O‘zbekiston | 10:17 / 01.09.2020
3431
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki auditorlarni sertifikatlashni o‘zgartirish taklif etilmoqda

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibini  takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan. Qaror loyihasi Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan.

Korporativ boshqaruv jarayonida samarali ichki nazorat tizimini tashkil qilish va yuqori malakali ichki auditorlarni tayyorlash maqsadida “Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqlash va 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritish rejalashtirilmoqda.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan:

  • ichki auditor sertifikatini dastlab 5 yillik muddatga berish, navbatdagi muddatini 10 yilga uzaytirish va undan keyin muddatsiz davrga berish;
  • xalqaro sertifikati mavjud bo‘lganda ichki auditor sertifikatini berishni va amal qilish muddatini uzaytirishni, shuningdek, 10 yildan kam bo‘lmagan uzluksiz ichki auditor ish staji mavjud ichki auditor sertifikatining amal qilishini muddatsiz davrga uzaytirishni malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshirish;
  • «buxgalteriya hisobi» va «audit» mutaxassisliklari bo‘yicha magistr diplomiga ega bo‘lgan ichki auditor sertifikatini olishga talabgorlar uchun ish staji talabini o‘rnatmaslik nazarda tutilmoqda.

Nizom ichki auditor sertifikatini berish, amal qilishini uzaytirish, tugatish, qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibini belgilaydi.

Sertifikat egasi har yili malaka oshirish kurslaridan o‘tadi.

Nizom talabgorlarga malaka imtihonini topshirish yuzasidan qo‘yiladigan talablarni, ichki auditor sertifikatini olish uchun hujjatlar ro‘yxatini, imtihon o‘tkazish, sertifikatni rasmiylashtirish tartibi va boshqalarni reglamentlaydi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Mavzuga oid