Jamiyat | 14:19 / 19.06.2021
17071
6 daqiqa o‘qiladi

“Sinay muhri”, kerakli hujjatlar – “Ehromlar yurti” vizasi haqida

UzbekLife  vizalar mavzusini davom ettiradi. Ushbu maqola orqali Misr vizasi, uni olish tartibi, kerakli hujjatlar, to‘lovlar va talablar xususida so‘z yuritamiz.

Foto: Getty Images

Misr vizasi Qohira, Aleksandriya, Luksor, Asyut, Xurgada, Mars-Alam hamda Sharm-el-Sheyxdagi aeroportlarda, shuningdek, suv transporti orqali Nuveyba hamda Asuana portlarida (daryo orqali) kelgach rasmiylashtirishi mumkin. Afsuski, MDH mamlakatlari fuqarolari, xususan, O‘zbekiston fuqarolari ham Misr davlati vizasini olish uchun oldindan Toshkent shahridagi Misr elchixonasiga hujjat topshirishlari shart.

Kirish vizasi

Xalqaro sayyohlar uchun bir martalik kirish vizasi mamlakatga yetib kelgach istalgan kirish nuqtasida amalga oshirish mumkin. Faqatgina Isroil bilan chegaradosh qismidagi kirish punktida sayyoh pasportiga “Sinay muhri” bosiladi. Xalqaro turistlarda mamlakatga kirish uchun xorijga chiqish pasporti hamda qaytish bileti bo‘lishi yetarli. Bunda pasport amal qilish muddati viza beriladigan kundan e'tiboran 6 oy muddatdan kam bo‘lmasligi zarur.

Kirish vaqtida beriladigan turist vizasi muddati viza rasmiylashtirilgan kundan boshlab 1 oyni tashkil etadi.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, O‘zbekiston fuqarolari viza olish uchun Toshkent shahridagi Misr elchixonasiga quyidagi hujjatlarni shaxsan topshirishlari shart:

  1. Xorijga chiqish pasporti (viza beriladigan kundan e'tiboran pasport amal qilish muddati 6 oy muddatdan kam bo‘lmasligi zarur);
  2. Mehmonxona bron qilinganligi va kunlik to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya;
  3. Borish-kelish avia chiptalari;
  4. To‘ldirilgan anketa;
  5. 2 ta rangli fotosurat (3x4 sm).

Ta'lim vizasiga hujjat topshirilganida talab qilinadigan qo‘shimcha hujjatlar:

  1. Tibbiy sug‘urta;
  2. Universitetda o‘qish uchun OTM tomonidan yozma taklifnoma;
  3. Moliyaviy holat to‘g‘risida bank ma'lumotnomasi;
  4. Avvalgi ta'lim muassasalarining diplom va sertifikatlari nusxalari.

Odatda viza rasmiylashtirish muddati 3-5 ish kunini tashkil etadi. 

Aeroportda viza olish vaqtida xorijga chiqish pasportiga maxsus viza markasi yopishtiriladi. Otasi yoki onasining pasportiga ismi sharifi keltirilgan bolalar uchun viza berilmaydi va kirish uchun haq undirilmaydi.

Misr vizasi turlari

Misrga kirish uchun olinishi nisbatan ko‘proq va osonroq bo‘lgan ruxsatnoma bu “Sinay muhri” sanaladi. Ammo, tashrifingiz muddati uzoqroq bo‘lsa, unda rasmiy viza olish zarur.

Tashrif maqsadiga ko‘ra, Misr vizalari bir necha turga bo‘linishi mumkin:

  • Turist vizasi – tarixiy obidalar yoki ko‘ngilochar maskanlarga dam olish maqsadida tashrif buyuruvchilarga;
  • Ishchi vizasi – mamlakat hududida mehnat faoliyatini olib borish uchun taklif qilingan fuqarolarga;
  • Kasbiy viza – dengizchi, jurnalist, uchuvchilar va diplomatlar uchun taklif qiluvchi tomon tashabbusiga ko‘ra taqdim etiladi;
  • Biznes vizasi – biznes, o‘zaro hamkorlik, shartnomalar tuzish va hokazolar maqsadida tashrif buyuruvchilarga;
  • Ta'lim vizasi – Misr davlatidagi ta'lim muassasalarida o‘qish maqsadida tashrif buyurayotgan shaxslarga (jumladan voyaga yetmaganlarga ham) beriladi;
  • Kelinlik vizasi – oila qurish kelishuvi tuzilgach beriladi. Uning amal qilish muddati 6 oy bo‘lib, mazkur viza egasi berilgan 6 oy muddat ichida Misr fuqarosi bilan nikohdan o‘tishi shart;
  • Rezident vizasi – bu Misr fuqarosi sanalgan shaxsning turmush o‘rtog‘iga yoki mamlakat hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan rasmiylashtiriladi.

Misr vizasi muddatini uzaytirish

Sayyohlar viza muddatini uzaytirish hamda kirish sonini o‘zgartirish masalasida istalgan yirik shahardagi Misr IIBga murojaat qilishlari mumkin. Qoidaga ko‘ra, masala o‘z joyida hal qilinadi, biroq juda kamdan kam holatlarda uzaytirish muddati bir oydan oshishi mumkin. Viza uzaytirish yig‘imi 51 misr funtiga teng. Mamlakatda vaqtinchalik yashash huquqiga ega bo‘lish uchun misrlik ish beruvchi ma'lumotnomasi bo‘lishi yoki davlat hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishi yetarli.

“Sinay muhri”

 Misrning faqatgina Janubiy Sinay hududiga kelishni rejalashtirayotgan chet ellik fuqarolarga Sharm-el-Sheyx aeroportida va Nuvayba dengiz portida pasportlariga viza markasi o‘rniga bepul Sinay muhri urilishi mumkin. Biroq, mazkur muhrda vizaga qaraganda bir necha kamchiliklar mavjud.

Qo‘shimcha ma'lumot: Suriya va Eron fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish 8 haftagacha cho‘ziladi.

Xususan, uning muddati 15 kungacha bo‘lib, Misrning Afrika materigi qismiga kirish huquqini bermaydi. Sinay yarimoroli hududida, ya'ni Qizil dengizi bo‘ylab Sharm-el-Sheyxdan to Taba shahrigacha hamda yarimorolning 40 kmgacha bo‘lgan ichki qismi, ya'ni Muqaddas Katarina monastiri va Muso tog‘igacha harakatlanishlari mumkin.

Mamlakat bo‘ylab harakatlanish

Barcha chet el fuqarolari uchun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa, G‘azo sektori hamda mamlakatning janubiy qismi Qizil dengizidan Berenis qo‘rg‘oniga qadar bo‘lgan qismida erkin harakatlanish cheklangan.

E'tibor bering! Viza muddati tugagan taqdirda Ichki ishlar organlariga tashrif buyurish orqali viza muddatini uzaytirish mumkin. Amal qilish muddati o‘tib ketgan taqdirda 153 misr funti miqdorida jarima solinadi.

Asliddin Annayev
UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid