Istanbuldagi Galata qal'asi – o‘tmishda va bugun (foto)
“Istanbulga amaliyot o‘tash uchun yetib kelib, joylashganimdan so‘ng, birinchi bo‘lib Galata qal'asi joylashgan Beyog‘lu rayoniga bordim”, deya hikoya qiladi Uzbek.life kolumnisti Sabohat Rajabova.
Siz ham o‘z hikoyalaringizni biz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz Telegram’da @uzbeklifebot ga murojaat qiling.
Boy va rang-barang tarixga ega bu qal'a haqida turli va qiziqarli rivoyatlar mavjud.
Galata qal'asi milodiy yilning 507 – 508 yillarida Vizantiya imperatori Yustinianus tomonidan barpo etilgan. Ayni paytda saqlanib qolgan qal'ani 1348 – 1349 yillarda jyenevaliklar qaytadan qurgan. Bugungi kungacha qal'a binosi zilzila va yong‘in tufayli bir necha marta restavratsiya qilingan bo‘lib, oxirgi marta 1967 yilda qaytadan ta'mir qilingan.
Qariyb 15 asr davomida kuzatuv minorasi, urushda asir olingan insonlarni saqlash joyi, zindon, kema uchun kerakli ashyolar saqlangan ombor, yong‘in qal'asi va qahvaxona sifatida xizmat qilgan ushbu minora ayni paytda mehmonlar uchun muzey sifatida ochiq.
Turkiya tarixida ilk parvoz
Hezarfen Ahmed Chelebining ismi Turkiya tarixida ilk parvoz qilgan olim sifatida muhrlanib qolgan. U XVII asrda yashagan bo‘lib, sulton Murod IV hukmronligi davrida (1623 – 1640) faoliyat ko‘rsatgan va o‘z qo‘llari bilan qanot yasagan. Galata qal'asidan parvoz qilganligi va ko‘p sohalarda bilimli bo‘lganligi uchun Hezarfen, ya'ni bir nechta fanning ziyoli bilimdoni, laqabini olgan.
Qushlarning parvozi va qanot qoqishini diqqat bilan kuzatgan, parvoz texnikasini tushunib, qanotlar yasagan Hezarfen avval Istanbuldagi O‘q maydonida bir necha marta uchishga urinib ko‘rgan va bir kuni ertalab Bosfor bo‘yida to‘plangan aholining ko‘z oldida Galata qal'asidan o‘zi yasagan qanotlari yordamida o‘zini bo‘shliqqa qo‘yib yuborib, Bosforni oshib, Uskyudargacha parvoz qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu parvoz Yevropada katta qiziqish bilan kutib olinib, Angliyada keyinchalik bu parvoz tasvir qilingan gravyuralar ham paydo bo‘lgan.
Saroyburnidagi Sinan posho saroyidan bu parvozni tomosha qilgan sulton Murod IV esa Hezarfen Ahmed Chelebi faoliyati bilan avvaliga yaqindan qiziqadi. So‘ngra esa bu darajada bilimli va mohir insonning mavjudligidan xavotirlanib, uni Jazoirga surgun qiladi. Hezarfen Ahmed Chelebi u yerda vafot etadi. Unga oid yagona tarixiy manba mashhur Usmonli sayyohi va tarixchisi Avliyo Chelebining “Sayohatnoma” nomli asarida keltirib o‘tiladi.
Galata qal'asi afsonasi
Galata qal'asi afsonalaridan biri quyidagicha. Galata qal'asi va Qiz qal'asi bir-biriga oshiq bo‘ladi, ammo ularning orasidagi Istanbul bo‘g‘ozi, ya'ni Bosfor ikki sevgilining birgalikda bo‘lishlariga to‘sqinlik qiladi. Galata qal'asi uzoq yillar mobaynida Qiz qal'asiga tuyg‘ularini ko‘rsatish uchun ishq maktublari yozadi. Hezarfen Ahmed Chelebi orzusini ro‘yobga chiqarish uchun qal'aning tepasiga chiqqanida Galata u bilan Qiz qal'asiga yozgan maktublarini berib yuboradi. Istanbulning shamolidan kuch olgan Hezarfen Qiz qal'asiga maktublarni yetkazganida, Qiz qal'asi o‘z platonik sevgisining javobsiz emasligini ko‘rib, xursandligidan boshi ko‘kka yetadi. Bu ikki oshiqning sevgisi bir necha asrlardan beri tilga olinib, ayni paytda bu ikki qal'a Istanbulning eng go‘zal manzarasining sababchisi bo‘lib turibdi.
Sabohat Rajabova
Uzbek.life kolumnisti
Mavzuga oid
17:38 / 24.12.2024
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
18:39 / 14.12.2024