Jahon | 09:05 / 02.06.2021
9433
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda odamga H10N3 parranda grippi virusi yuqishi bo‘yicha birinchi holat aniqlandi

Foto: Global Look Press

Xitoyning Tszyansu provinsiyasida ilk bor insonga parranda grippining H10N3 shtammi yuqishi qayd etildi. 1979 yilda birinchi marta Hongkongda aniqlangan ushbu shtamm bungacha faqat qushlardan qushlarga yuqqan

Xitoyning sog‘liqni saqlash masalalari davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, H10N3 bilan 41 yoshli erkak kasallangan. 23 aprelda erkakning tana harorati ko‘tarilgan va kasallikning boshqa alomatlari namoyon bo‘la boshlagan. 28 aprelda esa ahvoli yomonlashgach, mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. 

Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazi bemordan olingan namunalarni tahlil qilib, unda H10N3 shtammi borligini aniqlagan. 

Ta'kidlanishicha, bemorda aniqlangan virus genomining to‘liq tahlili u bemorga parrandadan yuqqanini va odamlar orasida keng tarqala olmasligini ko‘rsatgan.  

Bemor bilan yaqin aloqada bo‘lgan kishilar tibbiy nazorat ostiga olingan, biroq ularda hech qanday alomatlar qayd qilinmagan. Ayni vaqtda erkakning ahvoli barqaror deya baholanmoqda va umuman olganda shifoxonadan chiqarilishi mumkin. 

Bungacha H10N3’ning odamdan odamga yuqishi holati qayd etilmagan, qushlar orasida esa u kam yuquvchan hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, virusning odamga tasodifan yuqishi va keng tarqalishi xavfi past. 

Ularning ta'kidlashicha, virusning bir turdan ikkinchi turga o‘tishi uchun u katta miqdorda bo‘lishi talab etiladi. Ya'ni odam ushbu virusni yuqtirib olishi uchun uni katta miqdorda ichga yutgan bo‘lishi kerak. Shuning uchun parranda fabrikalarida nazoratni kuchaytirish lozimligi aytilmoqda.  

Mutaxassislar, shuningdek, kasallikdan o‘lgan va tirik qushlar bilan aloqadan qochishga, oziq-ovqat gigiyenasiga e'tiborli bo‘lishga hamda himoya choralarini ko‘rishga chaqirishgan. 

H10N3 shtammi ilk bor 1979 yilda Hongkongda, so‘ngra 2011 yil Tailanddagi qush bozorida aniqlangan. Bungacha ushbu virus odamlarda qayd qilinmagan. 

Mavzuga oid