Jahon | 14:48 / 19.08.2020
38351
22 daqiqa o‘qiladi

NATOning Sharqqa tomon kengayishi. Rossiyaga meros ziddiyat tarixi

Foto: flickr.com/U.S. Army

Rossiya va NATO munosabatlari yana muhokamalar markaziga chiqdi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi NATOning mamlakat chegaralari bo‘ylab kengayib borishi mintaqadagi tinchlikni ta’minlashga emas, aksincha vaziyat keskinlashishiga xizmat qilishini ma’lum qildi. Rossiya TIV AQSh Polshadagi askarlari sonini yana ming nafarga oshirishi borasidagi qarorini shunday izohladi.

AQSh va Polsha o‘rtasida 15 avgust kuni imzolangan kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shnisi bo‘lmish Polshadagi askarlari sonini yana ming nafarga oshirishi aniq bo‘ldi. Rossiya tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Polshada «shundog‘am AQSh harbiylari soni juda ko‘p» va ular 4,5 ming nafarni tashkil etadi. Rossiya TIV bayonotida Polsha va AQSh 1997 yilda imzolangan Rossiya-NATO aktiga qarshi ish qilgani ta’kidlangan.

NATO sharqqa (ya’ni Rossiya atrofida) kengayishi yangilik emas. Alyans tashkil etilganidan buyon bu borada muhokamalar to‘xtamaydi. Ayniqsa, Rossiyaning bir nechta to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shnilari NATOga qo‘shilgach, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tobora avj oldi. Keling, Rossiya TIVning bayonoti bahonasida NATOning tashkil etilishi, uning Sharqqa qarab kengayishi va Rossiyaning bunga munosabati mavzusiga atroflicha to‘xtalsak.

Bir paytlar, Turkiyani inobatga olmaganda, NATOning chegaralari Yevropa markazidan o‘tmas edi. 1991 yilda SSSR, 1992 yilda Yugoslaviya parchalangach, Sharqiy Yevropada mustaqil bo‘lgan davlatlar birin-ketin NATOga qo‘shila boshladi. Shu tariqa Shimoliy Atlantika alyansi nazoratidagi hudud tobora kengayib bordi.

Sobiq ittifoq parchalanishidan avval NATOga a’zo davlatlardan faqat Norvegiya va Turkiya SSSR bilan chegaradosh edi. Bugun esa SSSRning vorisi bo‘lgan Rossiya quruqlikda NATOga a’zo bo‘lgan Turkiya, Litva, Latviya, Estoniya, Polsha, dengizda (Qrim egallab olinganidan so‘ng) Bolgariya va Ruminiya kabi davlatlari bilan chegaradosh bo‘ldi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o‘tgan haftada Chexiya, Sloveniya, Avstriya va Polshaga tashrif buyurdi.  Foto: REUTERS/Janek Skarzynski 

NATOning tuzilishi

NATO (North Atlantic Treaty Organization) – Shimoliy Atlantika harbiy tashkiloti 1949 yil 4 aprel kuni Yevropaning 10ta, Shimoliy Amerikaning 2ta davlati: Belgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Fransiya, AQSh va Kanada davlatlari vakillari imzolagan shartnomaga binoan tuzilgan. O‘sha paytda bu tashkilotni tuzishdan maqsad Yevropani ikkinchi jahon urushidan keyin harbiy salohiyati nihoyatda kuchayib ketgan SSSRdan himoya qilish bo‘lgan.

NATOni tuzish g‘oyasi 1947 yilda AQSh prezidenti Harri Trumen tomonidan ilgari surilgan. Tashkilot nizomi 14ta bo‘limdan iborat. Undagi eng muhimlaridan bo‘lgan 5-bo‘limda «Tashkilotga a’zo davlatlardan biriga hujum qilinsa, bu holat tashkilotning boshqa a’zolariga ham agressiya qilingan deb baholanadi va javob choralari ko‘riladi», deb yozilgan.

Tashkilot nima maqsadda tuzilgani hech qachon sir saqlanmagan va bu haqda har doim oshkora gapirilgan. Masalan, 2009-2014 yillarda NATO bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan daniyalik siyosatchi Anders Fog Rasmussen alyans SSSRning Yevropaga ehtimoliy tajovuzlari oldini olish uchun tashkil etilganini aytgandi. «NATO dunyodagi vaziyat ancha xavfli bo‘lib turgan paytda tuzilgan edi. SSSRning Yevropaga ta’siri kuchayib borar ekan, o‘shanda 12ta davlat nafaqat xavfsizlik uchun, balki insoniyat uchun eng asosiy qadriyatlar – erkinlik, demokratiya, inson huquqlari kafolatlari, qonun ustuvorligini himoya qilish uchun birlashdilar», degan edi u.

Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro maydonda insoniyatni fashizm balosidan qutqargan g‘olib sifatida SSSRning obro‘si nihoyatda oshib ketadi. Qolaversa, urushda sovet askarining qadami yetgan Yevropadagi har bir qarich yer SSSR ta’sir doirasiga tushadi. O‘sha paytda dunyoning aksariyat siyosatchilari SSSR o‘zi ozod qilgan mamlakatlarni har qanaqasiga o‘z ta’sir doirasida ushlab qolishini tushunib, OAV yoki boshqa vositalar orqali dunyo hamjamiyatini bundan ogohlantirishga urinar edi. Ammo Sharqiy Yevropadagi insonlarning bir qismi «fashizmni yo‘q qilishda SSSR bosh rolni o‘ynadi, demak, sotsialistik yo‘l noto‘g‘ri emas», deb zimdan o‘z mamlakatida kommunistik rejim o‘rnatilishiga rozi bo‘la boshladi.

SSSR harbiylarining qadami yetgan mamlakatlarni shunchaki qo‘yib yubormasligi haqida ilk bor Stalin Potsdam konferensiyasida gapirgan edi. O‘shanda «dohiy» Sharqiy Yevropa mamlakatlari jon deb SSSRdagi do‘stlar yordamida sotsialistik davlat qurish niyatida ekanligi haqida AQSh prezidenti Harri Trumen va Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill bilan o‘tkazilgan muzokaralarda gapiradi. O‘shanda Cherchill va Trumen hech bo‘lmaganda Polshani Stalin changalidan ajratib olishga urinishadi, ammo buning imkoni bo‘lmaydi. Stalin Londonda qochqinda yurgan muvaqqat hukumat vakillari Varshavaga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi va Polshada polyak kommunistlaridan iborat «qo‘g‘irchoq hukumat» tuziladi. Shundan so‘ng, Trumen va Cherchill G‘arbiy Yevropaning xavfsizligi ustida bosh qotira boshlaydi va shu tariqa NATO tuziladi.

NATOga SSSR ham a’zo bo‘lishni xohlagan

Alyansga a’zo bo‘lishga qaror qilgan SSSR 1954 yil 31 martda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya hukumatlariga rasmiy nota yo‘llaydi.

«Umid qilamizki, G‘arb davlatlari SSSRning arizasini qanoatlantiradi va NATO SSSRga qarshi emas, balki tinchlikni saqlash uchun tuzilganini isbotlaydi. NATO ayrim davlatlarning yopiq harbiy guruhi bo‘lmay, boshqa Yevropa davlatlarning qo‘shilishi uchun ochiq bo‘lsagina, Yevropada kollektiv xavfsizlik bo‘yicha samarali tizim yaratish va Yer yuzida tinchlikni mustahkamlash uchun asosga ega bo‘lamiz», deyilgandi unda.

O‘shanda Vyacheslav Molotov boshchiligidagi sovet diplomatiyasi ayyorlik qiladi va uning har qanday natijasi SSSR uchun o‘ziga xos foydali bo‘lishi ehtimoli bor edi. Agar NATOga qo‘shilish masalasida ijobiy javob olinsa, SSSR nafaqat o‘z raqiblari bilan bir safda bo‘lar, balki «NATOning rejalarini ichidan fosh qilish» imkoniyatiga ega bo‘lardi. NATOga SSSRni qabul qilishmasa, bu alyansni qoralash uchun bahona bo‘lardi.

SSSRning NATOga qo‘shilish uchun qilgan ilk harakati tashkilot tuzilgan 1949 yilda boshlangan edi. O‘shanda SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Vishinskiy Buyuk Britaniya kommunistik partiyasi vositachiligi bilan Londonga Moskvaning NATOdagi ishtirokini muhokama qilish uchun boradi, ammo rad javobini oladi.

SSSRning NATOga qo‘shilish masalasi ikkinchi marta 1952 yilda, alyansga Gretsiya va Turkiya qo‘shilganidan so‘ng yana kun tartibiga chiqadi. Turkiya NATOga qo‘shilgach, harbiy blok chegaralari SSSRning janubiy chegaralari bilan tutashadi. O‘shanda Fransiya elchisi Lui Joks bilan uchrashuv chog‘ida Stalin prezident Charlz de Gollning NATOni faqat tinchlik tashkiloti deb bilishini eshitib, Vishinskiydan istehzo bilan so‘raydi: «Unda biz ham bu tashkilotga qo‘shilishimiz kerak emasmi?». Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.

SSSRning NATOga qo‘shilish uchun uchinchi jiddiy urinishi 1954 yilda, Stalin vafot etganidan bir yil o‘tib sodir bo‘ladi. O‘shanda SSSR tomonidan NATOga qo‘shilish uchun rasmiy ariza beriladi va uning tashabbuskori sovet ittifoqi TIV birinchi o‘rinbosari Andrey Gromiko edi. U 1954 yil 19 mart kuni KPSS Markaziy qo‘mitasi rayosatiga «Tashqi ishlar vazirligi NATOga qo‘shilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi», deyilgan bildirgi jo‘natadi.

Qizig‘i shundaki, o‘shanda SSSR bilan birga BMTda a’zoligi bo‘lgan Ukraina va Belarus nomidan ham NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirilgan edi.

G‘arbning yetakchi davlatlari hukumatlari Moskvaga ishonishmadi. Ular SSSRning birlamchi maqsadi AQShni Yevropadan quvib chiqarish va NATOni ichidan yemirish degan xulosaga kelishadi. Ammo shunda ham ular yaxshi niyatda ekanligini isbotlash uchun SSSRga Germaniya va Avstriyani tark etish, Koreya yarimoroli va Xitoydagi harbiy bazalarni tarqatib, qurollarni qisqartirish to‘g‘risida o‘zaro bitimlar imzolashni taklif qilishadi. SSSR rahbariyati G‘arb tomonidan qo‘yilayotgan bu shartlarga tabiiyki rozi bo‘lmaydi.

SSSR rahbariyati mamlakat NATOga qabul qilinmagani uchun xafa bo‘ladi. Moskva tomonidan berilgan rasmiy bayonotda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning bu boradagi pozitsiyasidan afsus bildirilgan edi.

1955 yilda Fransiya NATOga qabul qilinadi. Shundan so‘ng SSSR rahbariyati hech qachon NATOga qo‘shila olmasligini tushunib yetadi va o‘sha yili Varshavada Yevropadagi sotsialistik davlatlarining harbiy ittifoqini tuzish to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Bu tashkilot «Varshava shartnomasi tashkiloti» deb nom oladi.

Oradan bir necha yil o‘tib, 1961 yilda NATO va VShT loyihalarida ishtirok etishni xohlamagan 120ga yaqin davlat dunyoda tinchlik saqlash yo‘lida yangi harakat – Qo‘shilmaslik harakatini tuzadi.

NATOning kengayishi

1952 yil 18 fevralda NATOga Gretsiya va Turkiya a’zo bo‘lib kiradi. Bu tarixda «NATOning birinchi kengayishi» deb nomlangan. 1955 yil may oyida Germaniya Federativ Respublikasi, 1982 yil 30 mayda Ispaniya NATOga a’zo bo‘ladi. 1991 yilda SSSR tarqab ketishi ortidan u boshchilik qilib kelayotgan «sotsialistik lager» ham to‘zib ketadi va Sharqiy Yevropadagi davlatlarning barchasi sotsialistik tuzumdan kechib, G‘arbga, kapitalistik dunyoga yuzlanadi. Shundan so‘ng, 1999 yil 12 martda Vengriya, Polsha va Chexiya NATO a’zolariga aylanadi.

2004 yilda Bolgariya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya va Estoniya Shimoliy Atlantika harbiy alyansi – NATOga qo‘shiladi. 2009 yil 1 aprelda tashkilot o‘z safini Albaniya va Xorvatiya bilan, 2017 yil 5 iyunda esa Chernogoriya bilan kengaytiradi.

NATOga hozircha oxirgi bo‘lib, 2020 yil 27 mart kuni Shimoliy Makedoniya a’zo bo‘lib kirdi. Shu tariqa, dastlab 12ta davlat ishtirokida tuzilgan alyans a’zolari soni 30taga yetdi. Shuningdek, yana 3ta davlat – Bosniya va Gersogovina, Ukraina va Gruziya NATOga a’zo bo‘lish uchun murojaat qilgan.

NATOga a’zo bo‘lish uchun avvaliga ikkita shartga qaralgan. Birinchisi Yevropada joylashgan davlat bo‘lishi, ikkinchisi NATOga a’zo barcha davlatlarning roziligini olish. Keyinchalik SSSR tarqalib ketishi ortidan NATOga a’zo bo‘lish uchun ko‘plab davlatlar murojaat qilgach, alyansga a’zo bo‘lish shartlari murakkablashdi. Endi NATOga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan nomzod mamlakatning nafaqat qo‘shnilari bilan turli kelishmovchiliklari, balki hududiy jihatdan ichki muammolari ham bo‘lmasligi, shuningdek, harbiy xarajatlar uchun tashkilot talab qiladigan a’zolik badalini ajrata oladigan darajada iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi lozim.

Shu o‘rinda bir misol, Makedoniya NATOga a’zo bo‘lish uchun tashkilotning 2008 yil Buxarestda o‘tkazilgan sammitigacha ariza topshirgan edi. Ushbu sammitda Gretsiya Makedoniyaning NATOga qo‘shilishiga qarshi bo‘ladi. Greklarning talabiga ko‘ra, Makedoniya Gretsiya viloyatlaridan birining nomi hisoblanadi va shu tufayli Makedoniya davlati o‘z nomini o‘zgartirishi kerak edi. Bir necha yil davom etgan bahslardan so‘ng, Makedoniya o‘z nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirishga rozi bo‘ldi va nihoyat 2020 yil 27 mart kuni tashkilot safiga qabul qilindi.

Vaziyatga tashkilotga a’zo bo‘lish shartlaridan kelib chiqib qaralsa, Bosniya Gersogovina, Ukraina va Gruziyaning NATOga a’zo bo‘lish orzusi yaqin kelajakda amalga oshishi dargumon. Ukraina va Gruziyada ichki muammolar bunga yo‘l qo‘ymasa, Bosniyada vaziyat biroz boshqacharoq: mamlakatning bir qismini tashkil etuvchi Serb respublikasi Bosniyaning NATOga qo‘shilishini xohlamaydi. Bosniya Gersogovina uchta: Bosniya va Gersogovina federatsiyasi, Serb respublikasi va Brchko okrugidan iborat.

«Tinchlik yo‘lida hamkorlik»

Bugun NATOga a’zo davlatlar soni 30ga yetgan bo‘lsa-da, dunyoning yana ko‘plab davlatlari bu tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik qiladi. Alyans 1994 yildan boshlab dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» dasturi asosida o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Bu dastur bo‘yicha hamkorlik qilinadigan davlatlar bir necha guruhga bo‘linadi. Masalan, Bosniya va Gersogovina «A’zolik uchun harakat» guruhiga kirsa, Ukraina va Gruziya «O‘zaro muloqotni jadallashtirish» doirasida hamkorlik qiladi. Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Moldaviya va Serbiya bilan «Yakka tartibdagi hamkorlik» rejasi bo‘yicha hamkorlik qilinadi. «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» yo‘nalishidagi umumiy guruhda esa Avstriya, Belarus, Irlandiya, Qirg‘iziston, Malta, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Finlyandiya, Shveytsariya va Shvetsiya davlatlari bilan hamkorlik qilinadi.

O‘zbekiston va NATO o‘rtasida «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» bitimi 1994 yil 13 iyulda imzolangan. O‘shandan buyon O‘zbekiston ham NATO bilan o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda.

NATOning sharqqa kengayishiga SSSRning munosabati

AQSh va Kanada boshchiligida Yevropa mamlakatlari NATOni tuzar ekan, SSSR bunga xotirjam qarab tura olmas edi. Yuqorida yozilganiday, SSSR bu tashkilotga a’zo bo‘lish uchun bir necha marta urinib ko‘radi. G‘arb davlatlari SSSRni NATOga hech qachon a’zo qilmasligi oydinlashgach, SSSR boshqa yo‘ldan ketadi. 1955 yil 14 may kuni «sotsialistik lager»ga kiruvchi davlatlar: Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya demokratik respublikasi, Polsha, Ruminiya, Chexoslovakiya va SSSR NATOga qarshi o‘laroq «Varshava shartnomasi tashkiloti» deb nomlangan harbiy ittifoq bitimini imzolaydi. Jami 36 yil faoliyat olib borgan mazkur tashkilot 1991 yil 1 iyul kuni tarqatib yuboriladi. Qolaversa, 1952 yilda Turkiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga SSSRning bu davlatga nisbatan ilgari surgan hududiy da’volari sabab bo‘lgan edi.

Rossiya-NATO munosabatlari

Rossiya NATOning sharqqa qarab kengayishidan doim xavotir bildirib keladi. Bu xavotirlarning birinchisi Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin paytida bildirilgan edi. O‘shanda AQSh prezidenti Bill Klinton Yelsinga shunday degandi: «Boris, men sening xavotirlaringni yaxshi tushunib turibman. Shuning uchun senga NATOning sharqqa qarab kengayishini qabul qil demayman. Ammo xavotirga ham o‘rin yo‘q. NATO Rossiya bilan hech qachon to‘qnashmaydi. NATO-Rossiya munosabatlari har ikki tarafning qiziqishlari uchun xizmat qiladi va Rossiya NATOning haqiqiy hamkoriga aylanadi».

NATOga Sharqiy Yevropada ilk bor Polsha, Vengriya va Chexiya a’zo bo‘lgan edi. Bu davlatlarda NATOga a’zo bo‘lish masalasida referendum o‘tkazilgan va aholining aksariyat qismi harbiy blokka kirish uchun ovoz bergan. O‘shanda bu uch davlat uchun sovetlardan qolib ketgan qurollardan voz kechish va NATO standartiga o‘tish oson bo‘lmagan. Ammo ular qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, bu ishni qilishdi. O‘shanda bu uch davlat rahbarlari o‘zlariga Rossiya tomondan aniq xavf-xatar bo‘lmasa ham, o‘zlarini baxavotir his qilishlari uchun NATOga a’zo bo‘layotganlarini bildirgan. Masalan, Polsha prezidenti Lex Valensa biroz keskinroq fikr bildiradi: «Biz hammamiz hanuz Rossiyadan qo‘rqamiz. Rossiya agressiv tashqi siyosatni yoqlaydi va uni Polsha hamda Ukrainaga qarshi qo‘llashi mumkin». Polsha prezidenti bu gapini 1993 yilda, Polshaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi hali tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilayotgan vaqtda aytgan edi.

Rossiya va NATO o‘rtasidagi ilk ziddiyatlar 2008 yil boshida Ukraina va Gruziya ushbu harbiy tashkilotning «NATOga qo‘shilish uchun tayyorgarlik rejasi» safiga qo‘shilgani ortidan kelib chiqqan edi. O‘sha yili 8 avgustda Rossiyaning Gruziyaga kirishi ziddiyatni yanada kuchaytiradi. O‘shanda NATO rahbariyati Rossiyaning Janubiy Osetiyani himoya qilish uchun Gruziya bilan urushganini «Gruziyaga nisbatan agressiya» deb baholaydi. Shundan so‘ng Rossiya-NATO muloqotlari to‘xtab qoladi.

Rossiya va NATO o‘rtasidagi navbatdagi jiddiy ziddiyat 2014 yil martida Ukrainadagi voqealar ortidan kelib chiqadi. Ukraina mojarolarida mamlakat sharqidagi ayirmachilarga Rossiyaning yordami haqida ma’lumotlar chiqavergach, NATO va Rossiya munosabatlariga yana sovuqchilik tushadi. Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olgach esa munosabatlar tarixdagi eng yomon ko‘rinishga keladi. Shundan so‘ng, 2014 yil 25 dekabrda Vladimir Putin yangi harbiy doktrinani tasdiqladi va unga ko‘ra NATOning Rossiya chegaralari tomon kengayib kelishi mamlakat uchun jiddiy xavf deb hisoblanishi qayd etildi.

O‘shanda Rossiya va NATO o‘rtasidagi sovuq munosabatlar uchun ikki tomon bir-birini ayblaydi. Rossiya tomoni bir necha marta o‘zaro munosabatlar sovuqlashishiga NATO sababchi bo‘lganini ta’kidlab, munosabatlarni izga tushirish uchun tashkilot sustkashlik qilayotganini bildiradi. NATO esa Rossiya o‘zining agressiv harakatlari va lozim bo‘lmagan o‘rinda aralashuvi bilan Ukraina sharqidagi vaziyat izdan chiqishiga hissa qo‘shgani, imkoniyati bo‘lishi bilanoq «Ukraina ssenariysi» boshqa davlatlarda ham ro‘y berishi mumkinligidan xavotirlarini bildiradi.

Shuningdek, NATO Rossiyaning Qrimni qo‘shib olgani ham xalqaro kelishuv va normalarga zid holda amalga oshirilganini ta’kidlaydi. Masalan, 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan so‘ng NATOning o‘sha paytdagi bosh kotibi Anders Fog Rasmussen tashkilotning navbatdan tashqari yig‘ilishida, Rossiya tomonidan Qrimning qo‘shib olinishini nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa uchun jiddiy xavf deb baholaydi.

Qisqasi, har ikki tomon bir-birini qoralab kelishadi: Rossiya NATO chegaralari tobora o‘zi tomon siljib kelayotgani uchun, NATO esa rasmiy Moskvani yuritayotgan siyosat mintaqa uchun xavfli ko‘rinish olayotgani uchun ayblaydi.

2016 yilga kelib Rossiya-NATO muloqotlari qayta boshlanadi. Tomonlar o‘rtasida Ukraina sharqidagi vaziyatni barqarorlashtirish va IShIDga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik qilish masalalari ko‘riladi. Ammo munosabatlar sovuqligicha qolaveradi. Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil NATOning Bryusselda o‘tkazilgan sammitida Rossiya bilan chegaralar yaqinida harbiy-siyosiy to‘siqlarni yaratish, qo‘shinlarni joylashtirish hamda harbiy infratuzilmani yanada yaxshilash uchun tashkilot imkoniyatlarini ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilinadi.

2019 yil 15 aprel kuni Rossiya TIV o‘rinbosari Aleksandr Grushko «RIA Novosti»ga bergan intervyusida «Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani hamda fuqarolik va harbiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik butunlay to‘xtab qolgani» haqida gapiradi.

Ammo shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasida Rossiyaning doimiy vakili o‘rni saqlanib turibdi. 2018 yil 22 yanvargacha bu vazifada Aleksandr Grushko ishlagan. U TIVga o‘tkazilgandan so‘ng, uning o‘rniga boshqa odam tayinlanmagan. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, har ikki tomonning o‘zaro munosabatlari hanuz izga tushgani yo‘q. Zero, ikki qutb baribir tutashmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid