Sport | 01:02 / 03.11.2020
6552
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa chempionati 12ta davlat o‘rniga bir davlatda o‘tkazilishi mumkin – UYeFA

Foto: EPA

2021 yil yozida Yevropaning 12 ta davlatida o‘tishi rejalashtirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati pandemiya sababli birgina davlatda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda UYeFA matbuot xizmatida ma'lum qilindi.

Avvalroq Le Parisien fransuz nashri UYeFA Yevropaning bir qator davlatlarida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payayotgani sababli musobaqani bir davlatda o‘tkazish imkonini o‘rganayotganini ma'lum qilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, UYeFA musobaqani o‘tkazishga asosiy da'vogar sifatida Rossiyani qaramoqda. Tashkilot bunda Rossiya 2018 yilgi jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazganini inobatga olgan.

“Ayni vaqtdagi rejamiz Yevropa chempionatini rejalashtirilgan variantda o‘tkazishdan iborat. Ammo u 12 ta davlatda emas, 11 ta, 8 ta, 5 ta yoki umuman bitta davlatda o‘tishi mumkin. Biz hozir vaziyatni baholamoqdamiz. Hozircha hech qanday o‘zgarishlar muhokama qilinmadi. Bunda epidemiologik vaziyat qanday tus olishi, davlatlar o‘rtasida parvozlar qanday amalga oshirilishi va hukumatlar qanday munosabat bildirishini hisobga olish muhimdir”, – deb aytilgan UYeFA matbuot xizmatida.  

Yevropa chempionatining Rossiyada o‘tadigan qismining tashkiliy qo‘mitasi rahbari Aleksey Sorokinning ta'kidlashicha, u UYeFAning musobaqani to‘liq Rossiyada o‘tkazish rejasidan bexabar.

Yevropa chempionati dastlabki rejaga ko‘ra, Yevropaning 12 ta shahri: Sankt-Peterburg, London, Myunxen, Boku, Rim, Buxarest, Dublin, Kopengagen, Bilbao, Glazgo, Budapesht va Amsterdamda 2020 yil yozida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq pandemiya sababli musobaqani 2021 yilning 11 iyunidan 11 iyuligacha o‘tkazishga qaror qilingan.

 

Mavzuga oid