O‘zbekiston | 08:26 / 18.05.2021
4400
2 daqiqa o‘qiladi

“Mahsulotlarim bozorda sotilganini ko‘rib xursand bo‘laman”

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona shahar, “Jo‘ydam” MFY, Mirishkor ko‘chasi 32-uyda endigina tikuvchilik kasbini boshlagan Muxlisa Ulug‘ova istiqomat qiladi. U nogiron bo‘lishiga qaramasdan, hozirda tikuvchilik bilan mashg‘ul. Hokimiyat ko‘magida Muxlisaga tikuv mashinasi olib berildi. 

“Oilada ikki farzandmiz. Avvallari tikuvchilik qo‘limdan kelmas edi. Faqat mayda ishlar qilardim, xolos. Opamning bu sohada ancha tajribasi bor. U menga bu hunarni o‘rgatdi. Tikuvchilikni hozir ham o‘rganishda davom etyapman. Asosan ko‘rpa-to‘shak tikishni yo‘lga qo‘ydik. Tayyorlagan mahsulotni bozorga olib borib sotib kelyapmiz. 

Chevarchilikka yoshligimdan qiziqar edim. Opam yordamida bir necha yildan buyon choklar tikib kelardim. Endi esa tikuvchilik tarmog‘ini kengaytirish rejamiz bor. Hozirda faqat ko‘rpa-to‘shak tikayotgan bo‘lsam, yaqin kelajakda ayollar ko‘ylagi va boshqa kiyim-kechaklar tikishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Bu orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirmoqchiman. Tikkan mahsulotlarim bozorda sotilganini ko‘rsam xursand bo‘laman. Qilayotgan ishim menga zavq bag‘ishlaydi”, – deydi  Kun.uz muxbiri bilan suhbatda  yosh tikuvchi Muxlisa Ulug‘ova.

Mavzuga oid