Sport | 10:32 / 12.07.2021
31373
14 daqiqa o‘qiladi

Chempionga aylangan «manekenlar»

Bilasizmi, futbol texnikasidan tashqari, ikki muhim jihat bor: motivatsiya (chog‘lanish) va sovuqqonlik. Jamoa o‘yinida va ko‘zlangan maqsadga erishishda bu ikki holat ham juda muhim va ularning o‘z o‘rni bor.

Michael Regan / Reuters / Scanpix / LETA

Masalan, mashg‘ulotlarda futbolchilar maksimal darajada sovuqqon bo‘lishadi, shuning uchun ular aynan mashg‘ulotlarda hech qachon maydonda qila olmaydigan harakatlarni amalga oshirishlari mumkin. Ba'zida futbolchilarning mashg‘ulotlarda ajoyib zarba ijro etganini ko‘ramizki, xuddi shuni u o‘yin paytida amalga oshira olishmaydi. Agar oshirsa, og‘zimizni kattaroq ochamiz, aslida xuddi shunday gollar mashg‘ulotlarga o‘nlab urilishi mumkinligini bilsak-da. Sababi, sovuqqonlik futbolchiga o‘z mahoratini ishga solishi uchun kerak bo‘lgan juda kerakli xislat, muhim o‘yin paytida sovuqqonlikni maksimal darajaga chiqara olish deyarli imkonsiz.

Lekin o‘yin paytida futbolchi mashg‘ulotlarda u hech qachon ega bo‘lmaydigan boshqa jihatga – motivatsiyaga ega bo‘ladi. Uning aslidan ko‘proq, tezroq yugurishi, o‘zida yo‘q bo‘lgan kuchni topa olishi, ba'zida jismoniy imkoniyatlaridan balandroq nimanidir namoyish qila olishi aynan motivatsiyaga bog‘liq. U hech qachon mashg‘ulotlarda o‘yindagi kabi motivatsiyaga ega bo‘lmaydi.

O‘ta yuqori motivatsiya sovuqqonlikni pasaytiradi, sovuqqon bo‘lish uchun esa, motivatsiyani haddan tashqari oshirib yubormaslik kerak. Har ikkisi ham zarur, motivatsiyasiz murabbiy shogirdlarini ko‘proq harakat qilishga, mehnat qilishga chog‘lay olmaydi, sovuqqonliksiz esa, kerakli taktikani qurish, futbolchilar ko‘rsatmalarni bajarishi va kerak bo‘lganda vaziyatlardan foydalanishi qiyinlashib ketadi. Bu go‘yoki bir-biriga zid bo‘lgan ikki faktor doimiy ravishda kurashadi va futbolda murabbiy oldida turadigan eng asosiy vazifalardan biri aynan mana shu jabhada muvozanat vujudga keltirishdir.

Endi bir qiziq mulohaza, e'tibor berganmisiz, qachon motivatsiya bosh planga chiqadi-yu, qachon sovuqqonlik juda zarur? Eslang, aynan murabbiy motivator tomonidan amalga oshirilgan ajoyib nutq bilan erishilgan afsonaviy g‘alabalar qachon sodir bo‘lgandi? Misol uchun, «Yunayted»ning «Bavariya» ustidan o‘sha g‘alabasi – «yigitlar, hozir kubok sizlardan ellik metr naryog‘da turibdi, lekin unga teginish, ko‘tarish uchun bugun bor kuchlaringni sarflamay turib, ertaga yana finalga kelishni o‘ylab ham o‘tirmanglar, olg‘a». Fergyuson birinchi bo‘limdan so‘ng yutqazayotgan shogirdlarini shunday deb maydonga boshlaydi.

Yoki Rafa Benitesning «Liverpul»i. Aytishlaricha, u tanaffus paytida hech narsa demagan, shunchaki, kiyim almashtirish xonasi oynalarini ochib qo‘ygan. U yerdan «Liverpul» muxlislarining «You will never walk alone» qo‘shig‘i balandroq eshitila boshlagan. Mana bu - motivatsiya.

Qarangki, raqib kuchli o‘yin ko‘rsatayotganda, hech qanday taktika ish bermay, qanaqadir qo‘shimcha kuch zarur bo‘lib turganda, murabbiylar motivatsiyani birinchi planga olib chiqishar ekan. Ya'ni o‘sha «MYu» ham, o‘sha «Liverpul» ham aslida, har tomonlama «Bavariya» va «Milan»dan kuchsiz o‘yin ko‘rsatayotgandi, murabbiylar nimaning hisobiga o‘yinda burilish yasash mumkinligiga aqllari yetmayotgandi ham balkim.

Sovuqqonlik esa, afsonaviy g‘alabalarda eslanmaydi. Chunki, o‘sha o‘yinlarda kuchliroq jamoa g‘alaba qozongan, hammasi o‘z holicha tugagan bo‘ladi. Jamoa o‘zidan kuchsizroq bo‘lgan yoki teng bo‘lgan jamoaga qarshi to‘g‘ri taktika, yaxshi reja va vaziyatlardan unumli foydalanish yordamida g‘alaba qozonadi. Bu yerda esa, sovuqqonlik eng zarur faktorga aylanadi, murabbiylar ortiqcha gaplardan tiyilib, imkon qadar shogirdlariga futbolni, raqibni, ustunlik va kamchiliklarni, maydondagi vazifalarni tushuntirishga harakat qiladi. Futbolchining miyasi aynan futbol bilan to‘la bo‘lishi muhim.

2009 yildagi YeChL finali oldidan, Pep futbolchilarga video qo‘yib beradi. Pep va Tito finalgacha bosib o‘tgan yo‘l haqida video tayyorlashgan ekan. Lavhalarda chiroyli gollar, qiyin holatlar va «Gladiator» filmi musiqasi bor edi.

«Boss juda hissiyotga beriluvchan edi. U uzoq vaqt videoni tayyorladi va bizni ichkariga kiritmay turdi. Biz filmni ko‘rib yig‘lab ham yubordik, keyin Andre Bochelli Chempionlar Ligasi gimnini kuylayotganda, yanayam badtar bo‘ldi ahvolimiz. «Manchester Yunayted» futbolchilari bizga nima bo‘lganini tushunmay, hayron bo‘lishgandi», – deb eslaydi Viktor Valdes.

Manel Estiarte, tarixdagi eng kuchli vaterpolistlardan biri, Gvardiolaning yordamchisi esa, shunday deydi: «Agar video futbolchilarning motivatsiyasini oshirish uchun tayyorlangan bo‘lsa – bu juda noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Futbolchilar g‘alati bo‘lib qolishgan, agar ilk 10 daqiqada Valdes bizni qutqarmaganda, uchta gol o‘tkazib yuborardik».

Ishonamanki, Joze Mourino 2010 yilgi Yevropa Chempionlar Ligasida «Barselona»ga qarshi javob o‘yini oldidan ko‘p vaqtini shogirdlarining motivatsiyasini oshirishga sarflagan, lekin finalda, «Bavariya» bilan o‘yinda esa, aksincha, sovuqqonlikni oshirish, xotirjamlik haqida gapirgan, reja asosida harakat qilinsa, g‘alaba «Inter» qo‘lida ekanini ishontirishga uringan. Sababi, «Barselona» kuchli edi, ularni shunchaki, taktika bilan yutib bo‘lmasdi, Joze baqirgan, tentaklik qilgan, futbolchilarni jangga, o‘limga ketayotgandek tayyorlagan, shu o‘yindan keyin boshqa hayot yo‘qligiga ishontirgan. Finaldagi «Bavariya» esa «Inter»dan kuchsiz bo‘lgan, Mourino shogirdlari ortiqcha hayajon va bosimga berilib ketishidan qo‘rqqan, baqirmagan, yig‘lamagan, o‘zini sovuqqon tutib, bu kayfiyatni shogirdlariga yuqtirmoqchi bo‘lgan. Har ikki o‘yinda ham hal qiluvchi omil mana shu yerda edi, menimcha.

Tan olish kerak, Manchini taktik daho emas, uning shogirdlari esa, raqibdan bir bosh kuchli emasdilar. Ya'ni Angliya tarkib salohiyati, imkoniyati borasida Italiyadan yetarlicha ustun edi. Angliyadan talab qilinadigani, xuddi Germaniya bilan o‘yin kabi, o‘z kuchiga ishongan holda, sovuqqonlik bilan belgilangan vazifani bajarish edi. Bilasizmi, nima xalaqit qildi?

Haddan ortiq motivatsiya. Angliya, nafaqat murabbiy yoki futbolchilar, balki butun Angliya g‘alabani oldindan nishonlab yubordi. O‘yindan oldingi shiorlar, «futbol uyga qaytmoqda» qabilidagi baland so‘zlar, qirolichaning Sautgeytga xatidan tortib, kimlarga «Ser» unvonini berish kerakligi haqida mulohazalar. Italiya matbuotini o‘qimadim-u, Angliyada hatto, «mabodo bugun chempion bo‘lib, kechasi bilan bayram qilinsa, ertaga – dushanba ish kunini yarim kun kech boshlash, bog‘chalarga ta'til berish» haqida ham mavzular ko‘tarildi. 55 yilda finalga qaytish, «Uembli» finali, yutsa bo‘ladigan raqib, hamma hammasi Angliyaning uzoq kutilgan g‘alabasi uchun tayyorlab qo‘yilgan edi.

Hisobni Shou familiyali futbolchi ochgani ham qiziq – shou boshlanishimi bu? Nazarimda, ingliz futbolchilari o‘ynashda davom etish, murabbiy ko‘rsatmalari asosida reja bo‘yicha davom etish o‘rniga, o‘yindan keyingi bayramni kuta boshlashdi go‘yo. Axir shuncha gap, shunday muhit, kim ham buzardi... Ajoyib hikoyaga dekoratsiya vazifasini o‘tayotgan jarangdor Italiyami? Shouning golidan keyingi 132 daqiqada Angliya atigi bir marotaba raqib darvozasiga aniq zarba berdi. Bir martagina. Jiddiy fakt.

Yaqindagina V Seriyalarda o‘ynab yurgan Manchini shogirdlari oldida bo‘lajak ingliz yulduzlari ancha bosim ostida qolishganini sezish qiyin emasdi. Mabodo Angliya yutqazsa, degan savol qo‘yilmadi ham. Buning ustiga Sautgeyt yo‘q joydan qo‘shimcha muammolar yaratib olgani ham qiziq. Masalan, penalti tepgan beshlikni olaylik. Sancho ham, Reshford ham, hatto Saka ham murabbiyning asosiy tanlovi emasdi turnirda. Finalgacha deyarli hech narsa qilmagan Sancho yoki Reshford faqat penalti tepish uchun tushirilishi shundoq ham mavjud bo‘lgan bosimni bir necha barobarga oshirib yubormaydimi? Ursang, mayli, bekorga kelmagan bo‘lasan, ura olmasang, asosiy antiqahramon sensan – bu shartlarda yosh futbolchilar mashg‘ulotlardagidek sovuqqon bo‘la oladilarmi? Aytaylik, finalda gol urgan Shou yoki Angliyani guruhdan olib chiqqan Sterlingda bosim kamroq bo‘lar, penalti urilmagan holatda ham, turnirdagi avvalgi xizmatlar tufayli, sal yengilroq qabul qilinmasmidi? Endi Reshford yoki Sancho kabi futbolchilarning milliy jamoaning to‘laqonli a'zosiga aylanishlari oson kechmaydi, ular turli irqchilik haqoratlaridan qutulishlari uchun qandaydir qahramonliklar qilishga majbur bo‘lib qoldilar. Menimcha, Sautgeytning yana bir noto‘g‘ri qarori.

Umuman olganda, ortiqcha bosim va motivatsiya ingliz futbolchilardagi sovuqqonlikni pasaytirib, mahoratda pand berganini e'tirof etish kerak. Finalda hech qaysi futbolchi o‘z darajasidagi o‘yinni namoyish qila olmadi, masalan. Bunga endi, salkam ikki yillik tanaffusdan so‘ng futbolchilar ilk bor to‘liq stadionlarda futbol o‘ynashni boshlashganini ham qo‘shing.

Bu qaysidir ma'noda, 2014 yildagi «Liverpul»ni eslatib yubordi. Liverpulliklar mavsumdagi so‘nggi jiddiy raqib «Chelsi»ni mag‘lub etishsa, uzoq kutilgan chempionlik uchun juda yaqin kelishardi. O‘yin yakshanba kuniga belgilangan, «Chelsi»ni esa, ikki kun o‘tib, YeChL yarimfinalida «Atletiko» kutardi. Londonliklar avvaliga o‘yinni bir kun oldinga surishga harakat qilishdi, APL ruxsat bermadi. Chempionatda ochko zarur bo‘lmagan Mourino majburan «Liverpul»ga qarshi o‘yinda asosiy futbolchilarga dam berdi. Aslida «Liverpul»ning imkoniyatlarini oshirib yuborishi kerak bo‘lgan bu omil teskariga ishlab ketdi. Birinchidan, kuchsizlangan «Chelsi» mezbonlarga g‘alabani oldindan nishonlashga sharoit yaratayotgandek tasavvur uyg‘otardi, Mourino esa, bu holatdan shogirdlariga motivatsiya berish uchun foydalandi: «Ular bizni o‘z bayramlaridagi masxarabozga aylantirishmoqchi. Nahotki bunga yo‘l qo‘yamiz?» dedi u shogirdlariga.

Natija ma'lum, hech qanday bosimsiz, bemalol o‘ynagan «Chelsi» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va «Liverpul»ning chempionligi 6 yilga kechikdi.

Aytishlaricha, 1950 yilgi jahon chempionatida Braziliya xuddi shunday holatga tushgan ekan. Hammasi bayramona tayyorlangan, Urugvayga qarshi so‘nggi final uchrashuvi go‘yoki chempionlik oldidan o‘tadigan rasmiyatchilikka o‘xshab qolgan ekan. Mahalliy matbuot tun-u kun Braziliya futbolchilari qahramonliklari haqida yozib, turnirning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida kim tanlanishi, ertasiga qayerlarda tadbirlar uyushtirish-u, necha kun bayram qilishgacha yozib tashlashgan.

Hatto o‘yin kuni mahalliy «O Mundo» gazetasi Braziliya milliy jamoasi rasmini berib, tagiga «Jahon chempionlari» deb yozib ham qo‘yadi. O‘shanda Urugvay sardori Obdulio Varela o‘sha gazetadan 20ta toptiradi va yechinish xonasiga olib keladi va «afsus, siz yutqazdingiz» deb har bir sherigiga tarqatib chiqadi. So‘ng o‘z xonasidagi unitazga gazetani tashlab, hojatini chiqaradi, suvni oqizib yuboradi. Sheriklariga ham shunday qilishni aytadi. Natija ma'lum – o‘sha o‘yinda durang ham qoniqtiradigan Braziliya g‘alabani qo‘lga chiqarib, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi.

Roberto Manchini birinchi bo‘limdan keyingi tanaffusda qaysi gazetani yirtganini bilmayman, shogirdlarini qaysi yo‘l bilan chog‘lantirganini ham. Lekin qoyil, Italiya o‘yinda burilish yasadi, futbol qachon tugashini yana bir bor butun Yevropaga bildirib qo‘ydi.

Orkestr ham, to‘yxona ham, artistlar ham, hammasi inglizlardan. Raqsga esa, italiyaliklar tushishdi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid