Jahon | 15:08 / 03.12.2018
5826
3 daqiqa o‘qiladi

Makron: Atom energetikasi ulushini kamaytirish - undan voz kechish degani emas

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 27 noyabr kuni energetika sohasini rivojlantirishning ko‘p yillik rejasini taqdim etdi. Les Echos’da shu haqida xabar berildi.

Energobloklarning yopilishi

Fransiya 2035 yilga borib atom energetikasi ulushini 50 foizga pasaytiradi. Buning uchun mamlakatda ishlayotgan 58 energoblokdan 14 tasi to‘xtatiladi. «Fessenxaym» AESning ikki energobloki 2020 yilning yozida o‘chiriladi.

Eng eski stansiyalar — «Trikasten», «Byujye», «Gravlin», «Damper», «Blayye», «Kryua», «Shinon», «Sen-Loran»dagi  reaktorlar to‘xtatiladi. Ro‘yxatga EDF (Fransiyadagi eng yirik energoboshqaruv davlat kompaniyasi va dunyodagi eng yirik atom elektr stansiyalari operator-kompaniyasi) ko‘p yillik energetik reja bo‘yicha maslahatlashuvlari aniqlik kiritadi.

“Men EDF uchun qoidani belgilayman: birorta maydon to‘liq yopilmaydi. Atom energetikasi ulushini pasaytirish —  undan voz kechish degani emas”, - deya aniqlik kiritdi Emmanuel Makron va shunchaki tegishli hududlar uchun ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni cheklash zarurligini qayd etdi.

EDF guruhi uchun atom stansiyalari bo‘yicha qarorlar qulay, shunday bo‘lsa-da kompaniya ularning yopilishini 2029 yilgacha kutishga umid qilgandi.

EDF Fransiya reaktorlari ekspluatatsiyasi muddatlarini 50 va hatto 60 yilgacha uzaytirish, shuningdek EPR bilan yangi energobloklar qurish tashabbusini bildirmoqda.

Yangi energobloklar qurilishi

“Hozircha biz yangi energobloklar qurilishi borasida hech qanday qaror qabul qilganimiz yo‘q — bunga shoshilinch zarurat yo‘q”, - dedi Makron.

Shunga qaramay, Fransiya prezidenti EDF’dan “yangi AES qurilish dasturini yaratish ustida ish olib borish va ularning qiymati bo‘yicha qat'iy mas'uliyatni EDF  o‘z zimmasiga olishi”ni so‘radi.

EDF’ni qayta tuzish

EDF kompaniya tuzilmasini o‘zgartirish bilan bog‘liq takliflarni taqdim etishi kerak, deb yoziladi manbada.

EDF'ning 83,7 foizi davlatga tegishli. Kompaniya strategik reja doirasida takliflar tayyorlagunicha davlat kapitalda o‘z ulushini kuchaytirish borasida bosh qotiradi.

Ehtimoliy ssenariylardan biri narxlarni tartibga solish va EDF atom stansiyalari parkini milliylashtirishdan iborat. Bu kompaniyani bozordagi inqirozli vaziyatlardan himoyalaydi. Unga parallel ravishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr yetkazish tarmoqlari va energetik xizmatlarni birlashtiruvchi tashkilot yaratiladi.

Mavzuga oid