O‘zbekiston | 18:46 / 05.02.2022
27931
20 daqiqa o‘qiladi

Hokim nega fermerning klaster tanlashiga qarshi?

Ulug‘nor tumani hokimi Muhammadislomiddin Ahmadjonov nafaqat klaster va fermer o‘rtasidagi shartnomaga hokim imzo chekmasligi haqida tushunchaga ega emas, balki hududdagi 80ta fermer xo‘jaligi o‘zlari uchun manfaatli bo‘lgan klaster bilan shartnoma tuzib bo‘lganidan ham bexabar.

Andijon viloyatining nisbatan cho‘llashgan hududi bo‘lgan Ulug‘nor tumani fermerlari tuman hokimi bilan yuzaga kelgan nizodan norozi bo‘lmoqdalar.

Ulug‘nor tumani yerlarida 204 ta fermer xo‘jaligi faoliyat olib boradi. Klaster tizimi joriy qilinganidan buyon tumandagi fermerlar “Vodiy sanoat faxri” MChJ klasteri bilan shartnoma asosida ishlashmoqda.

Tuman fermerlarining bir guruhi “Vodiy sanoat faxri” klasteri bilan ishlab manfaat topishmayotgani, uch yildan buyon klasterdan o‘z pullarini vaqtida ololmayotgani sabab viloyat hududida faoliyat yuritayotgan boshqa klaster bilan shartnoma tuzganliklari, biroq bu harakatlari tufayli hokimning qarshiligiga duch kelishgani haqida murojaat qilishdi.

Bundan tashqari, katta maydondagi hosildor yerlar klaster tasarrufiga o‘tgach qarovsiz qolib, ayanchli holga kelgani aytilmoqda.

Kun.uz fermerlarning tumanda faoliyat yuritayotgan klaster bilan emas, balki boshqa klaster bilan shartnoma imzolashiga hokimlik nega qarshi bo‘layotgani sabablarini o‘rgandi. Muammo yuzasidan fermerlar, tuman hokimi va viloyat qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

“Hokimdan xafamiz!” – ulug‘norlik fermerlar

Tumandagi “Qirqqiz” fermer xo‘jaligi rahbari, 30 yillik tajribaga ega dehqon Sharofatxon Yapiyeva avvalgi klaster fermerlarning haqini vaqtida bermaganini aytadi.

“Klasterlik harakati boshlanganidan beri tumanimizdagi barcha fermerlar “Vodiy sanoat faxri” klasteri bilan shartnoma tuzib ishlab, klasterdan faqat chigit oldik, xolos. Uni ham 13 ming so‘mdan olib fermerlarga 19 mingdan o‘tkazdi. Klasterdan o‘z haqimizni olishimiz katta muammoga aylangan. Yalinib, yolvorib olamiz. Kreditni bankdan olamiz, kimyoviy o‘g‘itlarni “Qishloqxo‘jalikkimyo” yetkazib beradi, solyarkani neft tashkiloti yetkazib beryapti. Klaster rahbari yoki xodimlari fermerning oldiga kelib, “Nima muammolaringiz bor?” degan emas.

O‘zimiz uchun manfaatli klaster izlab, Xo‘jaobod tumanidagi “Fayz M”ga bordik. Rahbari yo‘q ekan. Xodimlariga “Agar sizlar bilan shartnoma tuzsak, qanday qulayliklar bor?” deya savol berdik. Ular yoqilg‘iga, kimyoviy o‘g‘itga, bergan pulimizga ustama qo‘ymasligini aytdi. Bu biz fermerlar uchun zo‘r sharoit axir. Klasterlar o‘rtasida raqobat boshlanadigan payt keldi axir!

Ishonasizmi, fermerlarimiz yangi yil kuni bayram uchun klasterga borib, 1 million so‘m pul so‘rab, ololmay yig‘lagan kunlari bo‘ldi. Shuning uchun iloji yo‘qligidan “Fayz M”ga bordik. Ular shu kunning o‘zida biz bilan shartnoma tuzib, 81 ta fermer ichidagi mablag‘ keragiga mablag‘, texnikasizlarga texnika olib berdi. Xo‘jaoboddan texnika yetib kelib, yerlarimizni shudgor qilishni boshladi. Nimaiki so‘rasak berishdi. Terim payti fermerlarimiz tirkama (pritsep) yo‘qligidan qiynalgandi, olib berishdi. Men o‘zim bitta traktor so‘ragandim, olib berishdi.

Men yuridik shaxs sifatida mana shunday klaster bilan shartnoma tuzaman. Afsuski, bizga rahbariyat tomonidan tazyiqlar bo‘lyapti. Mutasaddilar: “Faqat “Vodiy sanoat faxri” bilan shartnoma tuzasan!” deyishyapti. Rahbarlar bu klasterning 54 milliard so‘m qarzi borligini yaxshi biladi. Men viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan xafa bo‘ldim. Hokimimiz bizning qanday sharoitda ishlashimizni yaxshi biladi. Tumanimizga ko‘p marta kelgan. Ko‘kragimga “Shuhrat” medalini ham taqib qo‘ygan. Bizning “Vodiy sanoat faxri” bilan ishlab, qiynalayotganimizni bilmaydimi?

Nega fermerlar rivojlanmoqchi bo‘lsa, bunga qarshilik qilishadi? Tuman hokimi Muhammadislomiddin Ahmadjonov: “Tumanda bitta klaster bo‘ladi. Shartnomani o‘sha bilan qilasizlar. Siz bilan opa-uka bo‘lib ishlaylik”, dedi. Men esa “U klaster bilan shartnoma qilishni xohlamayman”, dedim. Ranjiganimning boisi, hokim fermerlarni yakka qabul qilib, zalga yig‘ib, majburan shartnoma qildiryapti.

Viloyat hokimining oldiga borganimizda qabul qilmagach, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga bordik. U yerda bizga sizlarning yeringizni olishga, falon klaster bilan shartnoma qilasan deyishga hech kimning haqqi yo‘q deyishdi”, – deydi fermer Sharofat Yapiyeva.

Biz “G‘ofurovlar yeri” va “Otajonovlar serhosil dalasi” fermer xo‘jaliklari dalalarida ham bo‘lib, ularni qiynayotgan muammolarni tingladik.

“Cho‘l hududida dehqonchilik qilish mashaqqatli. Biz qilgan mehnatimizga yarasha haq olishimiz kerak. “Vodiy sanoat faxri” klasteri ishonchimizni oqlamadi. Bildikki, mazkur klaster bilan ishlasak, kelajagimiz yo‘q ekan. Yangilik yo‘q. Haqlarimizni vaqtida ololmayapmiz. Juda ko‘p ekin yerlari qarovsiz qolib ketyapti. Ko‘rib achinib ketyapman.

Men Xo‘jaobod tumanidagi klaster bilan tanishib keldim va ular bilan shartnoma qildim. Tumanimiz hokimi esa qarshilik qilib, faqat tumandagi klaster bilan ishlashga undayapti”, – deydi “G‘ofurovlar yeri” fermer xo‘jaligi rahbari Odinaxon Hamroqulova.

“Otajonovlar serhosil dalasi” rahbari Farog‘atxon Otajonova ham o‘z fikrlarini bildirdi.

“60 gektar hosildor yerim bor edi. Klasterga o‘tgach, yarmi qarovsiz bo‘lib ketdi. O‘tgan yilgi paxta pulimni “Vodiy sanoat faxri” klasteridan undira olmay, oxiri Prezident qabulxonasiga yozib yurib olganman. Hozir boshqa tumandagi “Fayz M” klasteri bilan shartnoma tuzdik. Kamchiliklar yo‘q”, – deydi u.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 noyarda qabul qilingan 14-sonli farmoniga ko‘ra, bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat beriladi.

Ulug‘nor tumani hokimi Muhammadislomiddin Ahmadjonov masalaga quyidagicha izoh berdi.

“Ulug‘nor tumanida 204 ta paxta-g‘alla fermer xo‘jaliklari o‘tgan 2021 yilda 8,5 ming gektar yerga paxta ekib, 23 ming tonna paxta hosili yetishtirdi. Tumanda “Vodiy sanoat faxri” MChJ klasteri faoliyat yuritadi. Tumandagi fermer xo‘jaliklariga yoqilg‘i, ish haqi resurslarini, terim pullarini, agrotexnika, kimyoviy o‘g‘it masalalarini hal qiladi. Shu bilan birga, “Vodiy sanoat faxri”ning paxta zavodlari va paxta qabul qilish punktlari, yoqilg‘i yetkazib beruvchi shoxobchalari mavjud. Klaster shu tumanda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va soliq to‘lovchi sifatida faoliyat yuritib keladi. Klasterning ming ish o‘ringa ega “Soft tex” fabrikasida ayollarimiz ishlayapti. Bundan tashqari, Navro‘z bayrami arafasida klaster Mingbuloq qishlog‘ida viloyatimiz hokimi tashabbuslari amalga oshirilayotgan ming ish o‘rniga ega loyihasini ishga tushiradi.

Murojaatga keladigan bo‘lsak , fermerlar “Vodiy sanoat faxri” MChJ bilan emas, balki boshqa klaster bilan shartnoma tuzayotgani haqida aytishgan. Aynan murojaat bilan sizga ikki yoki uchta fermer chiqqan. Iminov massivi hududidagi “Qirqqiz” fermer xo‘jaligi rahbari Yapiyeva Sharofatxon va yana boshqalar.Tumandagi 204ta fermerdan shu ikkitasi shunday qilyapti.

Haqiqatda, o‘tgan yil oxirida tuman hokimligining xabari bo‘lmasa-da, Xo‘jaobod tumanida faoliyat yurituvchi “Fayz M” MChJ klaster kelib, ikki-uchta ayol fermerlarni yig‘ib, shartnoma qilamiz, deb ulardan pul olgan. To‘lg‘onoy degan fermer bo‘lmagan, yeri yo‘q ayolni ularga brigadir qilib tayinlashgan. Men u paytda bir haftalik o‘qishda edim. Oltita fermer xo‘jaligi ular bilan shartnoma tuzgan ekan.

Qonunchilikda shartnoma tuzish tartiblari bor. Shartnoma sharti bo‘yicha shartnomaning bir tomoniga men qo‘l qo‘yaman, ikkinchi tomonida agropromdan ro‘yxatdan o‘tish kerak. Tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tadi va statistikaga kiritiladi. Shartnoma shartlarini bajarish lozim. Ularning shartnomasiga bir tomoniga Xo‘jaoboddan “Fayz M” kelib pechat bosib ketgan, ikkinchi tomoniga fermer. Ma’lumot uchun aytay, fermerlar ungacha “Vodiy sanoat faxri” MChJ bilan shartnoma tuzib bo‘lgan. Shartnomalar ro‘yxatdan o‘tgan. Hujjat yuridik kuchga ega.

Masalaning ikkinchi tomoniga qarasak, prezidentimizning farmonlariga ko‘ra, fermer klaster bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzish huquqiga ega. Lekin masalaning yana bir tomoni bor. Hozirda shu “Vodiy sanoat faxri” MChJning fermerlar oldidagi qarzdorligi to‘liq bartaraf etildi. To‘g‘ri, haqlar 10 kun yoki 5 kun kech qolib ketishi mumkin. Bu kunlarga “Vodiy sanoat faxri” MChJ vaqtida pul bera olmagan kunlari uchun penya to‘lab beradi.

Endi, mana misol uchun aytay, agar Xo‘jaobod tumanidagi “Fayz M” MChJ kelib tumanimizdagi fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzsa. Dorilangan chigit mahsuloti yetkazib berilganidan keyin, g‘o‘zani ekkandan keyin paxta pishgungacha bo‘lgan vaqt mobaynida, uning o‘zining agrotexnik tadbirlari bor. Bitta chigitni yerga eksa, 115–120 kunda pishadi. Avgustgacha davom etadi bu. Yil davomida har bir fermerga mahsulotni yetishtirish uchun yoqilg‘i, o‘g‘it kerak bo‘ladi. G‘o‘za hasharotiga qarshi kurashish, kamida 6–7 marta kultivatsiya qilish, defolyant dorilarni olish kerak. Agar boshqa tumandagi MChJ bilan fermer o‘rtasida shartnoma tuziladigan bo‘lsa, ertaga paxta pishgandan keyin, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Sababi, “Vodiy sanoat faxri” klasterida barcha qulayliklar bor. Keyin resurs o‘zimizda aylanadi. Tumanimizda yagona “Vodiy sanoat faxri” MChJ klasteri bor. Shunga hukumat qarori qabul qilingan. Prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqan. Haqiqatan ham to‘g‘ri, bundan 1,5–2 yil oldin ozgina “Vodiy sanoat faxri” MChJ fermerlar bilan o‘zaro hisob-kitob qilishda pullarning kechiktirilishi holatlari bo‘ldi. Klasterning hozir ahvoli yaxshi.

Siz “Fayz M”ning ham holatini bir surishtiring. O‘tgan yili fermerlarining hosildorligi qanday bo‘lganini, ayni paytda u bilan nechta xo‘jalik shartnoma tuzganini bir surishtirib ko‘ring. Umuman tuzilmagan. Paxta rejasi ham bajarilmagan.

Men o‘z tumanimizning iqtisodiy rivojlanishini, odamlari farovon yashashini xohlayman va shunga harakat qilaman. Fermerlarimiz qiynalishi va bankrot holatga kelib qolishini xohlamayman. Bundan tashqari, murojaat bilan chiqqan fermerlar avval “Vodiy sanoat faxri” klasteri bilan shartnoma tuzib, ro‘yxatdan o‘tgach, so‘ng “Fayz M” bilan shartnoma tuzyapti.

Bir narsani aytib qo‘yay, “Fayz M” klasteri kelib to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerlarga naqd pul shaklida bo‘nak beryapti, Yangi yil bayramiga yana pul tarqatyapti, bu to‘g‘rimikin? Axir shartnoma imzolanib, davlat ro‘yxatidan, statistikadan o‘tmay turib naqd pul ko‘rinishida pul berishi ham to‘g‘rimikin? Axir haydov uchun, maosh uchun mablag‘ni naqd pulda olgan o‘sha murojaatchi Sharofatxon Yapiyeva va Odinaxon Hamroqulovalar pul bankda aylanmagani uchun soliqdan qochmadimikin?

Tuman hokimligi tomonidan fermerlarning boshqa klaster bilan shartnoma tuzishiga hech kim qarshilik qilgan emas, tazyiq ham o‘tkazmadik. Ularga faqat tavsiya sifatida tushuncha berganmiz. Prezident farmoni bajariladi va bajarilishiga o‘zimiz mas’ulmiz”, – deydi tuman hokimi Muhammadislomiddin Ahmadjonov.

Prezident qarori va mutaxassislar izohi hokim nohaq ekanini ko‘rsatdi

Tuman hokimi bilan suhbatdan so‘ng bizda fermerlarning huquq va majburiyatlari, klaster o‘rtasida tuziladigan shartnomada tuman hokimligining ishtiroki haqida savollar paydo bo‘ldi.

Andijon viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasiga bordik. Boshqarma boshlig‘i va bir paytda viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Rustamjon Ismatullayev vaqti tig‘izligi bois intervyu bera olmasligini aytib, fermerlar respublikada qabul qilingan qonun hujjatlariga asosan ixtiyoriy ravishda klasterlar bilan shartnoma imzolash huquqiga ega ekanini va ularga tazyiq o‘tkazilmasligini ta’kidladi.

Boshqarmaning shartnomalar bo‘limi mas’uli Bahodirjon Mamajonov bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, u ulug‘norlik fermerlardan 80 nafari “Fayz-M” klasteri bilan shartnoma tuzmoqchi ekanidan xabardorligini, biroq shartnomalar hali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bo‘limga yetib kelmaganini bildirdi. 29 fevral holatiga tumanning 81 fermeridan tashqari 124 nafar fermerlari “Vodiy sanoat faxri” bilan shartnoma tuzib bo‘lganini aytdi. Uning bildirishicha, 81 nafar fermer ham boshqa klaster bilan shartnoma tuzishdan oldin “Vodiy sanoat faxri” klasteri bilan shartnoma tuzgan ekan.

Bizga, “Ulug‘norlik Durdonaxon yeri”, “Xosiyatli zamin”, “Mustafo Kamol”, “Otajonovlar serhosil dalasi”, “Ulug‘norlik Mavludaxon yeri” fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham aloqaga chiqib, “Fayz-M” klasteri bilan shartnoma tuzganliklarini bildirishdi.

Tuman hokimining “Faqat uchta fermergina “Fayz M” bilan shartnoma tuzgan xolos” degan gapi noaniq bo‘lib qoldi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi viloyat bo‘limida bo‘lib, kengash huquqshunosi Avazbek Siddiqovdan izoh so‘radik.

“Bugungi kundagi qonun hujjatlariga asosan, fermer va klaster o‘rtasida tuziladigan shartnomaga hech qanday mansabdor shaxslar, jumladan, hokimlar ham ta’sir o‘tkazishi mumkin emas. Shartnoma ikki tomon – klaster va fermer o‘rtasida imzolangach, qonuniy hisoblanadi. Boshqa hech kim, ya’ni uchinchi tomon sifatida bu jarayonda ishtirok etmaydi.

Hozirgi kunda fermerlarning huquqiy savodxonligi past bo‘lgani sabab mana shunday muammoli holatlarga duch kelishmoqda. Ulug‘nor tumanidagi 80 ta fermer bizga ham murojaat qilgan va biz arznomachilarga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 16 noyabrdagi 14-sonli farmonida ko‘rsatilgan huquqlari bo‘yicha tushuntirishlar berdik.

Mazkur hujjatga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari viloyat hududidagi klasterlar bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzish huquqiga ega”, – deydi Avazbek Siddiqov.

“Vodiy sanoat faxri” klasteri rahbari: “Norozi bo‘layotganlar – rejani bajarmagan fermerlar”

Kun.uz muxbiri ayni kunlarda safarda bo‘lib turgan “Vodiy sanoat faxri” klasteri rahbari Iqboljon Abdubannayev bilan Telegram orqali bog‘lanib, mavjud vaziyat bo‘yicha fikrlarini oldi.

“Darhaqiqat, prezidentimizning farmonlariga ko‘ra, fermerlar klasterni tanlash huquqiga ega. Biroq klasterimizda mavjud fabrikalarning quvvatiga yarasha o‘z rejasi ham bor. Ip yigiruv, bo‘yoq sexlarini qilganmiz. Quvvatimiz 15 ming tonna. Rejamiz bo‘yicha bu yil yog‘ ishlab chiqarish zavodimiz ishga tushadi.

Ishlab chiqarish uchun ma’lum tonnadagi paxta hosili bo‘lishi shart. Agar shuncha paxta bo‘lmasa, yetmaganini boshqa joydan olishimizga to‘g‘ri keladi. Fermerlar farmon asosida boshqa klaster bilan shartnoma tuzsa, biz ham boshqa tumanlardagi biz bilan hamkorlikni xohlovchilarni topib, quvvatimiz darajasidagi paxtani topishimiz kerak. Biz o‘zimizdagi fermerlarga moliyalashtirish ishlarini boshlab qo‘yganmiz. Agar mana shu yangi tizimga o‘tiladigan bo‘lsa, ertaroq urinish kerak, ertaroq fermerlar bilan aloqaga chiqib bo‘lajak hosilni hisob-kitob qilish lozim. Iloji bo‘lsa, hokimlikmi kimdir mana shu holatni muvofiqlashtirib borsa bo‘lardi.

Viloyat hokimi ham yig‘ilishlarda aynan mana shu masalani ko‘tardi. Men mazkur masala bo‘yicha u kishiga murojaat qilganim yo‘q. Boshqa tumanlarda ham fermerlar mana shu masalani ko‘tarib chiqishyapti.

Barcha klasterlar, xususan bizning ham kreditimiz bor. Shuning uchun klasterlar bu borada bir-birini tushungan holda ish olib borgani maqsadga muvofiq bo‘ladi”, – deydi Iqboljon Abdubannayev.

Abdubannayevning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda “Vodiy sanoat faxri” klasteri fermerlar oldidagi barcha qarzdorligini to‘lab bo‘lgan.

Fermer – tadbirkor, u erkin bo‘lishi kerak

Paxtani yetishtirish fermerning ishi bo‘lsa, uni qayta ishlash klasterning vazifasi. Pirovardida har ikkisi ham daromad topishi kerak.

Klaster tizimi yangi va u bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Endi fermer mashaqqat bilan beli og‘rib hosil yetishtirgach, qo‘shni tumanlardagi klasterlarning fermerlarga yaratayotgan sharoitlari bilan o‘z hamkorini solishtirib ko‘radi.

Albatta, u moliyaviy barqaror, hosil uchun pulni vaqtida beradigan va paxtadan olinadigan ikkilamchi mahsulotlar – shrot, sheluxalarni fermer bilan baham ko‘radigan klaster bilan shartnoma tuzishni reja qiladi. Buning nomini raqobat deydilar.

Ulug‘nor tuman hokimi klaster va fermer o‘rtasidagi shartnomaga tuman hokimi imzo chekmasligi haqida tushunchaga ega emasligidan tashqari, hududdagi 81 ta fermer xo‘jaligi o‘zlari uchun manfaatli bo‘lgan klaster bilan shartnoma tuzib bo‘lganidan bexabar ekan.

O‘ylaymizki, viloyat hokimi va boshqa mutasaddilar mazkur holatni o‘z nazoratiga oladi.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid