Jamiyat | 20:00 / 25.03.2021
4636
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagrosug‘urta” xalqaro reytingda BB-darajasiga ega bo‘ldi

Foto: O‘zagrosug‘urta

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sug‘urta bozorini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish hamda sug‘urta tashkilotlari nufuzi va xizmat ko‘rsatish sifatini umumjahon talablari va me'yorlariga yetkazish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

Ushbu islohotlar doirasida jahon sug‘urta bozorida barqaror imijni shakllantirish va dunyoning rivojlangan sug‘urta tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJning moliyaviy xo‘jalik faoliyati “Deloyt” (Deloitte) va “Grant Tornton” (Grant Thornton) kabi jahondagi yetakchi auditorlik kompaniyalari tomonidan xalqaro audit standardlari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi va ijobiy xulosalar olindi.

Shuningdek, Jamiyat tasarrufida bo‘lgan barcha mol-mulklar “Veritas” baholash tashkiloti tomonidan xalqaro talablarga muvofiq baholandi. Sodda aytganda, Jamiyatning moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilgan ko‘rsatkichlarda aks ettirildi.

Ta'kidlash joizki, Jamiyat ketma-ket ikkinchi yil “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligi tomonidan “VV–” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy veb-saytida ma'lum qilindi.

Mazkur nufuzli xalqaro agentlik asosan sug‘urta sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalarni qimmatli qog‘ozlari, sug‘urta xizmati sifati va qamrovi, aktivlari hamda depozit portfeli, shuningdek, moliyaviy holatidan kelib chiqib baholaydi.

Dunyoning ko‘plab investorlari “Fitch”ning kredit reytingiga tayanib ish ko‘radi. Demak, “O‘zagrosug‘urta” AJga jahon sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlarida keng faoliyat olib borish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Jamiyat uchun mahalliy eksportyorlar va O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlarni sug‘urtaviy himoya orqali qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengayadi.

Ushbu reyting ko‘rsatkichi olingan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilish kafolati, yuqori salohiyatli investorlar uchun ishonchlilik darajasini belgilaydi.

Kompaniya mutaxassislari ko‘p yillik tajribaga ega va kapital bozorlarini tahlil qilishda foydalaniladigan ko‘plab mamlakatlarning ichki iqtisodiy mexanizmlari to‘g‘risida aniq bilimlarga ega. “Fitch”dan olingan tahlillar va prognozlar an'anaviy ravishda ishonchli va oshkora hisoblanadi.

Yana bir masala, Jamiyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kadrlar malakasini oshirish hamda ularning ko‘nikmalarini xalqaro talablar darajasiga yetkazish maqsadida rivojlangan mamlakatlarning ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tez-tez tajriba almashilmoqda. Shu bilan birga, Jamiyat tarkibiy tuzilmasida xalqaro moliyaviy standartlar asosida faoliyat yuritishni ta'minlaydigan bo‘lim tashkil etilganini ham alohida e'tirof etish kerak.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro reyting olish sug‘urta tashkilotining ishonchliligi va moliyaviy barqarorligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Bu esa xorijiy investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikatordir.

“O‘zagrosug‘urta” AJ Axborot xizmati

Mavzuga oid