Navoiy viloyatida 3ta obod qishloq foydalanishga topshirildi
Kuni kecha Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi “Cho‘ya”, Uchquduq tumanidagi “Qulquduq”, Tomdi tumanidagi “O‘tamurod” qishloqlari “Obod qishloq” dasturi doirasida foydalanishga topshirildi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbarining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy yilda Navoiy viloyatining 16 ta qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi doirasida 272 milliard so‘mlik ishlar olib borilyapti.
Bundan tashqari, “Obod mahalla” dasturi doirasi hududdagi 2 ta shaharning 5 ta mahallasida 65 milliard so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur hududlarda “Obod qishloq” dasturi doirasida birinchi navbatda aholi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari bunyod etilgani qishloq qiyofasini o‘zgartirib yubordi.
Shuningdek, mahalla guzari, maktab, maktabgacha ta'lim muassasasi, qishloq vrachlik punkti, hammom, amfiteatr, futbol maydonchasi, bolalar maydonchasi qishloq ahlining orzularini ro‘yobga chiqardi. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik tikuvchilik sexi kabi loyihalar aholining bandligini ta'minlashda alohida o‘ringa ega bo‘ldi. Fuqarolarga tadbirkorligini boshlashi uchun mikrokredit mablag‘lari ajratildi.
Nurota tumanining “Chuya” qishlog‘ini obod etish tadbirida qariyb 17,2 milliard so‘mlik, viloyat markazidan qariyb 400 kilometr uzoqda joylashgan Uchquduq tumani “Qulquduq” qishlog‘ini obod etish uchun 4,8 milliard so‘m, Tomdi tumani “O‘tamurod” qishlog‘ini obod etish uchun 7,3 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirildi.
Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ishlar davom etmoqda.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoybergenov hamda Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov ishtirok etdi.
Mavzuga oid
16:07 / 03.12.2024
Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
19:25 / 02.12.2024
Navoiyda pora olgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum qilindi
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024