O‘zbekiston | 11:29 / 24.09.2020
278984
3 daqiqa o‘qiladi

DTM: Test sinovlari natijalari bo‘yicha ishlar yakunlandi

Davlat test markazi abituriyentlarning imtihon natijalari bo‘yicha ishlar tugatilgani, lekin ijodiy imtihon natijalari endi yagona bazaga yig‘ilayotganini ma'lum qildi. Bu ishlar tugagach abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha tanlov natijasi e'lon qilinadi.

Davlat test markazining ma'lum qilishicha, abituriyentlarning test sinovlarida to‘plagan natijalari bo‘yicha ishlar tugatilgan.

Lekin joriy yilda ko‘plab imtiyozlar: harbiy xizmatchilarning farzandlari, IIV organi xodimlari farzandlari, harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi, xotin-qizlar va So‘x tumani uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari ham test sinovlari orqali talabalikka qabul qilinadigan ta'lim yo‘nalishlariga, ham kasbiy (ijodiy) imtihon orqali qabul qilinadigan ta'lim yo‘nalishlariga tatbiq etilmoqda.

Bundan tashqari, kasbiy (ijodiy) imtihonlar 20 sentyabrgacha davom etgan va shu sababli tanlov natijalarini hisoblash ishlari endi yakunlanmoqda.

«Hozir barcha OTMlarning kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari yagona bazaga yig‘ilmoqda va bu natijalar test sinovlari natijalari bilan birga hisoblanmoqda.

Mazkur jarayon yakuniga yetgach, abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kirish imtihonlari 2-13 sentabr kuni ochiq maydonlarda o‘tkazildi. DTM imtihonlar bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari 24 sentyabrda e'lon qilinishini ma'lum qilgan edi

Test natijalarini qanday bilish mumkin?

Abituriyentlar buning uchun ruxsatnomasining pastki o‘ng burchagida QR kod ostiga maxsus havola (link) ochib, test natijasini ko‘rishi mumkin.

QR kodni qanday o‘qish mumkin?

1) Hozirgi zamonaviy smartfonlarning deyarli barchasida QR kodni o‘qish uchun telefon kamerasining o‘zi kifoya qiladi. Alohida qanaqadir dastur o‘rnatish shart emas. Shunchaki telefon kamerasini yoqing va abituriyent ruxsatnomasining pastki qismidagi QR kod ustiga kamerani olib boring. Shunda telefon ekranida yozuv paydo bo‘ladi va abitur.dtm.uz saytidagi maxsus uzun havola chiqib keladi. O‘sha havolani brauzer orqali ochsangiz, natijani ko‘rish mumkin bo‘ladi.

2) Agar mabodo telefoningiz kamerasini QR kod ustiga olib borganingizda ekranda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, unda QR kod o‘qiydigan maxsus ilova yuklab olishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, mana dasturni yuklab olish mumkin.

Mavzuga oid