Jamiyat | 11:52 / 26.02.2021
9308
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirliklar va hokimliklarning eng yaxshi matbuot kotiblari aniqlandi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Adliya vazirligi tomonidan 3187-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan mezonlar asosida respublika darajasidagi 146ta tashkilot va idoralar hamda 206ta tuman va shahar hokimliklari matbuot kotiblarining 2020 yilning II yarim yilligidagi faoliyati samaradorligini o‘rgandi.

O‘rganish davomida axborot xizmati rahbari faoliyati uning:

  • ish hajmi (matbuot tadbirlari, ularda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki hamda tadbirlarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlar orqali jamoatchilikka yetkazish);
  • ish faoliyati sifati (matbuot tadbirlariga professional yondashuv, rahbariyatning ishtiroki, axborotni yetkazib berishda turli instrumentlardan foydalanish);
  • ish samaradorligi (axborotning qamrov miqyosi, sohaga oid muammolarni birinchi manba sifatida yoritish, tanqidiy materiallarga munosabat bildirish darajasi hamda rasmiy veb-sayt, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda axborot berish tezkorligi, tashkilot faoliyati bo‘yicha muayyan voqelik munosabati bilan rasmiy bayonot berish, xorijiy ommaviy axborot vositalarida materiallar e'lon qilish) asosiy mezon qilib olindi.

Shuningdek, matbuot kotiblari faoliyati samaradorligini baholash yondashuvlarida muayyan o‘zgarishlar kiritilib, har bir axborot xizmati rahbarining reytingi o‘zi taalluqli bo‘lgan yo‘nalish doirasida hisoblandi.

Tahlillarga ko‘ra, 2020 yil sentyabr oyiga qadar agentlik va uning hududiy boshqarmalari xulosalari asosida axborot xizmati rahbari lavozimiga rasman tasdiqlanib, faoliyat yuritayotgan respublika darajasidagi 125 nafar matbuot kotibidan 14 nafarining ish natijalari yuqori, 67 nafariniki o‘rta, 30 nafariniki qoniqarli, 17 nafarining faoliyati past darajada, deya baholandi.

Vazirliklar yo‘nalishida Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva, Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov, Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova, Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning faoliyati yuqori baholangan.

Mahalliy hokimliklar kesimida 190 nafar matbuot kotibidan 6 nafarining faoliyati yuqori, 7 nafariniki o‘rta, 117 nafariniki qoniqarli, 60 nafariniki esa past darajada, deb topildi. 16 nafar matbuot kotibi mazkur lavozim vakant bo‘lgani yoki matbuot kotibi 6 oydan kam faoliyat yuritgani sababli baholanmadi.

Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyati hokimliklari matbuot kotiblarining faoliyati yuqori baholangan. Tuman va shahar hokimliklari yo‘nalishida Uchtepa, Forish, Bulung‘ur tumanlari va Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Olmaliq shahar hokimliklarining axborot xizmati rahbarlari yuqori ko‘rsatkichga munosib ko‘rilgan.

Markaziy tashkilot, qo‘mita va agentliklar yo‘nalishida Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmatlari yuqori natijalarni qayd etgan.

Shuningdek, 2020 yilning ikkinchi yarim yilligida 50 nafar axborot xizmati rahbari muayyan voqeliklarga nisbatan rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa, 8 nafari faoliyati doirasidagi sohaga oid muammolarni yoritmagan, 23 nafar axborot xizmati rahbari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar haqidagi axborotni e'lon qilish holati (tezkorligi) talab darajasida emas.

AOKA tuman va shaharlar hokimliklari axborot xizmatlarida tashkiliy masalalardagi kamchiliklar, axborotni yetkazib berishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanmaslik, qamrovning torligi, shuningdek, ishning tizimli olib borilmasligi kabi kamchiliklar mavjudligini qayd etgan.

Mavzuga oid