Karantin: Samarqandda 30 sutkaga qamalgan huquqbuzarning qilmishi to‘g‘ri malakalanganmi?
Kecha Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro A.Shomurodov paxtachilik bir fuqaroning «koronavirusga chalinib vafot etgani» to‘g‘risida yolg‘on ma'lumot tarqatganligi uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 205-moddasi bilan 30 sutka ma'muriy qamoq jazosiga tortilganligi haqida xabar bergan edi.
Mazkur xabar televideniye va internet-saytlarda, jumladan Kun.uz saytida ham e'lon qilingan edi.
Ma'lum bo‘lishicha, fuqaroning qilmishi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 205-moddasi, ya'ni favqulodda holat e'lon qilingan joylarda mish-mishlar tarqatish va huquq-tartibotni buzishga undovchi yoki milliy adovatni avj oldiruvchi boshqa harakatlar, fuqarolar va mansabdor shaxslarning o‘z qonuniy huquqlari va burchlarini amalga oshirishlariga faol to‘sqinlik qilish, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimining, harbiy xizmatchi yoki jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarayotgan boshqa shaxslarning qonuniy farmoyishi yoki talabiga qasddan bo‘ysunmaslik yoxud jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini buzadigan boshqa shunga o‘xshash harakatlar yoki ma'muriy nazorat qoidalarini buzish bilan noto‘g‘ri malakalangan.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasida yoxud uning muayyan bir hududida hozircha favqulodda holat joriy qilingan emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandiga ko‘ra, mamlakat prezidenti favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashni ko‘zlab, respublikaning butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi.
Konstitutsiyaning 78-moddasi 19-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e'lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolati hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus infeksiyasi sabab favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni mavjud emas ekan, huquqbuzarlik uchun MJtKning 205-moddasini qo‘llash joiz bo‘lmaydi. Shu sababli fuqaro A.Shomurodovga oid ish yuqori instansiyada qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati IIB axborot xizmati tomonidan tarqatilgan ma'lumotga ko‘ra, A.Shomurodovga nisbatan ma'muriy ish Paxtachi tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilgan.
Ma'lumot uchun, yuqoridagi kabi holat Qashqadaryo va Surxondaryoda ham kuzatilgan.
Dilshod Abduqodirov,
huquqshunos.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024