Sport | 16:52 / 02.01.2019
25681
2 daqiqa o‘qiladi

Meyvezer yaponiyalik kikbokschi bilan jangga tayyorgarlik ko‘rmaganini tan oldi

Foto: Koji Sasahara / AP

Amerikalik bokschi kichik Floyd Meyvezerning tan olishicha, yaponiyalik kikbokschi Tensin Nasukava bilan jangga tayyorgarlik ko‘rmagan. Bu haqda BoxingScene xabar bermoqda.

«Men bu jangga tayyorgarlik ko‘rganmanmi? Yo‘q. Men zalga bir necha bor kirib, u yerda bo‘lajak chempion Dakuan Meys bilan ishladim. Men uni hozirdan chempion deb atayapman, sababi u meni diqqatlik bilan eshitsa va tajribani o‘rgansa, unga aylanadi», - deya ma'lum qildi 41 yoshli Meyvezer.

31 dekabr kuni Yaponiyada kikbokschi Nasukava bilan bo‘lib o‘tgan jang uchun Meyvezer to‘qqiz million dollar ishlab oldi. Boks qoidalari bo‘yicha o‘tkazilgan bahs birinchi raundda yakunlandi. Amerikalik raqibini uch marta nokdaunga uchratdi, shundan so‘ng Nasukavaning jamoasi jangni to‘xtatishga qaror qildi. Qarama-qarshilik natijasi sportchilar rasmiy statistikasida qayd etilmaydi.

Meyvezer - to‘rt vazn toifasida sobiq jahon chempioni. U professional ringda 50ta jang o‘tkazib, ularning har birida g‘olib chiqqan. Bokschi o‘zining oxirgi rasmiy jangini 2017 yil avgustida o‘tkazdi va o‘ninchi raundda nokaut bilan irlandiyalik Konor Makgregorni taslim etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makgregor Meyvezerning g‘alabasiga munosabat bildirgandi.

Mavzuga oid