Jamiyat | 19:52 / 19.12.2021
14569
6 daqiqa o‘qiladi

Ish borasidagi xavotirni yengishning 5 usuli

Hislaringizni ijobiy tomonga yo‘naltiring, kayfiyat o‘zgarishi holatlarini kuzating va kichik yutuqlarni yodda saqlang.

Foto: Getty Images

Soat kunduzgi to‘rt bo‘ldi, bajarishingiz kerak bo‘lgan ishlar esa millionta. Kechgacha bariga ulgura olmasligingizni bilasiz. Har bir ishni o‘z vaqtida bajarish haqida o‘ylab, asabiylashasiz. Uyga kelgach esa ishdagi vazifa va suhbatlar haqida o‘ylashda davom etasiz. Natijada miriqib dam ololmaysiz.

Agar shu kabi hislar sizga tanish bo‘lsa, bilingki, yolg‘iz emassiz. Ish tufayli yuzaga kelgan xavotir – keng tarqalgan holat. AQSh xavotir va depressiyaga qarshi kurash assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 56 foiz kishilar ish bilan bog‘liq xavotirlardan aziyat chekadi.

Doimiy tashvishda yashash mehnat va unumdorlik sifati aziyat chekishiga olib keladi. Salomatlik to‘g‘risida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Xavotirni yengishda yordam beradigan besh usul quyidagilardan iborat:

1. O‘zingizni tinchlanishga majburlamang

Chuqur nafas olish va sukunatda o‘tirishga shoshilmang. Harvard biznes maktabi xodimi Elison Vud Bruks fikriga ko‘ra, bunday yondashuv yordam bermaydi. Tinchlanishga urinish o‘rniga u hayajonni ilhomga aylantirishni tavsiya qiladi.

O‘z holatingizni tan oling. Masalan, asabiy zo‘riqish va xavotirdan titrayapsiz. Ularga qarshi kurashish uchun ortiqcha vaqt sarflamang va ishga kirishing. Kuchingizni ijobiy tomonga yo‘naltirishga intiling va undan vazifalarni bajarish va maqsadga erishish yo‘lida foydalaning.

2. Bir vaqtning o‘zida bir necha vazifa bajarishni bas qiling

Bir necha vazifani bajarish kerak bo‘lganida qaror qabul qilishdan charchash tabiiy holat. Bir nechta vazifa orasidan bittasini tanlash va dastlab qaysi ishni bajarish kerakligini hal qilish zarur. Kun davomida odatda zo‘riqish kuchayadi, u bilan birga esa xavotir ham ortadi.

Ana shu holat oldini olish uchun ko‘p vazifani bajarish rejimida ishlamang. Chunki mazkur vaziyatda finish chizig‘i – ish bajarilgan vaqtni sezmay qolamiz. Bu his esa samaradorlik uchun juda muhim: aynan shunday fursatlar biror nimaga erishganlik hissini beradi.

Bir necha ishga chalg‘ib, birortasini bajarmagandan ko‘ra, yagona bir ishni bajarish yaxshi ekanini o‘zingizga eslatib turing. Bir vaqtning ichida bir necha vazifani bajarmoqchi ekaningizni payqasangiz, asabiylashmang va diqqatni faqat bitta ishga qarating.

Agar ularning barchasi muhim bo‘lsa, ulardan istalgan bittasini tanlang va ular haqida o‘ylash uchun qo‘shimcha vaqt sarflamang. Ana shu vazifani kichik qadamlarga bo‘ling va ularni birin-ketin bajaring.

3. Samaradorlik o‘zgarishi holatlarini kuzating

Olimlar ma’lumotlariga ko‘ra, diqqatni jamlash qobiliyatidagi o‘zgarishlar xavotir yuzaga kelishi haqida signal hisoblanadi. Masalan, bir necha ishga urinib ko‘rasiz, chalg‘ish uchun bahona topasiz, vaqtni behuda sarflaysiz.

Ana shu belgilarni kuzating. Natijada xavotir to‘g‘risida xabar beruvchi shaxsiy tizimga ega bo‘lasiz.

Biror vazifani bajaring va u sizda qanday his uyg‘otishini yozing. Buning uchun alohida hujjat yuriting. U yerda qaydlar yozib boring. Kayfiyat va diqqat o‘zgarishi holatlarini qayd etib boring.

Biroz vaqt o‘tgach, aynan nima sizda xavotir uyg‘otishini anglay boshlaysiz. Bu muayyan vazifa, mijoz yoki juda qat’iy dedlaynlar bo‘lishi mumkin. Sababini bilgach, ish jarayonini tashkillashtirish osonroq bo‘ladi.

4. Internetni vaqtinchalik o‘chirib qo‘ying

Ko‘pchilik bugungi kunda doimiy ravishda internetga kirish zaruriyatini his qiladi. Hatto yangi “nomofobiya” degan tushuncha ham paydo bo‘ldi. U mobil telefonsiz yoki undan uzoqda bo‘lishdan qo‘rqish hissini anglatadi. Biroq bunday bog‘liqlik ko‘pincha ish unumiga ta’sir ko‘rsatadi: telefonni tez-tez ko‘zdan kechirish, chalg‘ish yoki xabarlarga javob berish hissi paydo bo‘ladi. Natijada kamroq ish bajaramiz, ko‘proq xavotirlanamiz.

Kun davomida bir necha soatni internetsiz o‘tkazishga harakat qiling. Barcha zaruriy axborotni to‘plang, keyin esa aviarejimni yoqing. Ana shunda xabarlar va eslatmalar sizni chalg‘itmaydi.

5. O‘zgalarning fikr-mulohazalarini so‘rang

Xavotir o‘z vazifalarimizni qay darajada yaxshi yoki yomon bajarayotganimizni bilmaganimizda ham paydo bo‘ladi. Bu masofadan turib ishlaydiganlar yoki mutaxassisligidan kelib chiqib, o‘zi ishining natijasini ko‘ra olmaydiganlar uchun ayniqsa dolzarb. Har qanday holatda ham o‘zgalardan ishingiz to‘g‘risidagi fikrlarini so‘rashga uyalmang.

Psixolog Keri Kuperning fikriga ko‘ra, aniq kutilmalar va o‘zgalarning fikrini bilish – xavotirni kamaytirish kaliti. Ko‘pchilik uchun mijoz yoki rahbarning fikrini so‘rash noqulay, biroq bu zarur. Ishga oid detallarni muhokama qilish, haqiqatan ham oldinga qarab harakatlanayotganingizni bilish uchun muntazam uchrashuv va videoqo‘ng‘iroqlar haqida kelishishga harakat qiling.

Layfxaker saytidan olindi.

Mavzuga oid