Jahon | 19:49 / 07.04.2019
32376
5 daqiqa o‘qiladi

Jyeki Chan 65 yoshda

7 aprelda Hongkong va Gollivudning mashhur aktyori, kaskadyor, jang san'ati ustasi Jyeki Chan 65 yoshga to‘ldi. Biroq, ko‘rinishicha, yillar bu fenomenal odam uchun pisand emasdek. U hamon tetik, optimistik kayfiyatda va filmlardagi barcha tryuklarni hanuzgacha o‘zi bajarishni afzal ko‘radi.

Chan 1954 yil 7 aprelda Hongkongda tug‘ilgan. Uning ota-onasi shunchalik kambag‘al bo‘lganki, hattoki uni akusherga sotib yubormoqchi bo‘lishgan, biroq bu fikrlaridan qaytishgan.

Ma'lum vaqtdan keyin Jyekining ota-onasi AQShning Avstraliyadagi elchixonasiga ishga joylashishga muvaffaq bo‘lgan. Jyekining ota-onasi uni 7 yoshga to‘lganda Hongkongdagi Pekin operasi maktabiga o‘qishga jo‘natishgan. Maktab juda nufuzli bo‘lgan, unda jang san'ati, aktyorlik mahorati, qo‘shiq kuylash, akrobatika, raqsdan saboq berilgan. Jyekining aytishicha, u maktabda irodasini mustahkamlagan va g‘alabaga intilishga o‘rgangan. U, shuningdek, kung-fuga qiziqib qolgan.

Jyeki 1971 yilda maktabni bitirgach, kaskadyor bo‘lib ishga joylashgan. U kinodagi faoliyatini aynan kaskadyor sifatida boshlagan. Uni dastlab epizodlarda va kichik rollarda suratga olishgan. Kung-fu, akrobatikani yaxshi egallagan, yaxshi plastika va sahna mahorati malakalariga ega bo‘lgan Chan 1970-yillar o‘rtalaridan kattaroq rollarni ijro eta boshlagan, keyinroq esa o‘zi filmlarni suratga ola boshlagan.

Uning ilk ishlari orasida “Burgut soyasidagi ilon”, “Mast usta”, “Tangri qurol-yarog‘i” kabi filmlar bor. Shundan keyin u tez orada Hongkongning eng katta haq oluvchi aktyoriga aylangan. U o‘zini ssenariynavis sifatida sinab ko‘rgan, o‘z filmlariga rejissyorlik qilgan, musiqa yozgan va albatta, barcha tryuklarni o‘zi bajargan.

Jyeki aktyorlik faoliyati davomida qo‘l-oyoqlari, burun, son sinishidan tortib bo‘g‘imlar chiqishi va bo‘yin qayrilishigacha mingdan ko‘proq turli jarohat olgan. Og‘ir jarohatlarsiz ham bo‘lmagan. Uning 22 yoshidayoq ko‘zida operatsiya o‘tkazilgan. Jyeki tryuklardan birini bajarish vaqtida yiqilib, ko‘zini shikastlab olgan va jarohatni tikishga to‘g‘ri kelgan. 

Aktyor yana bir jiddiy jarohatni “Tangri qurol-yarog‘i” filmida olgan. U 12 metrlik balandlikdan yiqilib, bosh chanoq-miya jarohatini olgan, buning oqibatida uning miyasiga qon quyilgan. Jyeki operatsiya qilingach, yana suratga olish ishlariga qaytgan.

Jyeki Osiyoni zabt etgach, Amerikada ishlashni orzu qila boshlagan. Uning AQShda taqdim qilingan ilk filmlari omma e'tiborini qozona olmagan va Jyeki barchasiga qo‘l siltashga ham tayyor bo‘lgan. Biroq unga 1994 yilda MTV’ning kino san'atiga qo‘shgan ulkan hissa uchun mukofotining berilishi uni Amerikani ikkinchi urinishdan zabt etishga bel bog‘lashga undagan.

Changa haqiqiy mashhurlik 1995 yilda “Bronksdagi ur-to‘polon” filmidan keyin kelgan. So‘ngra “Kriminal voqea”, “Mast usta 2”, “Ilk zarba”, “Shanxay tushi”, “Tig‘iz soat”, “Dunyo bo‘ylab 80 kunda”, “Josus qo‘shni” kabi filmlar bo‘lgan va ular tomoshabinlar tomonidan yaxshi qabul qilingan. Jyeki 100 dan ko‘proq filmda bosh rollarda ishtirok etgan.  

Chan, shuningdek, muvaffaqiyatli pop-ijrochi sanaladi. U 1984 yildan boshlab 100 dan ko‘proq qo‘shiq yozgan. U o‘z qo‘shiqlarini xitoycha, yapon va ingliz tillarida kuylaydi.  

Jyeki avtosportning ashaddiy ixlosmandi hisoblanib, poygachi Devid Chen bilan Jackie Chan DC Racing poyga jamoasiga egalik qiladi.

Chan o‘zining xayriya faoliyati bilan ham ma'lum, u turli marosimlar va tadbirlarda YUNISEFning elchisi sifatida ishtirok etadi. U haqda ko‘plab kitoblar yozilgan, uning Hongkongdagi Yulduzlar avenyusida va Gollivuddagi Yulduzlar xiyobonida o‘z yulduzi bor. Jyeki Chan Britaniya imperiyasi kavaleri hisoblanadi, kino san'atiga qo‘shgan hissasi uchun “Oskar” bilan taqdirlagan.

Bugungi kunda Chan butun dunyoga taniqli aktyor va rejissyorlardan biri hisoblanadi, u hamon ko‘p ishlaydi va ijodiy rejalar bilan to‘lib-toshgan. 

Jyekining ishtirokidagi filmlarning e'tiborni tortuvchi o‘ziga xos jihati filmlar so‘ngida muvaffaqiyatsiz chiqqan dubllar va kulgili holatlar namoyishi hisoblanadi.

Mavzuga oid