Jahon | 21:16 / 08.12.2018
13734
2 daqiqa o‘qiladi

“Axmoq va dangasa”: Tramp sobiq davlat kotibining tanqidiga javob berdi 

Foto: twitter.comPDChina

AQSh prezidenti Donald Tramp sobiq davlat kotibi Reks Tillersonni “po‘kak kabi axmoq va o‘ta dangasa” deb atadi. U bu haqda tvitterda ma'lum qildi.  

Avvalroq Tillerson CBS telekanaliga intervyuda Trampni intizomsiz va juda qiziqqon deb atagan hamda turli idoralar tomonidan u uchun maxsus tayyorlangan hujjatlarni o‘qimaganlikda ayblagan. Sobiq davlat kotibining ta'kidlashicha, u bir necha marotaba Trampni qonunni buzishdan to‘xtatib qolgan.

“Mayk Pompeo yaxshi ishlamoqda, men u bilan faxrlanaman. Undan avvalgi Reks Tillerson kerakli aqliy qobiliyatlarga ega bo‘lmagan. U po‘kak kabi axmoq bo‘lgan va men undan iloji boricha tezroq xalos bo‘lishim kerak edi. U o‘ta dangasa bo‘lgan. Endi esa o‘yin umuman o‘zgacha bormoqda, davlat departamentida umuman boshqacha kayfiyat”, deb javob bergan Tramp Tillersonning tanqidiga.

Tillerson AQSh davlat kotibi lavozimini 2017 yil fevralidan 2018 yil martigacha egallagan. U iste'foga ketkazilgach, davlat kotibi lavozimiga Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Mayk Pompeo tayinlangandi.

Mavzuga oid