Jahon | 14:20 / 17.05.2020
62653
16 daqiqa o‘qiladi

«Chin mo‘jizasi» turkumidan: dunyoni hayratga solayotgan Xitoy temir yo‘llari

Mehnat evaziga hammadan yaxshi bo‘lish mumkinligini Xitoy misolida ko‘rish mumkin. Yaqingacha Amerika va Britaniya kabi davlatlar qatorida tilga olinishi tasavvurga sig‘maydigan darajada bo‘lgan Xitoy hozir nafaqat kuchli iqtisodiyotga ega bo‘ldi, balki boshqa mamlakatlarning bozorlarini ham o‘z mahsulotlariga, o‘z kapitaliga o‘rgatib qo‘ydi.

Davlatchilik tarixida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan Chin o‘lkasi so‘nggi yarim asrda shunchalik aql bovar qilmas iqtisodiy mo‘jizalarni yaratdiki, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya kabi gigantlar Xitoyning changida qolib ketdi. Oldingi safar «Chin mo‘jizasi» turkumida Xitoy iqtisodiyotiga ijoyib ta'sir qilgan yo‘llar haqida hikoya qilingandi. Bu gal ishbilarmon chinliklarning temir yo‘llari haqida.

O‘tgan asrning 70-yillarida dunyo faqat «Yapon mo‘jizasi» haqida gapirardi. O‘sha paytda turli sohalarda, ayniqsa elektronika sohasida yaponlarning oldiga tushadigani yo‘q edi. Nima yangi narsa chiqsa, yaponlar o‘ylab topgan bo‘lardi. Bu holat o‘tgan asrning 90-yillarigacha davom etdi.

Yaponlar fan-texnikada inqilob qilgan paytlarda Xitoy Mao Tszedun boshchiligida qoloq bir davlat edi. 1976 yilda Mao Tszedun vafot etadi. Xitoyda hokimiyat tepasiga kelgan yangi rahbarlar mamlakatni tugal sotsializm bilan, dunyoning rivojlangan davlatlaridan uzib qo‘ygan holda rivojlantirib bo‘lmasligini tushunib yetishadi va turli islohotlar o‘tkazila boshlanadi.

Avvalo G‘arb dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga kirishiladi. 1978 yilda Xitoy kompartiyasi mamlakat sharqidagi sohilbo‘yi shaharlarda «Maxsus erkin iqtisodiy zonalar» tashkil etish haqida qaror qabul qiladi. Ularda dunyoning istalgan mamlakatidan investor va kompaniyalar borib, o‘z korxonalarini ochishlari mumkinligini e'lon qilinadi. Ha, aslida hammasi mana shu oddiy erkin iqtisodiy zonalardan boshlangandi...

Xitoy hukumati erkin iqtisodiy zonalar samaradorligini, mamlakatga keltirayotgan iqtisodiy foydalarini ko‘rib, keyinchalik bunday hududlar sonini ko‘paytiradi.

Shuningdek, aholi xususiy mulkka ega bo‘lish va kapital yig‘ish huquqiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Xitoy 1990 yilgacha sotsializmning asosiy g‘oyalaridan voz kechadi. Shundan so‘ng chinakam «Xitoy mo‘jizasi» boshlanadi. Bugungi kunga kelib «Xitoy mo‘jizasi»ning dovrug‘i dunyo bo‘ylab tarqalib bo‘ldi va mamlakat ko‘plab sohalardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha boshqalardan yaqqol ilgarilab ketdi. Ana shunday sohalardan biri – temir yo‘llar.

Xitoy temir yo‘llari kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan va hamon davom etayotgan ishlar chinakam mo‘jizaning o‘zi. Baland tog‘lar orasidan ko‘priklar va tunnellar qurish orqali temir yo‘l tortishda bugun Xitoy temiryo‘lchilarining oldiga tushadigani yo‘q.

Xitoyda ilk temir yo‘l 1876 yilda Shanxay va Usun shaharlari orasida ingliz tadbirkori tomonidan qurilgan. XX asrning 80-yillarigacha Xitoyda temir yo‘llarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, Mao Tszedun vafotigacha mamlakatda bu sohani rivojlantirish uchun aytarli ish qilinmaydi. 1980-yillardan boshlab temir yo‘l sohasini rivojlantirish uchun islohotlar boshlab yuboriladi.

AQShdan keyin ikkinchi

Bugungi kunga kelib Xitoy temir yo‘llarining uzunligi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi (o‘zi Xitoy ko‘p sohada AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi). AQShda jami 260 ming kilometrga yaqin temir yo‘llar tarmog‘i bor, Xitoyda esa ularning uzunligi 130 ming kilometrdan oshadi. Yaqingacha Rossiya ikkinchi o‘rinda edi, ammo Xitoy yangi temir yo‘l tarmoqlarini qurib, Rossiyani quvib o‘tdi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

So‘nggi 15-20 yilda Xitoy yuqori tezlikda harakatlanish tizimini rivojlantirishga katta e'tibor qaratdi va dunyodagi eng yirik tezyurar poyezdlar liniyasiga ega bo‘ldi. Bugun Xitoydagi tezyurar poyezd yo‘llari Yaponiya va Yevropanikini qo‘shib hisoblaganda ham ularnikidan oshib ketgan.

Xitoy temir yo‘llari

Xitoyda China State Railway Group Company, Ltd. yoki oddiygina China Railways davlat kompaniyasi milliy temir yo‘llar tarmog‘ining yagona operatori hisoblanadi. U ilk bor 1950 yilda vazirlik sifatida tashkil etilgan. 2013 yilda korporatsiyaga, 2019 yilda esa aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Uning tarkibida jami 21ta turli kompaniyalar bor. Tarmoq Makao maxsus ma'muriy tumanidan tashqari qolgan barcha provinsiya va avtonom hududlarni qamrab olgan.

Shuningdek, bugun China Railways dunyodagi temir yo‘l sohasida faoliyat ko‘rsatadigan eng yirik kompaniya hisoblanadi. Bugun kompaniya nafaqat Xitoyda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida temir yo‘llar quradi. Korxona Xitoydan tashqari Yevropa Ittifoqi davlatlari, Rossiya, Qozog‘iston, Shimoliy Koreya va Vetnamda xalqaro yo‘nalishlar tashkil etib, yo‘lovchi hamda yuk tashimoqda.

Xitoy temir yo‘llari dunyodagi eng ko‘p yo‘lovchi tashiydigan kompaniya hisoblanadi. China Railways yiliga o‘rtacha 3,5-4 milliard yo‘lovchiga xizmat qiladi va qariyb 5 milliard tonna yuk tashiydi. Kompaniyada 10 million nafardan oshiq xodim ishlaydi. 2019 yilga kelib China Railways va uning tarkibidagi turli kompaniyalarga tegishli temir yo‘l tarmog‘ining uzunligi 130 ming kilometrga yetdi, uning yarmi elektrlashtirilgan. 2019 yilda China Railways hisobida 20 mingdan oshiq lokomotiv bo‘lgan. 2050 yilga borib Xitoy o‘z temir yo‘l tarmog‘ining uzunligini 270 ming kilometrga yetkazishni reja qilgan.

Xitoy temir yo‘llarida poyezdlar bir necha kategoriyaga bo‘linadi:

G maksimal tezligi soatiga 350 kilometrgacha bo‘lgan poyezdlar;

D – maksimal tezligi soatiga 200 kilometrdan oshadigan poyezdlar;

Z – maksimal tezligi soatiga 160 kilometr bo‘lgan kupe va platskart vagonlardan iborat poyezdlar;

T – maksimal tezligi soatiga 140 kilometr bo‘lgan kupe va platskart vagonlardan iborat poyezdlar;

K – maksimal tezligi soatiga 120 kilometr bo‘lgan kupe va platskart vagonlardan iborat poyezdlar.

Shuningdek, bugun Xitoy temir yo‘llarida harflar bilan belgilanmagan past tezlikda yuruvchi kam sonli eski poyezdlar ham saqlanib qolgan.

2016 yilda Xitoy Tibetda dunyodagi dengiz sathidan eng baland Tsinxay-Tibet temir yo‘l magistralini ishga tushirdi. Ushbu temir yo‘lning eng baland nuqtasi dengiz sathidan 5 072 metr balandlikdan o‘tgan. Tasavvur qilyapsizmi, 5 km balandlikda poyezd harakatlanadi! Bu super qurilish uchun Xitoy 4,2 millard dollar sarflagan.

Tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘llar qurilishi

Foto: Fresher

2004 yilda Xitoy davlat kengashi uzoq yillik tezyurar temir yo‘l liniyalarini rivojlantirish rejasini tasdiqlaydi. Unga ko‘ra vertikal va gorizontal yo‘nalishda umumiy uzunligi 12 ming kilometr bo‘lgan, jami sakkizta tezyurar temir yo‘l liniyalari qurilishi belgilanadi. Reja amalga oshirilganidan keyin poytaxt Pekin mamlakatdagi barcha provinsiya markazlari bilan tezyurar temir yo‘llar orqali bog‘lanishi lozim edi.

O‘sha yilning o‘zidayoq reja doirasida soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanish imkonini beradigan Guanchjou-Shenchjen temir yo‘li ishga tushiriladi. 2007 yilda China Railways tarkibida China Railway Group Limited kompaniyasi tashkil etiladi. Bu kompaniya Xitoydagi eng yirik qurilish kompaniyalardan biri bo‘lish bilan birga dunyo qurilish kompaniyalari orasida ham o‘z o‘rniga ega. Kompaniya nafaqat temir yo‘llar, balki metro liniyalari, avtomobil yo‘llari qurish bilan ham shug‘ullanadi.

2009 yil 26 dekabrda dunyodagi eng uzun Uhan- Guangjou tezyurar temir yo‘l liniyasini ham shu kompaniya qurgan.

Bundan tashqari, Pekin-Shanxay (2011 yil), Harbin-Dalyan (2012 yil), Pekin- Guangjou (2012 yil), Syamin-Shenchjyen (2013 yil), Lanjou-Urumchi (2014 yil), Guangjou-Hongkong (2018 yil) tezyurar temir yo‘l liniyalarini ham China Railway Group Limited kompaniyasi qurgan.

Foto: Wang He/Getty Images

2012 yil dekabr oyida ishga tushirilgan Pekin- Guangjou yo‘nalishi dunyodagi eng uzun tezyurar poyezd liniyasi hisoblanadi. Uning uzunligi 2,3 ming kilometrni tashkil etadi. Bu liniyada poyezdlar soatiga 300 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Shu tariqa, rejadagi tezyurar temir yo‘l liniyalari ishga tushiriladi va poytaxt Pekin barcha provinsiyalar markazi bilan tezyurar yo‘l orqali bog‘lanadi. Bugun Xitoyda tezyurar poyezd liniyalarining uzunligi 30 ming kilometrga yaqin.

So‘nggi yillarda ham Xitoyda yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan yangi temir yo‘l liniyalari qurilishi, shuningdek, mavjud yo‘llarni elektrlashtirish borasida jadal ish olib borilmoqda. Oddiy yo‘llarning ayrim uchastkalarida yo‘lovchi poyezdlar uchun maksimal tezlik soatiga 200 kilometrni tashkil etmoqda. Temir yo‘llarning yarmidan ko‘pi elektrlashtirilgan.

Bugun Xitoy Yaponiya va Yevropa davlatlarida mavjud bo‘lganlarni qo‘shib hisoblaganda ham ularnikidan ko‘p tezyurar temir yo‘l liniyalariga ega.

O‘ta yuqori tezlikda yuradigan poyezd liniyalari

Foto: Wang He/Getty Images

Xitoy bugun dunyodagi eng ko‘p tezyurar poyezd va yuqori tezlikda harakatlansa bo‘ladigan eng uzun temir yo‘llarga ega. Ularning bir qismi o‘ta yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan liniyalar hisoblanadi. 2014 yilda Xitoy dunyo bo‘yicha magnit levitatsiyasidagi eng yirik va yuqori tezlikda harakatlana oladigan ikkinchi tijoriy poyezd harakatini yo‘lga qo‘ydi. Uning harakat tezligi soatiga 431 kilometrga yetadi.

Oddiy relslarda yuqori tezlikda yuradigan poyezdlar Xitoyda 2016 yilda paydo bo‘lgan. Pekin va Tyanszin orasida poyezdlarning tezligi soatiga 350 kilometrgacha yetadi. Tezyurar temir yo‘llar Shitszyachjuan-Tayyuan,  Tsindao-Tszinan, Xefey-Uhan, Xefey-Nankin oralig‘ida qurib bo‘linib, bu shaharlar orasida allaqachon tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

2009 yilda hozirgi kunda eng mukammal hisoblanadigan Uhan-Guangjou va Jengjou-Sian temir yo‘l liniyalari ishga tushirilgan. Ularni qurishda yo‘l panjarasini (beton shpalalarda) mahkamlashning ballassiz texnologiyasi qo‘llangan, bu soatiga 350 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanish imkoniyatini beradi.

Uhan-Guangjou liniyasi ishga tushirilgan vaqtda dunyodagi eng tezyurar liniya hisoblangan. Bugun Xitoyda soatiga ming kilometr tezlikda harakatlansa bo‘ladigan temir yo‘l sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa yaqin kelajakda temir yo‘llarda harakatlanish bo‘yicha tom ma'noda «inqilob» yuz beradi va yangi rekordlar o‘rnatiladi.

Xitoyda temir yo‘llar rivojlanishi yo‘lovchilar sonini keskin oshirdi

Jiangsudagi metro stansiyasi. China Daily/Reuters

Temir yo‘llar bugun Xitoyda eng ommabop transport turi hisoblanadi. Mamlakatda nafaqat oddiy temir yo‘llar, balki tezyurar poyezd liniyalari qurilar ekan, shunga yarasha temir yo‘l orqali yo‘lovchi va yuk tashish ko‘rsatkichlari ham doimiy ravishda oshib kelmoqda. Bugun aksariyat xitoyliklar mamlakat bo‘ylab harakatlanishda, hatto uzoq masofalarga ham havo transportidan ko‘ra temir yo‘lda yurishni afzal ko‘rishmoqda.

Yangi tezyurar poyezdlar, sifatli servis xizmati, masofani bosib o‘tishda maksimal qisqa vaqt sarflanishi xitoyliklarni temir yo‘lda yurishga undamoqda. Poytaxt Pekindan istalgan provinsiya markaziga tezyurar poyezdda sakkiz (!) soatda yetib olish mumkin.

Bundan bir necha yil oldin China Eastern Airlines davlat aviakompaniyasi rahbari Lyu Shaoyun «So‘nggi yillarda tez sur'atlarda rivojlangan Xitoy tezyurar poyezdlar tarmog‘i yaqin yillarda mamlakat fuqaro aviatsiyasining kamida 60 foiz mijozlarini o‘ziga tortib oladi», deb fikr bildirgan edi. Amalda shunday bo‘ldi ham. Bugun xitoyliklar ishga qatnash, oilaviy sayohat, boshqa shaharlarga turli yumushlar bilan borishda asosan tezyurar poyezdlardan foydalanmoqda. Birgina misol: 2019 yilda Oy taqvimi bo‘yicha nishonlanadigan yangi yil ta'tilida, 40 kun davomida 2,98 milliard xitoylik yo‘lovchi aynan temir yo‘l orqali o‘z manziliga yetib olgan.

China Railways Xitoy bo‘ylab 28 turdagi ikki mingga yaqin tezyurar poyezddan yo‘lovchi tashishda foydalanyapti. So‘nggi yillarda Xitoyda tezyurar poyezdlar ishlab chiqaruvchi China Railway Rolling Stock Corp. kompaniyasi har yili yuzdan oshiq tezyurar poyezd ishlab chiqarib foydalanish uchun topshirib kelyapti.

Xitoy mo‘jizasi dunyo nigohida

2019 yilda Jahon banki «Xitoyda tezyurar poyezd liniyalarining rivojlanishi» mavzusida o‘z hisobotini e'lon qildi. Unda Xitoy tezyurar poyezd yo‘llarini boshqalarga qaraganda arzon va tezkorlik bilan qurayotgani, chipta narxlari ham arzonligi alohida qayd etilgan edi.

«Bir makon, bir yo‘l» shiori ostida Xitoy hatto Yevropaga ham poyezd qatnovini qo‘ydi. Ilk poyezd qatnovi 2014 yilda Iu-Madrid yo‘nalishida qatnay boshlaydi va Xitoydan yo‘lga chiqqan poyezd 21 kun deganda sakkiz mamlakat – Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Polsha, Germaniya, Fransiya hamda Ispaniya hududi bo‘ylab yurib, Madridga yetib boradi.

O‘shandan beri uzunligi 13 ming kilometrdan oshadigan bu yo‘nalishda poyezd muntazam qatnamoqda. Ushbu yo‘nalishga Xitoy tomoni «Yangi ipak yo‘li» deb nom bergan.

Iu-Madrid yo‘nalishini ochishdan avval ayrim joylarda temir yo‘llar qurish va ta'mirlash uchun 40 milliard dollar mablag‘ sarflangan. Darvoqe, 2017 yil Iudan yo‘lga chiqqan poyezd La Mansh ustidagi temir yo‘l orqali Londonga ham yetib borgan.

Bugun China Railways tarkibidagi turli kompaniyalar dunyoning ko‘plab davlatlarida temir yo‘llar, temir yo‘l tunnellari, ko‘priklar qurmoqda. Jumladan O‘zbekiston poytaxti bilan Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarni o‘zaro bog‘laydigan Qamchiq dovoni orqali o‘tgan temir yo‘l liniyasidagi tunnel ham China Railways tarkibidagi China Railway Tunnel Group tomonidan 2013-2016 yillar davomida qurib foydalanishga topshirilgan edi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid