Jamiyat | 13:46 / 31.10.2021
28025
7 daqiqa o‘qiladi

Kir yuvish mashinasidagi yoqimsiz hiddan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Mashinada mog‘or paydo bo‘lganida undan yoqimsiz hid keladi. Undan xalos bo‘lishni santexniksiz ham uddalasa bo‘ladi.

Yoqimsiz hidning sababi nimada?

Bunday hidning sababi mog‘or ekani yuqorida aytib o‘tildi. Bu kirlar old tarafdan solinadigan mashinalarga xos. Kirlar vertikal yuklanadigan mashinalarga bir sikl uchun suv kamroq sarflanadi. Avtomat kir yuvish kukunini yo‘riqnomada aytilgan miqdorda solsangiz, bari ko‘ngildagidek kechadi. Biroq kukunni ko‘proq solsangiz yoki qo‘lda yuvish uchun mo‘ljallangan kukundan foydalansangiz, ko‘p ko‘pik hosil bo‘ladi. Mashina esa uni to‘liq chayib tashlolmaydi. Natijada baraban va eshik atrofidagi rezinada ko‘pik qoldiqlari qolib ketadi. Unga esa kiyimlardagi chang va kirlar yopishadi. Iliq va nam muhitda bu aralashma bakteriya va zamburug‘lar ko‘payadigan joyga aylanadi.

Yoqimsiz hidning yana bir sababi – suvni to‘kish shlangi yoki kanalizatsiya trubasida turli chiqindilar tiqilib qolishi mumkin. U kir suv oqib ketishiga xalaqit qiladi va suv kir yuvish mashinasida qoladi. Namlik mog‘or ko‘payishiga hissa qo‘shadi.

Kir yuvish mashinasidagi hidni qanday yo‘qotish mumkin?

Agar mog‘or hidi kiyimlaringizga o‘tishini istamasangiz, texnikani tozalang. Bu juda oson.

1-qadam: Kir kiyim va kukunsiz servis yuvishni amalga oshiring

40 daraja haroratda kir yuvsangiz, mog‘or va bakteriyalar o‘lmaydi. Shuning uchun bir oyda bir marta kir kiyimlar va kukunsiz servis kir yuvishni amalga oshiring. Mashinadan foydalanish yo‘riqnomasini o‘qing. Ishlab chiqaruvchi bunday servis yuvishda qanday sikldan foydalanish haqida yozgan bo‘lishi mumkin. Agar yozilmagan bo‘lsa, maksimal haroratdagi eng uzoq rejimda yuving. Ana shunda baraban va suvni oqizib yuborish shlangini tozalab olasiz. Kimyoviy vosita o‘rniga uyda bor narsalardan ham foydalanish mumkin:

  • Soda va sirka. Yarim stakan suvga shuncha miqdorda soda solib, aralashtiring. Hosil bo‘lgan eritmani yuvish vositasi uchun mo‘ljallangan joyga quying. Mashina barabaniga esa 2 stakan sirka quying.
  • Limon kislotasi. Bir stakan granulali kislotani mashina barabaniga seping. Servis kir yuvish jarayonidan keyin kislota qoldiqlarini yuvib tashlash uchun chayish rejimini yoqing.
  • Oqartiruvchi vosita. Kukun solish joyiga 60 ml dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda suyuqlik quying. Yuvish vositalarini qo‘shmang, bu mashinani ishdan chiqarishi mumkin. Servis kir yuvish jarayonidan keyin barabandan oqartiruvchi vosita hidi keladi. Jarayonni hech qanday vosita solmagan holda yana bir marta takrorlang.

2-qadam: Rezinali manjyetni arting

Suv, yuvish vositasi, kiyimlardagi tuklar manjyetda qolib ketadi. 1:1 proporsiyada iste'mol sodasi va suvni aralashtiring. Qo‘lingizga qo‘lqop taqib, eritmada matoni ho‘llang va rezinani yaxshilab arting. Qo‘l yetishi qiyin bo‘lgan joylarni artish uchun rezinani barabandan ozgina torting. Yaxshilab artilgandan keyin ham rezinada dog‘lar ko‘rinsa, bu mog‘or bo‘lishi mumkin. Manjyetni almashtirish haqida o‘ylab ko‘ring.

Foto: ReaLiia/Shutterstock

3-qadam: Yuvish vositalari uchun mo‘ljallangan joyni yuving

Kir yuvish vositasi solinadigan qutichani chiqarib oling va ko‘pikli suvga solib qo‘ying. So‘ngra uni nam mato bilan arting. Agar mog‘or yoki kukun qoldiqlari qolib ketsa, unga yuvish vositasi, masalan, oqartiruvchi vositani quying va eski tish yuvish cho‘tkasida ishqalang. Keyin esa qutichani suv bilan yaxshilab yuving.

Foto: Nadezhda Mikhalitskaia / Shutterstock

Quticha turadigan korpusni ham tozalashni unutmang. Uning yuqorisida suv yetkazib beruvchi teshiklar bor. Ayrim hollarda ular mog‘or bilan to‘lgan bo‘ladi. Mog‘orni cho‘tka yordamida olib tashlang.

4-qadam: Suvni chiqarish nasos filtrini tozalang

Mashinani rozetkadan uzib, filtrni toping. Ushbu detal old tarafda pastki qismda joylashgan va kichik qopqoq bilan berkitilgan. O‘sha qopqoqni ochib, mashina ostiga mato qo‘ying. Endi esa filtrni burashingiz mumkin. U turgan teshikdan suv oqib ketadi. Suv oqib ketgach, detalni suv bilan tozalang. Unda soch tolalari va iplar bo‘lishi mumkin. Ushbu tozalash jarayonini bir oyda bir marta o‘tkazish kerak.

Foto: Elena Loginova / Shutterstock

5-qadam: Tiqilish holatlarini bartaraf qiling

Agar avvalgi qadamlar yordam bermagan bo‘lsa, shlangni tekshiring. Servis kir yuvish jarayonidan keyin ham unda tiqilib qolish holatlari kuzatiladi. Masalan, bu soch tolalari bo‘lishi mumkin.

Shlangni kir yuvish mashinasidan uzib, chelakka soling, u yerdan suv oqib ketadi. Detalning boshqa tomonini quvurdan uzing. Shlangni kranga ulab, suvni oching. Suv chiqindini tashqariga chiqarib yuboradi.

Agar shlangni tozalash ham yordam bermasa va quvurda tiqilish bo‘lsa, santexnikni chaqiring.

Mashinada hid yana paydo bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

Agar mashinani tez-tez tozalab turishni istamasangiz, hidlanishning oldini olishga harakat qiling. Buni bir necha usul yordamida amalga oshirish mumkin.

Kir yuvish kukunini to‘g‘ri tanlang

Yana bir marta takrorlaymiz: kirlar old qismdan solinadigan mashinalar ko‘pik ko‘p bo‘lishini ko‘tara olmaydi. Avtomat yuvish uchun mo‘ljallangan kukunni xarid qiling va yo‘riqnomasini o‘qing. Ishlab chiqaruvchilar odatda bir sikl uchun qancha kukun solish kerakligini yozgan bo‘ladi.

Barabanni quruq holda saqlang

Eshigi yopiq va nam mashina – bakteriyalar ko‘payishi uchun qulay muhit. Shuning uchun kirlarni yuvib bo‘lgach, kiyimlarni mashina ichidan oling. Baraban va kukun solish joyini ochiq holda saqlang. Ana shunda texnika tezroq quriydi. Imkoni bo‘lsa, xonaga ventilyator yoki havo quritgich qo‘ying.

Rezinali manjyetni muntazam artib turing

To‘g‘ri tanlangan kukun ham rezinada turli qoldiqlar to‘planmasligiga kafolat bermaydi, ular tufayli esa mog‘or paydo bo‘ladi. Shuning uchun har bir yuvish jarayonidan keyin manjyet burmalarida yig‘ilgan chiqindini olib tashlab, uni quruq mato bilan artish kerak. Bir oyda bir marta soda va suvli eritmadan foydalanish mumkin.

Layfxaker saytidan tarjima qilindi.

Mavzuga oid