O‘zbekiston | 16:52 / 30.09.2019
24177
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatining Bo‘z tumani Bo‘ston tumaniga o‘zgartirildi 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati xabar bermoqda.

Yalpi majlisda “Andijon viloyatining Bo‘z tumani nomini Bo‘ston tumaniga o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Andijonda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgandi.

Yig‘ilish davomida Andijon viloyatining cho‘lli hududi hisoblangan Bo‘z tumani hokimi Inomjon Mamadaliyev davlat rahbariga 2020 yilda Bo‘z tumani tashkil topganiga 70 yil to‘lishi, tuman tashkil etilganida uning yerlari sho‘r bo‘lgani uchun shunday nom berilganini, o‘sha paytda Sharof Rashidov, «Bu bo‘z yerlar bir kuni bo‘stonga aylanadi» degani, ayni paytda Bo‘zda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar natijasida tumanning nomi o‘ziga yarashmay qolgani haqida gapirgan. 

Hokim prezidentdan keyingi yubiley yilida tuman nomini Bo‘stonga almashtirish uchun tuman oqsoqollari, faollari nomidan ruxsat so‘ragan.

Davlat rahbari tumanda ijtimoiy-iqtisodiy obektlarni rivojlantirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirish va turli sohalardagi ishlarni jadallashtirish uchun 25 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratib bergan.

Ma'lumot uchun, Andijon viloyatidagi bu tuman 1950 yil 5 aprelda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Shahrixon tumaniga qo‘shib yuborilgan. 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan. Bo‘z tumani shimol, shimoli-g‘arbda viloyatning Ulug‘nor tumani, shimolda Baliqchi tumani, sharqda Shahrixon tumani, janubi-g‘arbda Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani, janubda Qo‘shtepa tumani, janubi-sharqda Quva tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,20 ming km2. Aholisi 70 mingdan ziyod kishi. Bo‘z tumanida 1 shaharcha (Bo‘z) va 3ta qishloq fuqarolar yig‘ini (Mannop Jalolov, Xovos, Xoldevonbek) bor. Markazi – Bo‘z shaharchasi. 

Mavzuga oid