O‘zbekiston | 14:53 / 20.02.2019
51388
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda yana yangi tabiiy gaz koni topildi

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida ikki yil davomida olib borilgan izlanishlar davomida ikkita gaz va bitta neft koni topildi.

Birinchisi 2017 yili noyabr oyida topilgan bo‘lib, Uchtepa qishlog‘ida olib borilayotgan neft qidirish ishlari davomida 1080 metr chuqurlikda tabiiy gaz koni borligi ma'lum bo‘lgandi. Mazkur kondan 100 atmosfera bosimida soatiga 2300-2400 kubometr gaz oqimi chiqayotgani haqida ma'lumot berilgan.

2018 yil boshlarida hududdagi 4ta quduqda olib borilgan burg‘ilash ishlari natijasida yana bir gaz koni topilgandi. Ayni paytda qazib olinayotgan gaz «O‘ztransgaz» Andijon viloyati gaz ta'minoti hududiy korxonasi tomonidan iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, shu kunlarda Uchtepa qishlog‘ida yana bir tabiiy gaz koni topilgan.

«Qo‘qon parmalash ishlari» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan «Yura-1» deb nomlanuvchi quduqda 2018 yil iyul oyidan boshlab neft va gaz konlarini izlash maqsadida geologiya-qidiruv qazish va parmalash ishlari olib borilgan bo‘lib, shu yil boshida 1150 metr chuqurlikda tabiiy gaz koni aniqlangan. Mutaxassislar bergan ma'lumotga ko‘ra, mazkur kondan chiqayotgan gaz miqdori kuniga 100 atmosfera bosimi ostida 205 ming kub.metrni tashkil etadi.

Ayni paytda «zangori olov» ne'matini jilovlash ishlari boshlanib, turli texnik sinov ishlari boshlangan. Barcha tizimlar ma'lum jarayonlardan o‘tkazilgach, iste'molchilarga tabiiy gaz yetkazib berila boshlaydi.

Mavzuga oid