Chirchiqdagi abgor qabriston mas'ullar e'tiboridan chetda qolmoqda
14-sonli qabriston Chirchiq shahrining eng yirik mozorlaridan biri bo‘lsa-da, obodonlashtirishga muhtoj holatda qolmoqda.
Chirchiq shahridan tahririyatimizga kelib tushgan shikoyatda suvi, “sveti” yo‘q qabriston haqida yozishibdi.
Avvaliga: “Tiriklarning shuncha muammosi turib, o‘zga dunyoga ko‘chib o‘tgan, bu dunyoda jonsiz tanasi qayerda yotgani u uchun ahamiyatsiz bo‘lganlarning “muammosini” ko‘taramizmi?” dedik o‘zimizga o‘zimiz. Ammo o‘sha qabristonga aziz kishisini – otasini qo‘ygan opa-singilning qayta-qayta qilgan iltimosiga dosh berolmay, u yerga bordik. Shundagina tushundik, his qildik – garchi o‘liklarga tanasi qayerda yotganining farqi bo‘lmasa-da, yaqin kishisini yerga qo‘ygan tiriklar uchun buning ahamiyati bor ekan…
“Otamizni yo‘qotdik. Mehribon, g‘amxo‘r otamizni yo‘qotdik, – deya so‘z boshladi Dilnoza Tog‘ayeva. – Otam Chirchiq shahriga harbiy xizmatchi bo‘lib ishga kelganlar, Chirchiq shahri yangi barpo etilayotgan paytlar edi, xizmatni o‘tab, shu yerda oila qurib, qariyb 60 yilga yaqin Chirchiqda yashadilar. Hamisha shahar obod bo‘lishiga, ko‘kalamzorlashtirishga xarakat qilgan insonlardan bo‘lib kelganlar.
Shahardagi 14-sonli qabristonga dafn etdik. Qabristonga kelar ekanmiz, uning xarob ahvoli dilimizni vayron qildi. Tushunaman, o‘lganlarga qayerda yotish muhim emas. Biroq...
Otamning farzandi sifatida va shu yerda yotgan barcha indamaslar olamiga ko‘chgan insonlar haqi-hurmati shu yerni obod qilishga bel bog‘ladik. Ammo ko‘p sonli murojaatlarimiz hokimiyat va mutasaddi rahbarlar tomonidan bepisandlik, beparvolik bilan rad etib kelinmoqda”.
Chirchiq shahri “Ma'rifat” MFY raisi Anvarxon Mahsumov bilan ham suhbatda bo‘ldik.
“Men bu mozor to‘g‘risida chopaverib, bormagan joyim qolmagan. Hammaga aytganman: “Mana shu mozor – hammamizning kelajakda kelib yotadigan uyimiz. Kelinglar, shu yerni obod qilaylik”, deb. Obodonlashtirish boshqarmasining rahbari mana shu mozorimizni hali kelib ko‘rmagan. Kecha prezident portaliga murojaat qilingani uchun, shu yerni telefonda lokatsiya bilan topib kelibdi. Bu qanaqasi, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari mozori qayerdaligini bilmasa?!
O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham yoki Qirg‘izistonda ham avval mozorimizni va bozorimizni ko‘rib, xalqqa baho beriladi. Bu mozorni ko‘rgan insonlar qanday baho bersin? Mozor bir men-u, bir go‘rkovgagina kerak emas. Mana shu yerga hozir 8 ta mahallaning odamini ko‘myapmiz. Pandemiya bo‘lgani sababli 400 dan ortiq odam ko‘mildi bir yarim yil ichida. Agar 13 yil mobaynida 376 odam ko‘milgan bo‘lsa, bir yarim yilda 400dan oshiq odam ko‘mildi.
Hozir shahrimizda 7 ta mana shunday mozor ishlayapti. Qolganlari to‘lgan va yopilgan. 430 m quvur olib kelib, o‘rnatdik, lekin 1 tomchi ham suv oqqani yo‘q. Mana, kelgan ziyoratchilar qo‘lini yuvib olishi uchun ham sharoit yo‘q. Bu yerdagi yer juda qattiq, traktor bilan kavlanadigan. Bu yerni sug‘ormay turib kavlab bo‘lmaydi. Bir qabrni kavlash uchun, agar traktor bilan kavlanmasa, ikki go‘rkov bir sutkada ham kavlab ololmaydi. Yer qattiq, yumshatish uchun suv kerak.
14-son mozorimiz – shahrimizning eng katta hududli qabristoni. Hammani shu yerga olib kelib ko‘mishyapti, kelajakda qolgan mahallalarning odamlarini ham olib kelib ko‘mishar. Mahallalar raislariga har doim aytaman: “Bir men rais emas, sizlar ham raissizlar, sizning mahallangizni odamlarini ham olib kelib ko‘myapmiz axir”, deb. Lekin birontasi yordam bergisi yo‘q.
Mana, qo‘shnimizning fermasi bor, shu fermer xo‘jaligidan tok olib, Keles kanalidan nasos bilan suv tortib olamiz. Noshud bandalar bor ekan, mart oyida shu nasosni ham o‘g‘irlab ketishdi. Qaytadan boshqa yerdan nasos olib keldik. Mozorning narsasini o‘g‘irlaganlarni nima ham deyish mumkin?!
Bir lampochkani yoqish uchun ham, mana yonimizda ferma bor, fermerdan iltimos qilamiz. Rahmat shu odamga, mayli deydi. Aslida Obodonlashtirish boshqarmasining o‘z hisobraqami bor, kassasida puli bor. O‘zi “schyotchik” qo‘yib, to‘lasa bo‘ladi. Lekin, yo‘q!
Qorong‘ida bo‘lganda, ba'zi vaqtlar shunday bo‘ladiki, dafn kech qolib ketadi. Qorong‘ida ham mayit olib kelishadi. Fonarda mayit ko‘mamiz...”
Shokir Sharipov tayyorladi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
09:30 / 07.12.2024
Chirchiq daryosidagi orolchada qolib ketgan fuqaro qutqarildi
20:16 / 06.12.2024
Qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib kelganlar tabiatga 65 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi
07:31 / 09.11.2024
Chirchiq daryosidan qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishi oqibatida 233 mlrd so‘m zarar yetkazildi
10:50 / 01.11.2024