O‘zbekiston | 11:46 / 08.04.2021
9533
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi maktab direktoriga «Spark» avtomobili berildi

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika hududlarida taqdirlash ishlari davom etmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyihada Navoiy viloyatida 36 600 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 27 574 nafar va Toshkent shahridan 25 572 nafar dasturchilar ishtirok etdi.

8 aprel kuni Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 2-maktab direktori Tursunoy Xalilovaga “Bir million dasturchi” loyihasida maktab o‘quvchilari qayd etgan yuqori natijalari uchun prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobili topshirildi. Shuningdek, maktabning bir qator informatika fani o‘qituvchilariga ham “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni, noutbuk hamda faxriy yorliqlar berildi.

Navoiy viloyatidagi “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida zamonaviy dasturlashni o‘rganayotgan o‘quvchilardan 18 567 nafari sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. 2020 yil yakunlari bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida eng faol informatika o‘qituvchilari Navoiy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ushbu loyihada ishtirok etish uchun www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib, “Bir million dasturchi” loyihasida dasturlashni bepul o‘rganish imkoniyatiga erishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 21 noyabrida Toshkent shahrida axborot texnologiyalari sohasida bepul ta'lim olish imkonini beruvchi “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi ishga tushirilgan edi.

Shuningdek, 7 aprel kuni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-son umumta'lim maktabi direktoriga ham “Spark” berilgan edi.

Mavzuga oid