O‘zbekiston | 12:09 / 21.12.2021
12006
3 daqiqa o‘qiladi

«Taqiq emas, taklif bo‘lishi kerak» - Toshqulov OTMdagi forma masalasi haqida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ta’lim muassasalarida talabalar, jumladan, qizlarning forma erkinligiga munosabati haqidagi savolga javob berib, qizlarning kiyinishi borasida ularga avvalo taqiq emas, taklif berilishi kerakligini ta’kidladi.

Toshkent yoshlar forumida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarda talabalarning forma erkinligiga munosabati haqidagi savolga o‘z munosabatini bildirdi.

«Surxondaryoda rektor bo‘lib ishlagan davrimda birinchilardan bo‘lib forma bo‘yicha talablarni bekor qilgandim. Ko‘p davlatlarda o‘qidik, malaka oshirdik. Va tushundikki, biz ko‘p yillar ta’limning, o‘qitishning sifatini emas, shakliy ko‘rinishni muhim deb bildik.

Biz bu borada (endi) cheklov qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Oliy ta’lim muassasalarining maktablardan farqi bor. Ular akadem, moliyaviy mustaqil, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan ta’lim maskanlari sanaladi.

Ular talabalarni o‘zlari mustaqil ishlab chiqaradilar. Albatta, bunda ularning o‘z dress-kodlari borligini ham inobatga olish kerak. Ammo biz talabalar kiyadigan doimiy protokol kiyim bo‘lmasligini ta’minlab beramiz. Ya’ni talaba ixtiyoriy kiyinadi. Ammo me’yordan oshmagan holda.

Endi qiz bolalar masalasi. Oliy ta’lim vazirligi va shaxsan o‘z pozitsiyamni aytadigan bo‘lsam, forma bo‘yicha cheklov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz. Hozir shunday bo‘lyapti, o‘g‘il bolalarda muammo yo‘q.

Qiz bolalarning kiyinishi borasida esa mening taklifim – biz ularga taqiqlash nuqtayi nazaridan emas, avvalo taklif berishimiz kerak. Ya’ni Oliy ta’lim muassasasida kiyinish qanday bo‘lish kerak deganda, faqat ro‘mol bog‘lamagan qizlar varianti emas, ro‘mol bog‘lash variantlari ham berilishi kerak. Rangi qanday va hokazo», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshqulov yaqinda qizlar formasi bo‘yicha ba’zi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgan voqealarni eshitgani va bu unga ma’qul emasligini aytib o‘tdi.

«Buning uchun ular tushuntirish beradi. Qanday qilib yuz tekshiruv (face control) qizlarni yaxshi tanimagani uchun ular qaytadan tekshiruvdan o‘tib kelgani haqida menga ma’lumot kelib tushdi.

Mayli, shunday bo‘lgan taqdirda ham biz taklif berishimiz kerak. Buning dress-kodga kiritilishini so‘raymiz. Taqiqlash degan narsa bo‘lmaydi. Faqat universitetning xususiyati va bizning dunyoviy davlat ekanimizdan kelib chiqib, universitet takliflariga amal qilish kerak bo‘ladi.

Shu yil oxirigacha siz bu borada bizning chiqishimiz, xulosalarimiz va yakuniy chiqishlarimizga guvoh bo‘lasiz», dedi vazir.

Mavzuga oid