Jahon | 19:38 / 20.09.2021
16945
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Kanar orollarida «uyqudagi vulqon» otilishi boshlandi

19 sentabr kuni Kanar orollari arxipelagi tarkibidagi Palma orolida Kumbre-Vexa vulqoni uyg‘ondi. Lava oqimi yaqin atrofdagi kichik qishloqlarga yetib kelgan. Ispaniya hukumati ko‘plab aholi punktlarida aholini evakuatsiya qilgan.

Borja Suarez / Reuters / Scanpix / LETA

Vulqon yakshanba kuni boshlangan, dushanba kuni lava oqimi yo‘lidan chiqqan barcha narsani yakson etib, aholi uylariga yetib kelgan. 

Palma oroli hukumati vulqon atrofidagi qishloqlarda yashovchilarni 5000 kishini evakuatsiya qildi. Uy jonivorlari ham evakuatsiya qilinmoqda.

Ispaniya mudofaa vaziri evakuatsiya jarayoniga harbiylar jalb etilganini ma'lum qilgan.

Palmaga Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches uchib kelgan. U OAV vakillari bilan uchrashuvda hukumat o‘rmon yong‘inlarining oldini olishiga ishontirgan. Amaliyotda harbiylar va Ispaniya fuqarolik gvardiyasi xodimlari ishtirok etmoqda.

«Lava o‘z yo‘lida hech narsani omon qoldirmaydi», degan jurnalistlarga El-Paso shaharchasi meri Serxio Rodriges. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi yaqin orada o‘z uylariga qayta olmaydi.

Yakshanba kuni mahalliy Binter aviakompaniyasi orolga parvozlarni to‘xtatdi, ammo Ispaniya fuqarolik aviatsiyasi agentligi orol ustidagi havo kengliklari yopilmaganini ma'lum qilgan.

Orolda 500 nafarga yaqin sayyoh ham evakuatsiya qilingan, ammo Ispaniya turizm vaziri Reyyes Maroto odamlardan orolni tark etmaslikni so‘ragan.

«Orol ochiq. Agar mehmonxonangiz zararlansa, biz siz uchun boshqa nomer buyurtma qilamiz. Tabiatdan bahra olish imkoniyatlaridan foydalaning», degan u.

Mahalliy aholi vaqti vaqti bilan tuproq tebranishlari ovozi eshitilib turganini, vulqon tomondan kuchli ovozlar chiqayotganini aytmoqda. «Xuddi 20ta qiruvchi samolyot birdaniga uchib kelgandek», deya tasvirlaydi holatni gid bo‘lib ishlovchi Jonas Peres.

Palma oroli - vulqondan paydo bo‘lgan, uning markaziy qismida vulqonlar tizmasi joylashgan. Mazkur vulqonlar zanjiri so‘nggi marta 1971 yilda otilgan, o‘shanda Tenegiya vulqoni uyg‘ongandi.

Mamlakat milliy geografiya instituti xabar qilishicha, vulqon uyg‘onishidan avval bir hafta davomida mazkur hududda seysmik faollik kuzatilib, 22 ming marta yer silkinishi qayd etilgan, Kumbre-Vexa atrofidagi zilzilalarning maksimal kuchi 3,8 ball atrofida bo‘lgan.

Kumbre-Vexa vulqoni uyg‘onishi atrofga kul sochilishi bilan boshlandi

Vulqonshunos Stavros Meletides Reuters agentligiga bergan intervyusida vulqon yonbag‘rida beshta yoriq paydo bo‘lgani, ayni paytda vulqon qancha davom etishini hech kim ayta olmasligini aytib o‘tgan.

Orol hukumati to‘rtta qishloq aholisini evakuatsiya qildi

Hozircha qurbonlar haqida ma'lumot kelib tushmagan, lekin orol rasmiylari bir necha yo‘llar shikastlangani haqida xabar bergan.

Vulqon ustidagi tutun ustuni. Fotosurat qutqaruv xizmati xodimi tomonidan olingan

Mavzuga oid