Jahon | 18:27 / 27.09.2020
27954
2 daqiqa o‘qiladi

«Ozarboyjon urush e'lon qildi» – Pashinyan armanistonliklarga murojaat qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qo‘shni Ozarboyjon bilan yuzaga kelgan mojaro sabab armanistonliklarga favqulodda murojaat qildi. Pashinyan o‘z chiqishi davomida bir qator masalalarda keskin fikrlar bildirdi.

Foto: Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi ikki mamlakat miqyosidan chiqib ketib, xalqaro xavfsizlikka ham daxl qilishi mumkin. «Ozarboyjon arman xalqiga urush e'lon qildi. Armaniston xalqining kerakli javobni berishga kuchi yetadi», dedi Pashinyan.

Armaniston bosh vaziri Turkiyaning Ozarboyjonga yordam berayotgani haqida ham gapirdi. «Bizning harbiy harakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, natijada dushman zarar ko‘ra boshladi. Xalqaro hamjamiyat vaziyatga Turkiyaning aralashishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Ozarboyjondagi rejim jinoiy harakatlarini Armaniston bilan chegarada amalga oshirishi va mintaqadagi barqarorlikni izdan chiqarish uchun provokatsiya qilishi ham mumkinligini bilamiz», degan Pashinyan.

27 sentabr kuniga o‘tar kechasi va yakshanba tongida Tog‘li Qorabog‘da yana Ozarboyjon va Armaniston harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi. Har ikki mamlakat bir-birini o‘t ochishni boshlashda ayblamoqda. Ikki tomondan ham o‘nlab odamlar qurbon bo‘lgani, tinch aholi orasidan ham halok bo‘lganlar borligi aytilmoqda.

Mavzuga oid