Sport | 10:57 / 22.01.2020
17078
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Iskanderov legionerga aylandi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi futbolchisi Jamshid Iskanderov Janubiy Koreya K-ligasi ishtirokchisi bo‘lgan «Seongnam» klubi bilan shartnoma imzoladi. Koreys klub rasmiy saytida transfer haqida e'lon qilingan.

«U to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, maydon markazida ijodkorlik bilan shug‘ullanadi, u uzoq masofadan kuchli zarba berishi ham, sheriklarini yaxshi pas bilan ta'minlashi ham mumkin. U shuningdek, hujumlarni boshlab beradi, raqib hujumlarini to‘xtatadi», deyiladi xabarda.

«Men K-ligada o‘ynashdan mamnun bo‘laman. Buni avvaldan orzu qilgandim. Men bu klub bilan muvaffaqiyat qozonmoqchiman. Umid qilamanki, o‘yinlarim klub fanatlariga yoqadi», degan futbolchining o‘zi.

Bundan avvalroq Jamshid Iskanderov «Seongam» bilan 2 yillik shartnoma tuzishi haqida xabarlar tarqalgandi. «Lokomotiv» ushbu transfer haqida hech qanday ma'lumot bermagan, ayni vaqtda uning transferining moliyaviy jihatlari ma'lum qilinmagan.

Lekin Transfermarkt portali ma'lumotiga ko‘ra, Iskandarovning ayni vaqtdagi transfer qiymati 800 ming yevroga teng.

Janubiy Koreya yuqori divizioni sanalmish K-liganing yangi mavsumi 29 fevral kuni start oladi.

Jamshid Iskanderov futbolchilik faoliyatini 2011 yilda Samarqandning «Dinamo» klubi safida boshlagan, 2011-2018 yillarda «Paxtakor» klubi safida to‘p surgan, 2019 yilda esa Toshkentning boshqa bir klubi «Lokomotiv» safiga qo‘shilgandi. U 2014 yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston milliy jamoasining yana bir futbolchisi Dostonbek Tursunov Janubiy Koreya chempionati vakili bo‘lmish «Busan Ay Park» klubiga o‘tgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid