Jahon | 21:22 / 21.06.2019
4408
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda uyda tamaki chekishni zo‘ravonlikka tenglashtiruvchi qonun qabul qilindi

Endilikda Tailandda uy sharoitida tamaki chekish maishiy zo‘ravonlik deb hisoblanadi va avgustda kuchga kiradigan yangi qonunga ko‘ra jazolanadi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.

Tailandning ayollar va oilani rivojlantirish masalalari departamenti bosh direktori Lertpanya Buranabanditning ma'lum qilishicha, uy sharoitida chekishni taqiqlovchi “Oila muassasalarini rivojlantirish va himoyalashga ko‘maklashish haqida”gi qonun 20 avgustdan kuchga kiradi. Yangi me'yorlarga ko‘ra, oilalarda chekish maishiy zo‘ravonlik sifatida tasniflanadi, chunki sog‘liqning yomonlashishi va ijtimoiy muammolarga olib kelishi mumkin.

“Oilada chekish bolalar va rafiqalar bu payt chekuvchi yonida bo‘lishni istamasalar, oilaviy munosabatlarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Oila a'zolari passiv chekishdan aziyat chekishlari mumkin”, deb aytgan Buranabandit.

Yangi qonunga ko‘ra, oila a'zosining sog‘lig‘i passiv chekishdan aziyat chekkani aniqlansa, unda aybdor jazolanadi. Buranabandit qanday jazo turi qo‘llanishiga aniqlik kiritmagan, biroq sud qonunbuzar zimmasiga reabilitatsiya kursidan o‘tish majburiyatini qo‘yishi mumkinligini aytgan.
Chekishga qarshi kurashish tadqiqot markazi direktori Ronnachxay Kongsakonning ma'lum qilishicha, bolalar o‘limi ota-onalar chekuvchi oilalarda 2 marta yuqoriroq ekan.

Tailandda tamaki chekish 80 dan ko‘proq joyda, jumladan restoranlar, savdo markazlari, jamoat transporti va hattoki plyajlarda taqiqlangan. Ta'kidlanishicha, veyping –elektron sigaretlar chekish qirollikda to‘liq taqiqlangan, biroq unga qat'iy amal qilinmaydi.

Mavzuga oid