Jahon | 23:22 / 19.10.2021
5973
2 daqiqa o‘qiladi

Nikolya Sarkozi sudga kuch bilan keltirilishi mumkinligi aytildi

Foto: EPA-EFE/YOAN VALAT

Fransiya sudi sobiq prezident Nikolya Sarkozini Yelisey saroyi uchun ijtimoiy so‘rovnomalar ishi bo‘yicha 2 noyabrga guvoh sifatida so‘roqqa chaqirtirdi. Ta'kidlanishicha, agar Sarkozi sud yig‘ilishiga o‘z xohishi bilan kelmasa, unda kuch bilan keltirilishi mumkin. Bu haqda BFM telekanali xabar berdi.

Avvalroq Parij sudida mahalliy OAV tomonidan Yelisey saroyi uchun so‘rovnomalar ishi deb nomlangan ish bo‘yicha taftish boshlangan. Ayblov tomoni fikricha, ushbu ish figurantlari Fransiya prezidenti ma'muriyati uchun ijtimoiy so‘rovnomalarni o‘tkazishga shartnomalarni tuzishda qoidani buzishgan. Sud oldida Yelisey saroyining sobiq bosh kotibi (2007-2011 yillar), Fransiyaning sobiq ichki ishlar vaziri (2011-2012 yillar), Klod Gean va Sarkozi ma'muriyatining sobiq direktori Emmanyuel Minon javob bermoqda.

Sarkozining advokatlari sobiq prezident sud yig‘ilishlariga kelmasligini, chunki ko‘rilayotgan ish u prezident sifatida daxlsizlikka ega bo‘lgan davrga taalluqli ekanini aytishgan.

Biroq sudning qaroricha, “ushbu guvoh, ya'ni Sarkozi 2 noyabrda so‘roq qilinish uchun sud yig‘ilishiga huquq-tartibot idoralari tomonidan keltirilishi shart”.

Sudning fikricha, sobiq prezidentning ko‘rsatmalari “haqiqatni o‘rnatish uchun zarur”. Sudning tushuntirishicha, Sarkozi o‘z prezidentligi vaqtida sodir etgan xatti-harakatlari jinoiy ta'qib qilinishidan daxlsizlikka ega. Biroq uning sud jarayonida guvoh sifatida ishtirok etishiga hech qanday taqiqlov yo‘q.

Avvalroq Sarkozi 2012 yilgi saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda aybdor deb topilib, bir yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Nikolya Sarkozi Fransiya prezidenti lavozimini 2007-2012 yillar davomida egallagan.

Mavzuga oid