Jamiyat | 14:22 / 14.04.2021
11758
5 daqiqa o‘qiladi

SSV Bosh akusher-ginekologi navoiylik ayolning o‘limi yuzasidan izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, professor Lola Abdullayeva Navoiy viloyatida shifoxonaga murojaat qilgan ayolda sinama ukoldan keyin anafilaktik shok kuzatilgani, bir necha kun o‘tib bemor vafot etgani yuzasidan fikr bildirdi.

Navoiy viloyati perinatal markazidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarda tezlik bilan tarqaldi. Unda yoshi katta uch erkak kishi va uch nafar bola shifoxona eshigi yoniga borib, «Bitta ukol bilan o‘ldirib qo‘ydi, o‘z oyog‘i bilan kelgandi», deya yig‘lashadi. Kattalardan birining qo‘lida marhuma ayolning surati, bolalar qo‘lida esa «Shifokorlar sabab biz onasiz qoldik» degan yozuvlar ko‘rinadi. Keksa yoshdagi erkak «Do‘xtirlar o‘ldirdi bolamni, savodsiz hamshira o‘ldirdi. 36 yoshida o‘lib ketdi», deya takrorlaydi.

Voqea yuzasidan Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirib, ayol «Tseftriakson» dori vositasining 1,0 grammi mushak orasiga sinamasidan so‘ng anfilaktik shok ortidan klinik o‘lim holatiga tushgani hamda 9 kun davomida hayoti uchun kurashilganiga qaramay, vafot etganini ma'lum qildi.

Noxush voqea qator savollar tug‘diradi. Ularning ichida eng muhimi – ayolni qutqarib qolish mumkinmidi? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher ginekologi, professor Lola Abdullayeva bilan suhbatlashdik.

– Lola Mirzatillayevna, navoiylik ayolda kuzatilgan anafilaktik shok o‘zi nima va u qanday kechadi?

– Anafilaktik shok – bu hayot uchun xavfli bo‘lgan va ko‘pincha bir nechta organ tizimlariga ta'sir qiladigan (masalan, nafas olish, oshqozon-ichak va yurak-qon tomir tizimlari) umumiy allergik reaksiya. Eng muhimi va og‘ir jihati – qon bosimining pasayishi bilan namoyon bo‘ladigan yurak-qon tomir tizimining buzilishi, shuningdek, nafas qisilishi bilan namoyon bo‘ladigan nafas olish tizimining buzilishi kuzatilishi mumkin.

Anafilaktik shok odamda allergiya keltirib chiqaradigan omil (odatda oziq-ovqat, hasharotlar yoki giyohvand moddalar) ta'siridan deyarli darhol (10 daqiqadan – 2 soatga qadar vaqt ichida) sodir bo‘ladi.

Ko‘pincha anafilaktik shokning sababini tezkor aniqlab bo‘lmaydi, shuning uchun allergiyaga aniq ta'sir ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, anafilaktik shok bo‘lishi mumkin.

Eng jiddiy allergik reaksiyalar nafas olish va yurak-qon tomir tizimini (yurak va qon bosimi) o‘z ichiga oladi. Bunday holda qon tomirlarining keskin kengayishi sodir bo‘ladi, buning natijasida qon bosimi pasayadi. Anafilaksiya bo‘lgan odamda nafas qisilishi, bo‘g‘ilish hissi, zaiflik, bosh aylanishi, ko‘z oldida qorayish, hushidan ketish va bosimning keskin pasayishi kuzatilishi mumkin. Ushbu alomatlar o‘ta xavfli bo‘lib, shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi.

– Ayni shu bemorni qutqarib qolish mumkinmidi?

– O‘rganilayotgan holatda, ya'ni 36 yoshli ayol bilan bog‘liq vaziyatda dori vositasi o‘ng bilak sohasiga sinama qo‘yilganidan keyin to‘satdan anafilaktik shok va klinik o‘lim holati kuzatilgan. O‘tkazilgan tezkor reanimatsion chora-tadbirlardan so‘ng yurak faoliyati tiklanib, uzaytirilgan sun'iy nafas berish apparatida reanimatsiya bo‘limida intensiv davo muolajalari davom ettirilgan.

9 kun mobaynida shifokorlar ushbu bemorning hayoti uchun kurash olib borishlariga qaramay, biologik o‘lim holati sodir bo‘lgan.

– Umuman, bunday holatda tibbiyot xodimlarini ayblash qanchalik to‘g‘ri?

– Albatta, bir onaning o‘limi, uch farzandning yetim qolishi – katta fojia. Bu oilaga sabr tilayman. O‘lim holati yuz berdimi, kimnidir javobgar qilish istagi bo‘ladi. Sodir bo‘lgan ona o‘limi yuzasidan tahlillar o‘tkazilib, bugungi kunda holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Albatta, kimnidir aybdor yoki aybsiz deya hukm chiqarish vakolati faqat sudda bor. Men uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib, o‘z fikrimni bildiraman xolos: bu holat bo‘yicha shifokorlarni ayblash noo‘rin.

E'tibor qiling, ko‘pchilik o‘ylaganidek, bemor shifoxonaga olib kelinishi bilan, bitta ukol ortidan o‘lib qolmayapti. Unda tibbiy jihatdan juda murakkab holat kuzatilyapti, shifokorlar uning hayoti uchun 9 kun uzluksiz kurashishyapti, ammo baribir ayol vafot etyapti.

Chunki anafilaktik shok allergik reaksiyalarning eng og‘ir shakli bo‘lib, hayot uchun xavfli jarayon va JSST ma'lumotlariga ko‘ra, tibbiyot sohasida rejali hamda tezkor davolanishda 1,5-2 foizgacha holatlarda kuzatiladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid