O‘zbekiston | 12:22 / 17.01.2020
22747
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddan kimlar senatorlikka saylandi?

Bugun, 17 yanvar kuni Samarqand viloyati Yoshlar markazida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar kengashlaridan 520 nafar deputat, faollar hamda OAV vakillari qatnashdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakili Xudoyor Mamatov taklifi bilan 6-“Mehrobod” saylov okrugidan viloyat kengashi deputati Suhrob Rafiqov qo‘shma yig‘ilish raisi etib tasdiqlandi.

Kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zoligiga Samarqand viloyatidan vakillar saylash to‘g‘risidagi masala kiritildi.

Qo‘shma majlisda ishchi hay'ati, tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun majlis kotibiyati, Oliy Majlis Senati a'zoligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha maslahat kengashi, yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun sanoq komissiyasi a'zolari ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylab olindi.

Maslahat kengashi a'zolari Senat a'zolarini saylash bo‘yicha nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun alohida xonada yig‘ilishdi. Maslahatlashuvdan so‘ng yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun Senat a'zoligiga nomzodlar bo‘yicha taklif o‘qib eshittirildi. Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi, muhokamasi va yoqlab ovoz berish natijalariga ko‘ra ularni saylov byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng deputatlar yashirin ovoz berish kabinalarida Senat a'zoligiga nomzodlar uchun ovoz berdilar.

Sanoq komissiyasi belgilangan tartibda nomzodlarga berilgan ovozlarni sanab chiqib, natijalarni e'lon qildi. Unga ko‘ra quyidagilar ko‘pchilik ovoz bilan Oliy Majlis Senati a'zoligiga saylandi:

17-«Ko‘kgumbaz» saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Zayirovna Alimova;

47-“Ohalik” saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, “Agromir group” direktorlar assotsatsiyasi raisi Shavkat Amonovich Djalolov;

28-“Kattaqo‘rg‘on” saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi kengashi raisi Xasan Norbekovich Normurodov;  

37-«Sultonobod» saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalarining birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Isxakovich Toshev;

2-«Afrosiyob» saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Oqbutayevich Turdimov;

8-«Turon» saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xalmuradov Ibragimovich.       

Mavzuga oid