O‘zbekiston | 07:53 / 01.02.2022
17795
2 daqiqa o‘qiladi

Qiziriq tumaniga yangi hokim tayinlandi

Surxondaryo viloyati Denov tumanining sobiq hokimi Qiziriq tumani rahbarligiga o‘tdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Qiziriq tumani kengashining navbatdan tashqari qirq to‘rtinchi sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sessiya ishida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etdi. Unda tumanning barcha sohalardagi ko‘rsatkichlari yaxshi emasligi, aholiga qulay sharoitlar yaratish borasida yetarli darajada ish olib borilmayotgani hamda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Ilhom Yusupov tuman hokimi vazifasidan ozod qilindi. Denov tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Rustam Pardayev Qiziriq tumani hokimi etib tasdiqlandi.

R. Pardayev 1979 yil 7 aprelda Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2006 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - iqtisodchi. 

Mehnat faoliyati davomida AT “Mikrokreditbank” Jarqo‘rg‘on filiali boshqaruvchisi va viloyat filiali, viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi, investitsiyalar bosh boshqarmasi, investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2020 yildan to shu kungacha Denov tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Ma’lumot uchun, Ilhom Yusupov 2020 yilning 11 iyul kunidan Qiziriq tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Avvalroq, Denov tumani hokimi lavozimiga bosh vazir tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelgan Abdumalik Allamurodov tayinlangandi.

Mavzuga oid