Jahon | 23:03 / 24.12.2020
10038
2 daqiqa o‘qiladi

Alibaba bir kun ichida 80 milliard dollarga arzonlashib ketdi 

Foto: REUTERS/Aly Song

Alibaba aksiyalari Xitoy rasmiy idoralari kompaniyaga nisbatan antimonopol tergov boshlagani haqidagi xabarlar ortida 11 foizga arzonlashib ketdi. Nyu-York fond birjasidagi 24 dekabrdagi savdolar vaqtida kompaniya aksiyalari narxi 227,1 dollargacha tushib ketgan. Vaholanki, bir kun avval ular 256,128 dollar turgan.

Buning oqibatida kompaniya kapitallashuvi 694,65 mlrd dollardan 614,5 mlrd dollargacha, ya'ni 80 mlrd dollarga qisqargan.

Alibaba Group’ga nisbatan tergov boshlanishi 24 dekabrda e'lon qilindi. Bunga internet-gigant mahsulotlarni sotish uchun Alibaba platformalaridan foydalanuvchi kompaniyalarga bosim o‘tkazishi haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Jumladan, kompaniya o‘z hamkorlarini boshqa savdo maydonchalariga o‘z tovarlarini taklif qilishlariga imkon bermaydigan hamkorlik haqida eksklyuziv shartnomalarni imzolashga majbur qiladi.     

Ushbu tergov o‘tgan oy kompaniyaning shu'ba kompaniyasi Ant’ning IPO’si o‘tkazilishi to‘satdan to‘xtatilganidan keyin o‘tkazilmoqda. IPO o‘tkazilishiga 2 kun qolganda bekor qilingan. Bunga kompaniyaning listing va axborotni oshkor qilish talablariga to‘g‘ri kelmasligi mumkinligi sabab qilib ko‘rsatilgan. 

E'tiborlisi, tarixda eng yirigi bo‘lishi kutilgan ushbu IPO’ni bekor qilish qarori Alibaba rahbari Jyek Ma Xitoy va xalqaro moliyaviy idoralar ishlash qoidalarini tanqid qilgandan keyin qabul qilingan va aslida Maning ushbu tanqidi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid