O‘zbekiston | 08:14 / 21.09.2019
30858
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda yana bir tumanga yangi hokim tayinlandi

Bahrom Tursunov / Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

20 sentabr kuni Xalq deputatlari Uzun tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Qudbiyev ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Shu kungacha Muzrabot tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Bahrom Boboxonovich Tursunov Uzun tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Ma'lumot o‘rnida, Bahrom Tursunov 1981 yilning 12 noyabrida Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasini tamomlagan. Faoliyati davomida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tizimida turli lavozimlarda ishlagan.

Bundan oldin, Sho‘rchi, Sariosiyo, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yangi hokimlar ish boshlagani xabar berilgandi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.

Mavzuga oid