy rag‘bat bo‘lmagan. “2018 yil nimasi bilan farq qiladi? Joylarda rahbariyat paxta terishga majburlamasligi uchun paxta terimi uchun katta mablag‘lar ajratilgan. Ushbu jarayon o‘z xohishicha, ko‘ngilli bo‘lishi lozim. Hozirda biz bu an'anani o‘zgartirmoqchimiz”, deb qo‘shimcha qilgan Kudbiyev.

Joriy yilda qo‘lda terilgan paxta uchun to‘lanadigan haq 1 kg uchun ming so‘mgacha yetmoqda. Hosilni yig‘ishning dastlabki bosqichida, shartnoma 60 foizga bajarilganda, paxta teruvchilarga 1 kg paxta uchun 650 so‘m, 2-bosqichda, ya'ni shartnoma 80 foiz bajarilganda – 850 so‘m, 3-bosqichda esa (80 foiz va undan ko‘proq) ming so‘m to‘lanadi. 

2017 yilda paxtani qo‘lda terish uchun to‘lanadigan mehnat haqi 450, 500 va 700 so‘mni tashkil qilgan. Vazirlikning baholashicha, hozirgi narxlar bilan bir kishi paxta terimidan 40 kun ichida 3 mln so‘mga yaqin pul ishlab olishi mumkin.

Mavzuga oid