Jahon | 18:40 / 27.11.2018
17187
7 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyaning YeIni tark etishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Foto: Reuters

2016 yilning 23 iyunida Buyuk Britaniya fuqarolarining ko‘pchilik qismi mamlakatning Yevroittifoq tarkibidan chiqishi (Brexit) uchun ovoz berishgandi. Bu tarixiy va kutilmagan qaror barchaga: oddiy sayyohlardan tortib biznesning yirik vakillarigacha ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Brexit jarayoni nima va uning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Brexit (Britain — Britaniya va Exit — chiqish) — Buyuk Britaniyadagi konservativ muxolifat va ayrim shaxslarning asosiy siyosiy maqsadi. Mamlakat Yevropa ittifoqini 2019 yil 29 martda tark etishi kutilmoqda.

Iqtisodiy oqibatlar

Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan chiqish natijasida 2018 yildan 2030 yilgacha YaIM o‘sish sur'ati 0,17 foizga pasayishi mumkin. 2030 yilgacha mamlakat YaIM hajmining 2,2 foizini yo‘qotishi mumkin.

Aholi daromadi

Birlashgan Qirollik fiskal tadqiqotlar institutining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat Yevroittifoqdan chiqqanidan so‘ng Britaniyadagi har bir oila yiliga o‘rtacha 1250 funt sterling yo‘qotadi. Ma'lum qilinishicha, Brexit’dan keyingi o‘n yil davomida mamlakat aholisining real daromadi pasayishi kutilmoqda.

«Bu o‘zgarishni mamlakatning barcha aholisi his qiladi, ammo asosiy zararni ishlaydiganlar ko‘radi, pensionerlar esa samarali himoya ostida bo‘lishadi», — deydi institut xodimi.

Moliya bozori

Brexit Britaniya moliya sektoriga uzoq davom etadigan zarar yetkazishi mumkin. Buning asosiy sababi esa, mamlakatni aqlli va salohiyatli insonlar tark etishi jarayoni boshlanishi ehtimolidir. Londonda ham xuddi Silikon vodiysidagi kabi jahon miqyosidagi iste'dodli shaxslar to‘plangan bo‘lib, xorijlik ishchilar uchun viza berishdagi mavhumlik, ishdan ajralish ehtimoli kabi holatlar ularning mamlakatni tark etishlariga olib kelishi mumkin.

Biznes va kompaniyalarning ketib qolishi

Britaniyaning easyJet aviakompaniyasi biznesining bir qismini YeIga ko‘chirishga qaror qilgan birinchi yirik korporatsiya bo‘ldi. Yevropa ichidagi yo‘nalishlarda aviatashuvlarni amalga oshirish huquqidan ayrilib qolmaslik uchun u Avstriyada o‘zining easyJet Europe deb nomlangan sho‘'ba kompaniyasini tashkil qildi. Yevropa bank boshqarmasi va Yevropa dori vositalari agentligi Londonni tark etishga qaror qildi, ularda mingga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatardi. 2018 yil sentabrda Yaponiyaning Panasonic korporatsiyasi o‘zining Yevropadagi bosh qarorgohini Londondan Niderlandiyaga ko‘chirishini e'lon qildi.

Pasport tizimi

Qirollik fuqarolik pasportidagi «European Union» yozuvi ko‘plab britaniyaliklarni o‘ylantirib qo‘ydi: ular pasportni almashtirish kerakmi-yo‘qligi borasida savol berishmoqda. Buyuk Britaniya YeI tarkibidan butunlay chiqib ketmagani bois pasport almashtirilmaydi. Ikki yildan so‘ng pasportlar bosqichma-bosqich almashtirilishi mumkin.

Ko‘chmas mulk bozori

Yevroittifoqdan chiqish haqidagi qaror rasmiy London va Yevropa davlatlarining mustahkam aloqalari sababli poytaxt ko‘chmas mulk bozoriga jiddiy va keng miqyosda ta'sir qiladi. Londondagi ko‘chmas mulk egalarining ishonchsizligi kuchayadi. Ammo shu bilan birga bu investorlar uchun qisqa muddatli istiqbolda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin. Ayniqsa, funt sterling zaiflashishi xorijlik xaridorlar uchun foydali bo‘ladi.

Sayyohlarga ta'siri

Xorijliklar Buyuk Britaniyaga Brexit’ga qadar amalda bo‘lgan qoidalar asosida kelishlari mumkin, britaniyaliklar ham Yevropaga eski tartib asosida bora olishadi. Faqat funt zaiflashishi natijasida aviachiptalar qimmatlashi mumkin. 

Keyinchalik nima bo‘lishi esa Buyuk Britaniya va YeI rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarga bog‘liq bo‘ladi. Bu birinchi navbatda, Britaniya va Yevroittifoq uchun viza tartibiga tegishli. Bundan tashqari, Qirollik Ochiq osmon bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnomaga qo‘shilishi kerak bo‘ladi, aks holda mahalliy sayohatchilarning erkin harakat qilishlari cheklanishi mumkin.

Xorijlik talabalarni nimalar kutadi?

Britaniya jahonning eng yirik ta'lim markazlaridan biri hisoblanadi va yaqin ikki yil ichida vaziyat o‘zgarmaydi. Xorijliklar Tier 4 (General) Student Visa asosida ta'lim olishlari, britaniyaliklar referendumga qadar amalda bo‘lgan shartlar asosida YeI mamlakatlarida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Qirollik YeI tarkibidan uzil-kesil chiqib ketganidan ham vaziyat butunlay o‘zgarib ketishi kutilmayapti. Mamlakat o‘zining ilmiy-madaniy markaz maqomini saqlab qolishi lozim. Bundan tashqari, Britaniya xalqaro Erasmus dasturining faol a'zosi hisoblanadi.

Mehnat migratsiyasiga ta'siri

Britaniya YeIdan to‘liq ajralib chiqqunicha migratsiya qonunchiligida keskin o‘zgarishlar yuz bermaydi. Ikki yildan keyin ham YeIdan keladigan migrantlar soni kamayishi so‘roq ostida qoladi. 

Birinchidan, Britaniyada xorijlik mutaxassislar uchun jiddiy lobbi mavjud – yirik va kichik biznes vakillari ish kuchi yetishmasligidan tashvishlanishadi. Ikkinchidan, bu borada YeI qat'iy pozitsiyada bo‘lishi mumkin: erkin savdo evaziga chegaraning ochiqligi. Uchinchidan, mamlakatda ko‘plab sohalarda malakali mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud.

Nimalarga kelishildi?

25 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining 27ta davlati hukumatlari rahbarlari Yevropa Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Buyuk Britaniyaning ittifoqdan chiqishi bo‘yicha kelishuvni tasdiqlashdi.  

Kelishuvdan tashqari, Brexit haqidagi hujjatlar paketiga Birlashgan Qirollik hamda Yevropa Ittifoqining kelgusidagi munosabatlari belgilab berilgan siyosiy deklaratsiya ham kiritilgan.

YeIning muzokaralardagi koordinatori Mishel Barnening aytishicha, Yevroittifoq hamda Buyuk Britaniya keyingi muzokaralarni 2019 yilning 30 martidan, ya'ni Britaniyaning YeI tarkibidan chiqadigan kunning ertasiga boshlashi mumkin bo‘ladi.

14 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Brexit bo‘yicha kelishuvni ma'qullagandi. Endi uni Yevroparlament va Buyuk Britaniya parlamenti tasdiqlashi kerak.

2019 yilning 29 martida Buyuk Britaniya YeIdan chiqishiga rasman start beriladi. 21 oy davom etadigan o‘tish davrida Buyuk Britaniya YeI va bojxona ittifoqi a'zosi bo‘lib qoladi, bu Irlandiya bilan chegarasini ochiq qoldirishi evaziga bo‘ladi. Agar tomonlar 21 oy ichida - 2020 yilning 31 dekabrigacha yangi savdo kelishuviga erisha olishmasa, o‘tish davri muddati uzaytiriladi.

Mavzuga oid