O‘zbekiston | 07:35 / 17.07.2019
28970
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Tergov qo‘mitasini tashkil etish taklif qilindi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 16 iyul kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining yangi Siyosiy dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalari muhokamasiga bag‘ishlan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Anjumanni partiya Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov ochib, barchani muhokamada amaliy takliflar bilan faol ishtirok etishga chorladi. 

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, partiyaning 2009 hamda 2014 yildagi saylovoldi dasturlarida ko‘tarilgan bir qator muhim tashabbus va g‘oyalarning aksariyati o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaror va farmoni, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida ijroga yo‘naltirildi. Mamlakatni innovatsion iqtisodiyotga asoslangan holda rivojlantirish, boshqaruvda ochiqlik, oshkoralik, hisobdorlikni ta'minlash maqsadida “elektron hukumat”ni yo‘lga qo‘yish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish asosida raqobatli energetika bozorini tashkil etish, tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan xizmatlarni (transplantatsiya, EKO) keng yo‘lga qo‘yish kabi masalalar shular jumlasidandir. 
 
Videoselektor yig‘ilishida faollar va hududiy studiyadagi ishtirokchilar quyi bo‘g‘inda shakllangan takliflarni umumlashtirilgan holda bildirib o‘tishdi. 

Jumladan, dasturiy maqsadlarda qayd etilganidek, jamiyatda va har bir inson uchun adolatni ta'minlashda sud-huquq sohasi muhim ahamiyatga ega ekanidan kelib chiqib, ishtirokchilar sud tizimini yanada takomillashtirishga doir takliflarni ilgari surishdi. Ya'ni tumanlararo sudlarni tugatish, fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma'muriy ishlar bo‘yicha yagona odil sudlov organiga birlashtirib, Oliy sud bilan bir xil tizimdagi umumyurisdiksiya sudlarini yaratish lozimligi e'tirof etildi. 

Anjuman ishtirokchilarining fikricha, mamlakatda barcha tergov idoralarini birlashtirib, yagona tergov organini tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, sud tizimida inson omilini iloji boricha kamaytirish zarurligi, sudning ochiq va shaffofligini ta'minlamasdan turib sudlarni adolat qo‘rg‘oni sifatida shakllantirib bo‘lmasligiga e'tibor qaratildi. 

Tadbirda fikr bildirganlar tomonidan, ta'lim va ilm-fanni rivojlantirish partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini nazarda tutib, oliy ta'lim va ilm-fan integratsiyasini yanada kuchaytirish, ushbu sohalarda o‘zaro hamkorlikni yaxshilash, ilm-fan yutuqlarini sanoat va ishlab chiqarishga joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish haqida alohida so‘z bordi. 

Partiya hududiy tashkilotlari faollari tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish zarurligini qayd etishdi. Bunda asosiy e'tiborni barcha muassasalarda “aqlli tibbiyot”, “elektron tibbiyot” tizimi asosida ishlashga o‘tkazish taklif etildi. Shundan kelib chiqib, partiya davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasi belgilanishida, pullik va bepul davolanish o‘rtasida aniq chegara o‘rnatilishi uchun harakat qilishi aytib o‘tildi. Chunki, bu tizim shaffoflashuvi va unda korrupsagen holatlar kamayishiga turtki bo‘ladi. 

Aholi salomatligini asrab-avaylash, yurtdoshlarimizning umr davomiyligini oshirishda sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, profilaktika va tibbiy madaniyatni yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha, ayniqsa, homilador ayollar va bolalarning ovqatlanish ratsioniga oid amaldagi me'yorlarni xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalasida ham partiya o‘z pozitsiyasini bildirib, deputatlar bu borada nazorat-taftish ishlarini olib borishi kerakligi e'tirof etildi.  

Videoselektor yig‘ilishida jahon sotsial-demokratiya mafkurasining iqtisodiyot yo‘nalishida belgilangan soliq to‘lovlari oldindan to‘lanishidan manfaatdor bo‘lish (rag‘batlantirish) hamda sodda va barqaror soliq tizimini qo‘llash orqali “yashirin” iqtisodiyotga barham berishga doir maqsadlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida, barqaror iqtisodiyotga erishishga xizmat qilib, ijtimoiy soha rivojini ta'minlashdagi to‘siqlarni bartaraf etishga olib keladi. Shuningdek, ekspertlar tomonidan partiya sotsial davlat tarafdori ekanligi e'tirof etilgan holda, davlatning aholi daromadlari bo‘yicha keskin tabaqalanishining oldini olishi va shu orqali ijtimoiy munosabatlarda barqarorlik va uyg‘unlikni ta'minlashga mas'ulligi qayd qilindi.

Onlayn-muloqot davomida o‘rtaga tashlangan ayrim fikrlar bahs-munozaralarga ham sabab bo‘ldi. Xususan, o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilarini oliy o‘quv yurtlariga iloji boricha ko‘proq qamrab olish haqidagi taklifni ko‘pchilik ma'qullagan bo‘lsa-da, bir qator faollar hammani oliy ma'lumotli qilishdan ko‘ra bugungi kun talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish asosiy maqsad qilib belgilanishi lozimligini ta'kidlashdi. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalari uchun ehtiyojni qamrab oladigan darajada qabul kvotasini oshirish bilan birga, ularda o‘quv jarayonini zamonaviy ta'lim tizimi asosida tashkil etish hamda o‘zaro sog‘lom raqobatni shakllantirib borish taklifi o‘rtaga tashlandi. 

Ishtirokchilarning fikricha, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirishga xizmat qilishiga e'tibor qaratib, OAV faoliyatini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy nashrlarni qo‘llab-quvvatlash, televideniye sohasida xususiy va davlat telekanallari o‘rtasida bozor munosabatlariga asoslangan raqobat muhitini yaratish, xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda soha kadrlari malakasini oshirib borish, xalqimiz uchun sifatli media-kontentni yaratish ham siyosiy kuchning muhim vazifasi hisoblanadi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir qancha huquqni muhofaza qilish idoralari tergov bilan shug‘ullanadi.

Xususan, tergovga qadar tekshiruvning o‘zi quyidagilar tomonidan o‘tkaziladi:

- ichki ishlar organlari;
- Milliy gvardiya organlari;
- Davlat xavfsizlik xizmati organlari;
- yong‘in xavfsizligi organlari;
- chegarani qo‘riqlash organlari;
- davlat bojxona xizmati organlari;
- Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlar bilan kurash departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari;
- Majburiy ijro byurosi va boshqalar.

Mavzuga oid